Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Chinozda «Tong yulduzi» porladi (foto)

Chinozda «Tong yulduzi» porladi (foto)

Chinoz tumanidagi «Tong yulduzi» mahalla fuqarolar yig‘ini o‘zgacha qiyofa kasb etdi. «Obod qishloq» dasturi doirasida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bajarildi. Yo‘llar asfaltlandi, yangi turarjoylar va madaniy-maishiy ob’yektlar foydalanishga topshirildi.

Qishloqni obodonlashtirish chog‘ida, bu yerda ko‘proq tojik millatiga mansub fuqarolar yashashi inobatga olinib, o‘zbek va tojik xalqlarining urf-odat hamda an’analarini yaqqol aks ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Eng ko‘rkam binoda o‘zbek — tojik madaniyat markazi joylashtirildi. Bu yerdagi kutubxonada o‘zbek va tojik mumtoz adabiyoti durdonalari bilan bir qatorda, zamondosh yozuvchi hamda shoirlar asarlari jamlangan. O‘quv va anjumanlar zali, tibbiyot xonasi zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

Qishloqdagi 47-umumta’lim maktabi to‘liq qayta ta’mirlandi hamda 180 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. Yangi sport zalida bolalar uchun barcha shart-sharoit mavjud. 8-maktabgacha ta’lim muassasasi esa butunlay yangidan barpo etildi. 60 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu bog‘cha zamonaviy talablarga javob beradi. Har ikki muassasada ham ta’lim-tarbiya o‘zbek va tojik tillarida olib borilyapti.

Mahallada yangi sport maydonchasi qurildi, to‘garaklar faoliyat boshladi, bog‘ va gulzorlar tashkil etildi. 28 ta xonadonda uy to‘ylari bo‘lib o‘tdi. 120 ish o‘rniga mo‘ljallangan «Fafir» to‘qimachilik fabrikasi ochildi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari tuman markazi filiali tashkil etildi.

Hududdagi Tinchlik, Obodlik, Yoshlik ko‘chalariga asfalt yotqizildi. Shu kabi yana qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Sirasini aytganda, tojik ovul, tom ma’noda, tong yulduziga aylandi.

Yangi qiyofa kasb etgan qishloqda tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda o‘zbek hamda tojik tillarida she’ru qo‘shiqlar kuylandi.

Yangi qishloq xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning chin ma’nodagi ramziga aylandi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy ham ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring