Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Og‘ir turmush mashaqqatlarini yengayotgan «Tengiz»lar...

Og‘ir turmush mashaqqatlarini yengayotgan «Tengiz»lar...

Tengiz obrazi prototopi Manzura Erniyazova.

Bir qadar mahzun, kontrastlarga boy, ammo toshni yorib chiqqan maysadek umidbaxsh «Tengiz» filmini ko‘pchilik tomosha qilgan. Tengiz obrazi prototopi Manzura Erniyazova esa Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahrida yashaydi.

Ko‘p yillar burun baxtsiz hodisa tufayli bir oyoq-qo‘lidan ajralgan Manzura opa inson irodasini cheklab bo‘lmasligi, odamzot o‘z botiniy quvvatini jamlab olsa, o‘z taqdirini, o‘z hayotini o‘zgartirishga qodir ekanini hayotda isbotlab kelayotgan metin ayol. Bir paytlar ishni bir qo‘lda milliy liboslar tikishdan boshlagan Manzura opa Prezident Xalq qabulxonasi ko‘magi bilan bugun o‘z kichik korxonasiga, kiyimlarni kimyoviy tozalash uskunasiga, eng asosiysi o‘zi ishiga va daromad manbaiga ega.

Shu bois ham uning matonati tasvirlangan Tengiz obrazi bugun nafaqat nogironligi bor, balki to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ko‘plab insonlarga-da qo‘shimcha motivatsiya bergani rost. Shu bois Tengiz obrazi hayotning og‘ir mashaqqatlarini yengib o‘tib, davlatimiz yordami bilan katta yo‘lga chiqib olgan, o‘zi uchun barqaror rizq-nasiba manbaini o‘zi bunyod etayotgan Inson timsoliga ham aylangan.

Orolbo‘yining eng olis, chekka ovullarida bo‘lganimizda, abgor turmush mashaqqatlarini yengib o‘tayotgan ko‘plab tengizlarni uchratdik. Ularning qismat yo‘llari chigal-u turfa bo‘lsa-da, manzili birdek yorug‘. Bu insonlarni davlat qo‘lloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish, niyat, so‘z va amal yakdilligi birlashtirib turibdi.

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Orolbo‘yi aholisidan eng ko‘p murojaatlar ish bilan ta’minlash, ijtimoiy nafaqa belgilash, bank kreditlari ajratish masalasidadir. Bu uch masalaning ildizi bitta – barqaror daromad manbaining yo‘qligi. Oqibati esa ma’lum – yo‘qchilik, kambag‘allik.

Shu bois Orolbo‘yida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning o‘zini o‘zi eplab ketishi, doimiy ish o‘rni va rizq-nasiba manbaiga erishishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda.  «Har bir oila tadbirkor» dasturi bo‘yicha 30 ming 848 ta loyihaga 840 milliard 832 million so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Aynan shunday kreditlardan oqilona foydalana olgan inson – bu beruniylik Nigora Qo‘ziboyeva. U ham, taqdir ekan, 9 yil avval turmushdan ajragach, ikki farzandini ulg‘aytirish, ro‘zg‘or tebratish mashaqqatini yelkasiga oldi. Avval uyda tikuvchilik qildi, chevar sifatida tanildi. So‘ng tikuvchilik korxonasi ochish masalasida yordam so‘rab murojaat qildi. Murojaatidan keyin bu ayolga o‘zi yashayotgan Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan bir xona beg‘araz ajratildi, 28,5 million so‘m kredit berildi. Nigora bu pulga tikuv mashinalari sotib olib, shu yil avvalida ish boshladi, 6 nafar xotin-qizni ishli qildi. Mas’ullar hamisha uning faoliyatini o‘rganib, muammolarini hal qilishda yordam berib bordi.

Hozir mo‘’jaz korxonada barcha fasl uchun liboslar tikilmoqda. Bu yerda oddiy ayollar ko‘ylagidan to kurtka-yu paltogacha topish mumkin. Nigora Qo‘ziboyeva ishning ko‘zini bilgani uchun ham bu yil «Yil ayoli» milliy tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida «Eng faol ishbilarmon ayol» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Ishlari yurishib ketgan ayol yaqinda yer ham sotib oldi. Ikki qavatli tikuvchilik korxonasi qurish uchun poydevor tashlatdi.

To‘rtko‘llik 31 yoshli Gulnoza Bekchanova anchadan beri bichish-tikish bilan shug‘ullanardi. Buyurtmalar ko‘paygach, ishini kengaytirmoqchi bo‘ldi-yu, imkon topolmadi. Birgina murojaat Gulnozaxonning nainki muammolarini yechib berdi, balki uni kattaroq maqsadlarga ham undadi.

Yaqinda Gulnozaxonga murojaatidan so‘ng ajratilgan 33 million so‘m kredit evaziga o‘z uyida kichik tikuvchilik sexi tashkil qilib berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 5-6 nafar xotin-qiz shu yerda ishli bo‘ldi, o‘nlab ayollar esa hunar o‘rganmoqda. Ular asosan zamonaviy parda, dasturxon va ko‘ylaklar tikmoqda. Uning aytishicha, olinajak daromad hamma xarajat – maoshu kredit to‘lovi, hatto ro‘zg‘or kamini to‘ldirishga ham bemalol yetmoqda. Bir harakatga o‘n barakat deganlari shu bo‘lsa kerak.

Surxondaryolik eksportyor hunarmand Jumagul Yormatova esa yaqinda Ellikqal’a tumaniga kelib, Xalq qabulxonasi va sektorlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha kattagina loyiha boshlaganiga guvoh bo‘ldik. Bu ayol o‘n yildan beri Surxondaryoda ipak, paxta tolasi, qo‘y va tuya yungidan kalava olib, gilam tayyorlaydi. Ularga ro‘yan ildizi, za’faron urug‘i, piyoz, yong‘oq va anor po‘stloqlari bilan rang beriladi. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan gilamlar asosan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Jumagul opaning korxonasi bir oyda o‘rtacha 300 kvadrat metr gilam tayyorlashga ulgurmoqda, xorijdagi hamkorlar esa oyiga ming kvadrat mahsulot so‘rab turibdi. Shuning uchun ham opa joriy yilning o‘zida Ellikqal’ada kamida 200 ta xotin-qizning o‘z uyida shu ish bilan band bo‘lishini ta’minlashni maqsad qilgan.

Beruniylik 27 yoshli Enajon Matdurdiyeva ayollar uchun bir oz noodatiyroq kasb – temirchilik bilan shug‘ullanib ikki farzandini ulg‘aytirmoqda. U ishni avval temir darvozalarga bo‘yoq sepishdan boshlagan. So‘ng temir kesish-u payvandchilikni ham o‘rgangan. Enajonning murojaatidan so‘ng unga payvandlash uskunasi olib berildi, kredit ajratildi va u yaqinda mana shu bir xonada o‘zining kichik sexini tashkil qildi.

Enajon yonidagi boshqa ustalarning ham darvoza-eshiklarini bo‘yoqlab berib, oyiga 3-4 million so‘m ishlab topadi. Aytishicha, bu mablag‘ unga yetib turibdi. O‘zi yasagan mahsulotlardan kelgan daromadga esa yana temir xomashyosi sotib olib, eshik-darvozalar turini ko‘paytirmoqda. Asosiy maqsadi – shu yo‘nalishda o‘zining katta korxonasini tashkil qilish.

63 yoshli Oygul Abdullayeva esa To‘rtko‘lning «Shodlik» mahallasida yashaydi. O‘tgan yili bu ayolning o‘zi ham ishsiz, doimiy daromad manbaida yo‘q edi. Uning ham murojaatidan so‘ng, uyida issiqxona qilishi uchun sharoit yaratib berildi, yordam ko‘rsatildi, kredit ajratildi. Ayol dastlab 3 sotixcha yerda issiqxona qurib, gul parvarishlashni boshladi. Gullar turiyu sonini ko‘paytirdi. Hozirda mana shu mo‘’jaz issiqxonada 100 turdan ziyod gul barq urib turibdi. Davlatimiz yordami bilan boshlangan  kichik issiqxona bamisoli rizq-barakaning qaynar xumchasiga aylangan: bir tomondan gul pulga aylanaveradi, yana gullar o‘saveradi. Shuning uchun bu yil Oygul opa yana 2,5 sotix yerda issiqxona qurdirdi: hozirda sarimsoq, ukrop, pomidor-bodring va boshqa ko‘katlar ekilgan. Muhimi, ayolning o‘zi ham, kelini-yu qizi ham o‘z uyida ishli bo‘ldi, doimiy rizq-baraka manbaiga erishdi.

Ha, davlat qo‘lloviga tayanch har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Istaymizki, kelgusi yilda ana shunday xayrli ishlar salmog‘i kengayadi, zero, bugun ba’zi hududlarda kredit ololmay yoki murojaati tinglanmay sarson-sargardon bo‘lib yurgan hamyurtlarimiz yuqoridagi tengizlar qatoridan joy oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring