Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat mol bozorlarini butun O‘zbekistonda bir kunda o‘tkazishni taklif etdi

Deputat mol bozorlarini butun O‘zbekistonda bir kunda o‘tkazishni taklif etdi

Foto: Xabar.uz

Bugun Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumani xalq deputatlari kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash davomida tuman hokimi Alibek Tursunov hisobot berib o‘tdi.

Tumanda dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham yetarlicha rivojlangan. Deyarli har bir xonadonda ikki-uchtadan qoramol va qo‘y bor.

Prezident tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng vaziyatni o‘rganib chiqdik. Tumanda aholi ehtiyoji uchun har kuni 56 ta qoramol so‘yilar ekan. Biz mana shu jarayonni to‘liq o‘rganib chiqdik. Ochig‘ini aytganda, Bag‘dod tumanida ichki imkoniyatlar evaziga aholini go‘sht, meva-cheva, sabzavot, don va guruch bilan bemalol ta’minlash imkoniyati bor. Yog‘, shakar va kartoshka borasida esa yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin. Shu borada muammo bo‘lmasligi uchun ish olib borilmoqda.

Ayni vaqtda tumanda 326 ta mol va qo‘y bo‘rdoqiga boqilmoqda. Biz chorva bilan shug‘ullanayotgan aholi bilan suhbat olib bordik. Xususan, mol bozorlarida dallollik bilan shug‘ullanadigan 63 nafar fuqaro borligi aniqlandi. Shuningdek, 71 nafar qassob faoliyat olib boradi. Ular bilan uchrashib, aholining talabidan kelib chiqib, me’yor belgilab berdik. Unga ko‘ra, qaysi kuni kimdan qanchaga mol olib, qanchadan sotishigacha belgilab qo‘yganmiz. Shunga ko‘ra, tumanda 6 oyga yetadigan go‘sht zaxirasi mavjudligi aniqlandi. Bag‘dod tumanida chetdan go‘sht olib kelishga yoki muzlatilgan go‘sht sotib olishga ehtiyoj yo‘q. Xalqimiz har doim an’anaviy tarzda qassobxonalarda sotiladigan go‘shtni iste’mol qilishga o‘rgangan.

Tumanda yetishmayotgan mahsulotlarga keladigan bo‘lsak, tadbirkorlar bilan suhbatlashib, 6 oy davomida qancha zaxira kerak bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Yog‘, shakar va kartoshka zaxirasini yaratishda mablag‘ yetishmovchiligi bo‘lsa, kredit taklif qildik. Hozircha tadbirkorlar mablag‘ borasida muammo yo‘qligini bildirishdi. Ular bilan kelishgan holda, ish olib bormoqdamiz.

Olib borilayotgan ishlardan tadbirkor zarar ko‘rmasligi lozim va bu bo‘yicha ham kelishuv mavjud. Agar tadbirkor taqchil mahsulot zaxirasini yaratib, so‘ngra narx tushib ketishi tufayli zarar ko‘radigan bo‘lsa, yo‘qotilgan pulni qoplab berishga kafolat berganmiz, — deya hisobot berdi Alibek Tursunov.

Sesiya davomida deputatlar tomonidan fikrlar bildirildi. Xususan, deputat Maqsudjon Xolmatov butun O‘zbekistondagi mol bozorlarini bir kunda o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekistonda go‘sht narxini tushirishning oson va qulay yo‘li bor. Hozir tadbirkorga borib, mol va qo‘y go‘shtini arzon qil, degan bilan natija bo‘lmaydi. Chunki u mahsulotga pul tikkan va o‘sha pulni chiqarib olishi kerak. Biz qoramol savdosida vositachilikdan voz kechishimiz kerak. Qoramol narxi sun’iy oshib ketishida dallollarning o‘rni katta. Ular dehqondan molni yarim narxiga sotib oladi va qimmatiga sotadi. Shunaqa taassurot paydo bo‘ladiki, butun bozor bir-birini aldash bilan banddek.

Bu muammodan qutulish uchun butun O‘zbekiston bo‘yicha mol bozorlarini bir kunda o‘tkazish kerak. Shunda dallol molni olib, boshqa bozorga olib borib sotishiga chek qo‘yiladi. Natijada dehqon molini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishi mumkin.

Mol narxini belgilashda esa bozorlarga tarozi qo‘yilib, tirik vaznini o‘lchash lozim. Butun dunyoda shu usuldan foydalaniladi. Qoramolning nasli va boshqa jihatlariga qarab, narx belgilash mumkin, — dedi deputat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring