Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Deputat, senator, hokimlar! Lug‘atingizda «kitob do‘koni» degan jumla bormi?..

Deputat, senator, hokimlar! Lug‘atingizda «kitob do‘koni» degan jumla bormi?..

Iste’dodli shoir Jontemir Toshtemirov yangi avlod qalamkashlarining muammolari haqida bong urdi.

«Yosh shoirlar (endi ularni yosh deb bo‘lmaydi, o‘ttizga yetib qolishdi axir) borgan sari sustlashib, onda-sonda ko‘rinadigan, ba’zilari butunlay yozishdan chiqib ketyapti. Negaki hech biriga otasiyu katta bobosidan yetti pushtiga yetarli sarmoya meros qolgan emas! Uy olishi, uylanishi va hokazolar qilishi kerak. Buning uchun itday ishlashga majbur! Uylangach tashvish o‘n barobar ortadi. Hamma muammoni joyiga qo‘yib olgunicha esa, ellikka kirib qo‘ygan bo‘ladi. Keyin yoza olarmidi?! Bizdan besh-o‘n yosh katta shoirlarning uyli-joyli bo‘lib ketganidan keyin durust yozayotganini ko‘ryapsizmi yo?» – deya iztirobli o‘ylari bilan bo‘lishadi u.

Muallif iste’dodli ijodkorlarning maishiy muammolar bilan andarmon bo‘lib qolishi o‘tgan asrning 80-yillaridan keyin boshlanganini qayd etadi.

«Adabiyotshunoslar katta asarlar yozilmayapti, deb qolishsa jazavam qo‘ziydi. Nima sharoit qilib berdingki talab qilyapsan?! Deylik, doston, yaxshi roman, kuchli she’r yaratish uchun kamida oy (roman uchun yil) ketadi. Shu orada hech narsaga chalg‘imay, faqat yaratajak asari haqida o‘ylashi kerak ijodkor. Shunga yetadimi oldi-sotdiga moslashgan aqlingiz?! Yaqinda yosh rassomlar ko‘rgazmasiga bordim. Deyarli o‘zbek yo‘q. Ey, darajasini mashina, mebel, hovlisiga o‘tqazgan falon ming dollarli daraxt bilan o‘lchaydigan boy akalar, qachon biror rassomdan surat sotib oldingiz?! Deputat, senator, hokimlar, lug‘atingizda «kitob do‘koni» degan jumla bormi? Rasmiyatchilikni qo‘ying, vijdonan belingizgacha qabrga kirib turganday to‘g‘risini ayting!» – deya jamiyat ahlini savolga tutadi shoir Jontemir.

Ta’kidlanishicha,  to‘qsoninchi yil gurkirab chiqqan ijodkorlarning o‘zini boshqa sohalarga urib ketishi oqibatida millat yutqazdi. Afsuski, hozir ham yozib turgan yoshlar asta-sekin ijoddan uzoqlashib boryapti.

«Yaratuvchi, ijodiy kuch tark etyapti bu millatni! Iste’molchi, bir ishni takrorlovchi fabrikaga aylanyapti hamma. Yaratuvchisi yo‘q millat – tobelikka mahkum. Shoirlar, rassomlar, haykaltarosh, musiqachi, olimlarsiz millat millatmi?! ...Butunboshli futbol jamoalari milliardlab mablag‘ sarflangani bilan nima qilib beryapti millatga? Ayting, nima?! Saviyangizni ko‘taryaptimi yo?! Ahmoqona tadbir, marafon, tomoshayu konsertlar-chi?...» – deb yozadi yosh shoir.

Qayd etilishicha, bugun millatga ma’rifatli boylar, fahm-farosatli sarmoyadorlar suv bilan havodek zarur.

«Saviyasi baland, yaloq, yaltoq, o‘rtamiyonalardan jirkanib, bo‘ysunmas, qolipga tushmas iste’dodlarni qadrlaydigan kishilar kerak. Yo‘qsa har qirq yilda yo‘qotilgan avlod kelib ketaveradi. Nimaga bokschi yaxshi yashashi uchun she’r yozishi kerak emas-u, shoir umrini o‘zi istamagan sohaga sarflashi kerak?!» – deya jamiyatni uyg‘oqlikka undaydi muallif.

Jontemir Toshtemirov 2020-yilda o‘zbekistonlik yosh shoirlarning «Duel» tanlovida g‘olib chiqqan.

«Jontemirning she’rlari shu paytgacha men bilgan biron bir yosh shoirning she’rlariga o‘xshamaydi. She’riy uquvidan ko‘ra hayotiy uquvi ko‘proq aks etgan bu she’rlarda. U she’rning an’anaviy qoliplariyu timsollarini, ko‘nglimizni zada qilgan «birxilliklar» ini (bilib-bilmay) rad etib ijod qilayotgan shoir» , – deya yosh ijodkorning izlanishlarini yuqori baholagan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring