Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada 2 kishi konserva mahsulotidan zaharlandi

Farg‘onada 2 kishi konserva mahsulotidan zaharlandi

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida ikki kishi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga tushdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 3-4-mart kunlari O‘zbekiston tumani Yaypan shaharchasida yashovchi A.Dehqonov tuman markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga, S.Dehqonova Qo‘qon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ovqatdan zaharlanish – «Botulizm» tashxisi bilan yotqizilgan.

Bemorlarning 3 kunlik taomnomasi olib borilgan dastlabki epidemiologik surishtiruv natijalariga ko‘ra, 2019-yil 28-fevral kuni A.Dehqonov xonadonida tushlik bilan birga uy sharoitida tayyorlangan 2 litrli pomidor-bodring konserva mahsulotini 5 nafar oila a’zolari va 4 nafar qarindoshlari iste’mol qilishgan.

2019-yil 3-mart kuni A.Dehqonovda bosh aylanish, ko‘ngli aynish, qayd qilish kabi kasallik belgilari kuzatilgani sababli shu kuni O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar shifokori tomonidan «Botulizm bulbar paralich formasi» tashxisi qo‘yilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

S.Dehqonova bosh aylanishi, ko‘ziga buyumlarning juft ko‘rinishi, holsizlanish kasallik belgilari bilan 5 mart kuni o‘rta og‘ir holatida Qo‘qon shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Shifoxonada S.Dehqonovaga ham «Botulizm bulbar paralich formasi» tashxisi qo‘yilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorlardan me’da yuvindisi, axlat, siydik va qon namunalari olinib laboratoriya tahlillari uchun Farg‘ona viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bakteriologiya laboratoriyasiga topshirilgan. Shifoxonada bemorlarga «Botulizm»ga qarshi zardoblarining A,V va Ye turlari yuborilgan, hozirgi kunda tegishli davolash muolajalari olib borilmoqda.

O‘zbekiston tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan ovqatdan zaharlanish qayd etilgan xonadonda o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv jarayonida iste’mol qilingan konserva mahsuloti qoldig‘i va ochilmagan 2 dona 2 litrli shisha idishdagi pomidor-bodring konservasi aniqlangan, laboratoriya tahlillari uchun namunalar olingan. Qolgan 1 dona ochilmagan pomidor-bodring konservasi to‘kib tashlash yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Oila a’zolari ko‘rikdan o‘tkazilganda ularda zaharlanish xos kasallik belgilari kuzatilmagan.

O‘zbekiston tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan Yaypan shaharchasida tegishli profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xonadonlarda aniqlangan 187 dona jami 374 litr uy sharoitda tayyorlangan turli konserva mahsulotlari iste’mol ta’qiqlanib, to‘kib tashlash yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Sodir bo‘lgan holat Farg‘ona viloyat DSENM tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, laboratoriya tekshiruv natijalari va bemorlarga qo‘yilgan yakuniy tashxis asosida yakuniy ma’lumot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-fevral kuni Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi R.S.(ismli ayol)ning uyida uy sharoitida tayyorlangan pomidor va bodring mahsulotlaridan tayyorlangan salatni iste’mol qilish natijasida oilaviy zaharlanish sodir bo‘lgandi.

Avvalroq esa Jizzax viloyatida ham sakkiz kishi marinadlangan pomidor mahsulotini iste’mol qilib zaharlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring