Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«EZIDYOR» mojarosi: ham ayanchli, ham quvonchli voqea

«EZIDYOR» mojarosi: ham ayanchli, ham quvonchli voqea

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining xabar berishicha, «Tashkent City» qurilishi munosabati bilan buzilgan «EZIDYOR» restoranining egasi mana 1 yildirki sarson bo‘lib yurgan ekan. Toshkent shahar hokimligi va’dasining ustida turmay, restoranning o‘rniga berilishi aytilgan «Sayohat» restoranini haligacha tadbirkorga o‘tkazib bermabdi.

Aytgancha, «EZIDYOR» restorani O‘zbekiston-Birlashgan Arab Amirligi qo‘shma korxonasiga qarashli ekan, demakki, bu yerda xorijiy investorning manfaatlari ham bor.

Sudma-sud yurgan tadbirkor axiyri may oyiga kelib zafar quchibdi. Chilonzor tuman Ma’muriy sudining 2019 yil 16 maydagi hal qiluv qaroriga asosan Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkor manfaatida kiritilgan da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilibdi. Bu albatta quvonchli voqea, sud hokimiyati orqali huquqlarni tiklash mumkinligiga yaxshi signal.

Ammo nima uchun masala sudgacha borishi kerak? Nima uchun tadbirkor turli eshiklarda sarson bo‘lib yurishi kerak? Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev nima qilib o‘tiribdi unda? Bino aynan uning hokimligi davrida buzilgan-ku. Va’dani ham o‘zi bergan bo‘lsa kerak.

1 yildan ortiq tadbirkor va uning yuzlab xodimlari ishsiz qolgan! Oilasini qanaqa boqadi bular, deb hech kim o‘ylamaydimi?

Ahamiyatli tomoni sud qarori chiqqaniga 2 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan, lekin uning ijrosi haliyam ta’minlanmagan. Buni palata xabaridan bilib olsa ham bo‘ladi.

Endi o‘zingiz o‘ylang, Toshkentning qoq markazidagi shaxsan Prezident bir necha bora tashrif buyurgan bir necha yuz millionlik qurilish loyihasida tadbirkorlarning, bo‘lib ham xorijlik investorning hissasi qo‘shilgan bino buzib tashlanib, o‘rniga va’da qilingan kompensatsiya 1 yildan buyon berilmayotgan ekan, unda chekka hududlardan nima kutsa bo‘ladi? Hech narsa! Hech qanaqa qonun, hech qanaqa ogohlantirish, hech qanaqa kompensatsiya... No video, no photo.

Tag‘in shahar hokimi jurnalistlarning o‘zini «yomon xabar yozsangiz investor kelmaydi» degan ma’noda ayblab chiqqandi. Ajoyib, shunday emasmi? Buzgan qolib, yozgan aybdor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring