Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shuhrat Abdurahmonov: «Dori-darmon omborining ham, oziq-ovqat omborining ham kaliti bor»

Shuhrat Abdurahmonov: «Dori-darmon omborining ham, oziq-ovqat omborining ham kaliti bor»

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishi davomida oziq-ovqat zaxirasi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri xabar qildi.

— Viloyatimizda oziq-ovqat xavfsizligini tashkil etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo birorta ham tadbirkorni majburlab, narxini arzon qilasan, deb olib kelmayapmiz.

O‘tkazilgan hisob-kitoblarda aniqlanishicha, bitta tuxumning tannarxi 750 so‘mdan 805 so‘mgacha tusharkan. Ammo ba’zi joylarda 1300 so‘mdan sotildi. Biz tadbirkorga shuncha imkoniyat yaratib bermoqdamiz, nima uchun u mahsulotini asossiz ravishda qimmat sotishi kerak?

Viloyatda tuxum ishlab chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va ichki ehtiyojdan oshib, boshqa hududlarga sotishga ham yetadi. Bizga 20 mingtasini yetkazib beryapti xolos, qolgan 60 mingtasini istagan joyiga sotyapti.

Viloyatda baliq zaxirasini yaratish borasida tegishlicha ish olib borilgan. Natijada hozirda bir kilogramm sazan balig‘ini 20 ming so‘mdan sotishmoqda. Marhamat, ertagayoq Andijon shahridagi istalgan bozordan shu narxda sotib olishingiz mumkin.

Biz odamlarimizga qulay bo‘lishi uchun arzon narxlarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga harakat qilyapmiz. Bu holat bir yoki ikki kun emas, balki may oyigacha davom etadi.

Viloyatda shunday tadbirkorlar borki, bir o‘zi 7 ming tonna parranda go‘shti yetishtiradi. O‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra bir kilogramm parranda go‘shtining tannarxi 14 500 so‘mdan to 15 500 so‘mgacha yetishi aniqlandi. Shundan kelib chiqib bozorda sotilishini 16 000 so‘m etib tayinladik. Andijonning bir kunlik ehtiyoji 18 tonnadan iborat. Hozirda 300 tonna zaxiramiz bor.

Biroz vaqt oldin go‘sht taqchilligini yo‘qotish uchun chetdan kirib keladigan parranda go‘shtiga QQSni olib tashlash taklif etilgan edi. Biz bunga mutlaqo qarshimiz. Chunki import parranda go‘shtiga QQS bekor qilinsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar sinadi. Bunga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Andijon viloyati ichki ehtiyojdan oshiqcha bo‘lgan tovuq go‘shti va tuxumni Toshkentga jo‘natishga tayyor. Kerakli oziq-ovqat mahsulotlari bilan poytaxt ahlini yil davomida ta’minlash imkoniyatiga egamiz.

Andijonda 232 ta oziq-ovqat do‘koni bor. Tadbirkorga tazyiq o‘tkazish niyatimiz yo‘q, ammo ular qimmat narxga tuxum va boshqa mahsulotlarni qayerdan olganini surishtiryapmiz. Soliq boshqarmasi orqali barcha do‘konlar bilan ish olib bordik va kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini birinchi qo‘ldan, yetishtirib beruvchidan olishni muvofiqlashtirdik. Endi narxlar nazorat ostida bo‘ladi. Xalqimizni birinchi darajali oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab qo‘yishimiz kerak.

Andijonda 76 ming gektar yerda g‘alla bor edi, shundan 67,5 ming gektariga takroriy ekin ekdik. Afsuski suv tanqisligi yuzaga kelgani sababli qolgan 8,5 ming gektar yerdan foydalanish imkoni bo‘lmadi.

Viloyatning har bir tumani qaysidir oziq-ovqat mahsulotini yetishtirishga ixtisoslashgan — Qo‘rg‘ontepa tumani kartoshka, Marhamat kungaboqar, Baliqchi pomidor, Ulug‘nor qovun tarvuz, Bo‘ston tumani esa savzi yetishtirishga ixtisoslashgan.

Joriy yilda oziq-ovqat zaxirasi uchun alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, viloyat budjetidan 10 milliard so‘m ajratildi. Bunaqasi birinchi marta bo‘lyapti. Shu vaqtga qadar biror marta budjetdan pul ajratilmagan. Zaxira tashkil etish vaqti kelganda tadbirkorga kredit ajratilar edi va ular oziq-ovqatni g‘amlab qo‘yishardi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan bu yil alohida e’tibor qaratilmoqda.

Viloyat aholisining talabini qondirish uchun 3 ming tonna kartoshka jamg‘arib qo‘yiladi. Hozirda hokimlik tomonidan Qirg‘izistondan 3250 so‘mdan kartoshka olib kelinyapti. Zaxirani saqlash uchun maxsus sovutkichli omborlar shay holatga keltirilgan. Omborlarning elektr energiyasi va xizmat haqi uchun harajat kartoshka narxi ustiga qo‘yiladi va nari borsa 200 so‘m ustamasi bilan savdoga chiqariladi.

Bundan tashqari, xorijdan kartoshka olib keladigan tadbirkorlarga 3,5 milliard so‘m subsidiya berilmoqda. Bu orqali taqchillikning oldini olish ko‘zda tutilgan. Import qilingan kartoshkani omborlarga joylab, kalitini olib qo‘yamiz. Taqchillik yuzaga kelgan taqdirda zaxiradagi mahsulot savdoga chiqariladi.

Pandemiya vaqtida biz birinchilardan bo‘lib, dori-darmon zaxirasini tashkil etib, omborga joylagan edik. Men o‘shanda ham kalitni hammaga ko‘rsatgan edim. Ba’zilar kalit kichkinaligidan hayron qolgandi. Nima, dori-darmon uchun qulf-kalit otning kallasidek bo‘lsinmi?

Piyozga keladigan bo‘lsak, bugungi kunga kelib 165 ming tonna hosil olingan. Aslida rejaga ko‘ra 171 ming tonna piyoz olinishi kerak edi. Ichki imkoniyatlar evaziga viloyatni bemalol ta’minlay olamiz va ehtiyojimizdan ortiqcha 100 ming tonna piyozni boshqa hududlarga yetkazib berishimiz ham mumkin.

Mol va qo‘y go‘shtiga keladigan bo‘lsak, tan olish kerak, Andijonda bu borada yetishmovchilik mavjud. Afsuski biz ichki imkoniyatlar evaziga aholimizni go‘sht bilan ta’minlay olmaymiz va chetdan olib kelishga majburmiz. Chunki yerimiz kam va chorvaga yetarlicha yo‘naltira olmaymiz. Prezidentimizga rahmat, ehtiyojni qoplash uchun Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratib berdi. Hozirgi kunda 36 nafar fermerimiz Qoraqalpog‘istondan yer olib, chorvachilik faoliyatini yuritmoqda. Ular yetishtiradigan go‘sht mahsulotlari esa Andijonga keltiriladi.

Joriy yilda 95 ming tonna go‘sht yetishtirish rejalashtirilgan edi, ammo faqat 76 foiz bajardik. Endi bu masalani qanday hal qilamiz? Faqat yangi loyihalar bilan natijaga erishish mumkin. Shu yilning o‘zida Andijonda bir qator yangi chorvachilik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi kutilyapti. Natijada yana 1000 tonna go‘sht yetishtirish imkoni paydo bo‘ladi. Xususan, 2 milliard so‘mga Qirg‘izistondan chorva olib kelinyapti.

Bugungi kunda Andijondagi bozorlarda bir kilogramm go‘sht 46 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha sotilmoqda va narxni ushlab turish uchun yetarlicha zaxira bor. Agar biror muammo bo‘lsa, hokimlikka murojaat qilishingiz mumkin, biz javob berishga tayyormiz.

Go‘sht yetishtirish uchun 358 nafar fermerga hamma sharoitni yaratib berganmiz. Shunday ekan, biror muammo bo‘lishi mumkin emas. Albatta bu masalada yetishmovchilik bor, ammo uni hal qilish uchun imkoniyatlar ham yetarli.

Hamma narsa hisob-kitob qilingan. Qayerdan nima olishni o‘ylab qo‘yganmiz. Albatta beayb Parvardigor, biror joyda kamchiligimiz bo‘lsa bordir. Ammo aytganlaridek, «illat izlaganga illatdir dunyo». Men har qanday muammoni hal qilish uchun tish-tirnog‘im bilan ishlashga tayyorman.

Shu o‘rinda koronavirus pandemiyasi haqida bir og‘iz aytib o‘tmoqchiman. Xudoga shukr, pandemiya boshlangandan beri biror andijonlik dori-darmon yetishmovchiligidan nolimadi, — deya ta’kidlab o‘tdi Shuhrat Abdurahmonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring