Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fitratimizdagi kayfiyatlar

Fitratimizdagi kayfiyatlar

Kichik o‘g‘lim Ma’rufbek Koreya davlatida, Seuldagi dorilfununlardan birida o‘qiydi. Iqtisodni o‘rganadi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlab, tahsil uchun mablag‘ni o‘zi topadi. O‘zidan orttirib, bizga ham ul-bul jo‘natadi. Telefonda ko‘rishib, gaplashib turamiz. Onasi «Sen musofirsan, bizning kunimiz baharnav o‘tib turibdi, o‘zingni o‘yla», deb yozg‘iradi. U esa kulib qo‘yadi, erkalanib onasini jerkigan bo‘ladi: «Ona, pulni o‘ylamasangiz-chi! Ishlayapman, topayapman, sarflayapman. Sizlarga ham ortganini yuborayapman, mening kamchiligim yo‘q!».

O‘tgan yili o‘g‘lim bilan, uch kunmikin, gaplasholmadik. Telefonimga qisqa xabar keldi: «Bandroqman. Ishlayapman». Keyin bafurja suhbatlashdik. Aytishicha, O‘zbekistondan borib, Seulda kichik bir oshxona ochgan hamyurtimiz Ma’rufbekni yordamga chaqiribdi. Turli millatlarning taomlari festivali bo‘lib, bular o‘zbekcha ovqatlar tayyorlab sotishibdi.

«Aka zo‘r oshpaz, pazanda kishi, lekin biznesga uquvi yo‘qroq, savdosi yurishmagani uchun meni chaqirgan. Men koreyscha gapirib, hazil-huzul bilan xaridor chaqirdim. Ovqatlanish jarayoni «shou»ga aylanib ketdi. Bizning oshxonadan joy tegmaganlargina noiloj boshqa yemakxonalarga bordi. Biz ham lekin bo‘lganimizcha bo‘ldik. Kechasi uxlamay masalliq tayyorladik. Qirq sakkiz soat tik oyoqda turdik. Ikki kunda juda katta foyda qildik», — deb tushuntirdi o‘g‘lim. Ovozidan iftixor sezilib turardi. Men ham faxrlanib ketdim.

Men otaman. O‘g‘limning bugunidan kelajagini ko‘proq o‘ylayman. Shu boismikin, «Endi shu oshxonada qolib ishlasang ham bo‘larmikan?», deb so‘radim. Biroz jimlikdan so‘ng: «Yo‘q, – dedi o‘g‘lim. – Bu yerda ishlamayman! Mehnatingni qadrlamagan odam bilan ishlab bo‘lmaydi». Beixtiyor, «Mo‘ljalingdan kamroq haq berdimi?», — deb so‘radim. 

Ma’rufbek oriyatligina yigit. Doim aytadiki, men qo‘l uchida ishlashni yomon ko‘raman, qadrimga yetgan odam bilan ishlab, unga ham, o‘zimga ham foyda bo‘lishini ko‘zlayman. Bu safar ham o‘g‘lim shu gapini takrorladi. Lekin ish haqini oldindan kelishmagan ekan, berganini olgach, ancha cho‘g‘i kamligini ko‘rib, «endi siz bilan ishlamayman», deb aytibdi. Men uning gapini ma’qulladim. Biroq ...

Biroq o‘ylanib qoldim.

Oldindan haqini kelishmay ish boshlaganini ma’qul ko‘rmadim, «Mo‘ljalingdan kamroq berdimi?» degan so‘rog‘imni eslab, shunday bo‘lganini o‘zim ham dastlab tabiiy qabul qilganimni tushundim. 
Men o‘zim ham odamlarga ishonaveraman. Biron yumush aytishsa, haqini so‘ramay, bajarib beraman, keyin berganidan norozi bo‘lib yuraman. «Axir siz bu ishga juda qisqa vaqt sarfladingiz, ozgina vaqtingiz ketgan ish uchun shuncha berganim ozmi?», deb so‘raydiganlarga «Bu darajaga kelish uchun men bir umr o‘qib-o‘rganganman» desam, taajjub bilan yelka qisishadi. O‘g‘limga ham shu xislat o‘tgan ekan-da, deb ozroq afsuslandim. Qachon yangi zamonga moslashamiz, deb o‘yladim. Mendagi, o‘g‘limdagi bu xarakterning ildizlari qayda ekan, deb xayolga botdim.

Keyin to‘satdan tushunib yetdim. Bu faqat mening o‘g‘limgagina xos bo‘lgan xususiyat emas. U o‘zbeklarimizning qon-qoniga singigan, asrlardan beri kelayotgan fitratimiz tufayli ekan. 
Nega deysizmi?..

Atoqli va ardoqli adibimiz Oybek «Qutlug‘ qon» romanining dastlabki sahifalaridayoq o‘zbek xalqining mehnatkash ikki vakili – Yo‘lchi va Yormat xarakterining ayrim qirralarini chizib beradi. Yo‘lchining kambag‘al yigitligi, qishloqda ish topmay, shahardagi boy tog‘asini qora tortib kelgani, «butun siymosida katta jasorat va g‘urur» sezilib turishi yoziladi. Yormat ham Yo‘lchi kabi kambag‘al bir kishi. Biroq uning o‘zi xizmat qilayotgan boy xonadoniga sodiqligi, «butun qomati, hamma harakatlari o‘ziga zeb bergan maqtanchoq kambag‘al» ekani aytiladi.

Yormat va Yo‘lchi «picha yurib, to‘rt-besh tanob joyni ishg‘ol qilgan bedazorga chiqishdi. 

– Mana, bedam, – qo‘lini beliga tirab, ko‘zi bilan uzoqqa ishora qilib dedi Yormat. – Hafsalangiz bo‘lsa, bedanani shunda tuting-da.

– Yo‘ng‘ichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat o‘sibdi, – Yormatga qarab dedi Yo‘lchi.

– Xax-xax-xax! – qattiq kuldi Yormat va o‘roqni Yo‘lchiga tutqazib gapira boshladi. – Mirzakarimboy otamning ostonalarida o‘n olti yildan beri ishlayman, yigitcha. Shunday bo‘lgandan keyin «sizniki, bizniki» deyishga o‘rin qoladimi».

Romanni o‘qigan odamlar biladi. Yormat shuncha yildan beri Mirzakarimboyning uyida haqini kelishmasdan ishlaydi. O‘zining tushuntirishicha, «xudo haqqi, men, xizmatimga bir narsa bering, deb so‘ramayman. Insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman». 
Xuddi Yormat kabi Yo‘lchi ham boyga ishga yollanar ekan, xizmatiga haq so‘ramaydi. Cho‘ntagida bir tiyin puli yo‘q bo‘lsa ham haq so‘ramay mehnat qiladi. Xizmatkorlikdagi tanishi Shoqosimning xotini o‘lib qolganda janoza xarajatlari uchun kambag‘al mardikorlar oxirgi pullarini o‘rtaga yig‘ishganida «cho‘ntagida siyqa chaqasi» yo‘qligidan o‘kinadi, biroq o‘shanda ham boy tog‘adan qilgan xizmatlari uchun pul so‘rash lozimligi xayoliga kelmaydi. 

Holbuki u qishloqdan tog‘asi Mirzakarimboynikiga kelgan kuniyoq ishga solinadi. Beda o‘radi. O‘tkir o‘roq bilan «o‘ralib-chaplashib o‘sgan qalin maysani «shar-shar» yiqib borar ekan, o‘zi ham zavqlanadi. Hozir uning ko‘ngli bir qadar ko‘tarilgan. «Boy tog‘am insofli odam bo‘lsa kerak. Mana, haligi odam shuncha yil ishlabdi. Xizmatkor qul emas. Foyda ko‘rmasa turadimi? Gapiga qaraganda, xursandga o‘xshaydi. Qishloqda ko‘p odamlarning yumushini qildim, mayli, bu yerda ham ishlay. Yaxshi ishlasam, albatta chakki bo‘lmaydi. Negaki, bular qarindoshlarim, hammadan yulsalar ham, mendan yulmaslar».

Yormatning «insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman» degan gapiga e’tibor qildingizmi? Asli, bugun ham ba’zilarimiz shu andishani a’mol qilib olmaganmizmi? Oynada ko‘rgan haqiqatimizdan nega saboq chiqarmayapmiz?

O‘ylashimcha, dunyoda o‘zgarmas haqiqatlar bo‘lgani singari, xalqning, millatning ma’naviyatida ham o‘zgarmas, shu o‘zgarsa, dunyo ham o‘zgarib ketadigan bir xil xislatlar bo‘ladi. Bu xislatlarning ijobiysi ham, salbiysi ham bor. Shulardan bittasi – o‘zimizga mag‘rurlik. Boshqalarni ham o‘zimizday ko‘rish. Biz duch kelgan odamlarning o‘z haqiqati borligini ko‘pda o‘ylamaslik. Eng yomoni – jamiki og‘irlikni o‘zimizga olish. Mehnatimizning bahosini o‘zimiz bilamiz yo tasavvur qilamiz, lekin xaridorga mehnatimizni, kuchimizni taklif qilganda unda insof borligiga ishonishimiz.

Holbuki insof bu dunyoda juda tansiq matoh. Kimdadir bor, kimdadir esa...

* * *

Oybekning «Qutlug‘ qon» romanini bolaligimda o‘qiganman. O‘shandagi ilk taassurotlar hozir yodimdan ko‘tarilib ketgan. Esimda qolgani Yo‘lchining sof muhabbati, Mirzakarimboyning xasisligi, kambag‘allarning ezilgani-yu, boylarning insofsizligi. Lekin asarning go‘zal tili, shirador hikoya uslubi, urf-odatlar, udumlar, tabiat tasvirlari, romantik jozibaga liq to‘la ishq-muhabbat sahnalari boshimga gurzi kabi urilganini, ko‘ksimda boylarga g‘araz, o‘tmish hayotga nisbatan achinish hissini uyg‘otganini elas-elas eslayman. 

Oradan o‘n yillar o‘tib, esimni tanib, oq bilan qorani bir qur ajratadigan bo‘lganimdan keyin yana shu kitob qo‘limga tushdi. Dastlabiga erinibgina varaqlay boshladim, biron o‘n sahifa o‘qigach, qiziqib ketib, romanning yarmiga borganimni, tun ham allamahal bo‘lib qolganini sezmabman. O‘zimga, endi kech bo‘ldi, uxlay, desam ham ko‘zimga bir qatra uyqu kelmaydi.

Chunki o‘tgan yillar mening jamiyat to‘g‘risidagi bilimlarimni oshirgan, boylik va kambag‘allikning siru sinoati anchagina ma’lum, taqdir bitiklariga faylasufona xotirjamlik ila boqadigan yoshga yetishgan edim. Shu bois meni endi ustoz Oybekning sinflarga bo‘lingan jamiyat borasidagi ijtimoiy qarashlari, fikrlari emas, bundan yuz yil burungi o‘zbek xalqining turmush sharoitini, maishatini, qarashlarini, e’timodini hassos musavvir kabi qog‘ozda jonlantirayotgan sahifalar ko‘proq o‘ziga tortmoqda edi.

Xususan, bizning xalqimizda boshqa juda ko‘p ellar, xalqlar, millatlar, jamiyatlarda bo‘lmagan noyob xislatlar ham borki, ularni doimo asrab-avaylashimiz darkor. Shunday milliy fazilatlar tasviri ustoz Oybek asarida o‘ziga xos mahorat bilan chizib berilgan ekan.
Yo‘lchi Salimboyvachchaga aravakashlik qilib restoranga boradi. Salimboyvachcha ichkari kirib ketadi va ichkilik daryoday oqqan, go‘zal xonimlar yengiltak ko‘z suzgan to‘kin ziyofat boshlanadi. Bu orada tashqaridagi Yo‘lchi qish sovug‘ida dildirab o‘tiradi. Och qorni quldirab, uxlay desa, sovuq zaptiga olib, ne qilarini bilmay turadi. Oradan allaqancha vaqt o‘tib, ichkaridan Salimboyvachcha chiqadi va Yo‘lchini ham yonlariga taklif qiladi.

Kambag‘al odamning hashamatli zalga kirganini ko‘rgan shveysar Yo‘lchini chiqarib yubormoqchi bo‘ladi. Salimboyvachcha bunga yo‘l qo‘ymaydi – Yo‘lchini restoranda olib qoladi va unga o‘zlari yeyotgan ovqatlarni taklif qiladi.

«Ikki xotinning o‘rtasida o‘tirgan Salimboyvachcha bir stakan to‘ldirib, uning oldiga qo‘ydi.

– Ich, ovqatni ur!

– Men ichmayman, rahmat.

– Ichkilik bo‘lsa, Jo‘ra o‘zini tomdan tashlaydi. Ko‘chada sovuqlagansan, ich, yigit! – dedi Jamolboy gerdayib.

Yo‘lchi ichmadi, ovqatga ham ishtahasi bo‘g‘ilgan edi. Sovib qolgan kabobdan bir six oldi...».

Shu mojaroni yondosh stolda o‘tirgan ikki rus kishi kuzatib, o‘zlaricha muhokama qilib o‘tirgan edi: «ularning biri keksaroq odam, u yo chinovnik, yo katta savdogar yoki ayni zamonda har ikkisi... Ikkinchisi o‘rta yashar, ko‘zoynakli va kiyimga g‘oyat zeb bergan odam. Buni Abdishukur injenerga o‘xshatdi.

«– Ko‘rdingizmi, bu osiyoliklar vahshiy bo‘lsalar ham, ba’zi bir fazilatlarga ega ekanlar; mana boy «sart» o‘z xizmatkori, balki quli bilan birga ichishadi. Demokratiya!.. – dedi injenernamo.

...Boy bo‘lsin, kambag‘al bo‘lsin, baribir, «sart»ning uyida bitta piyolasi bo‘ladi. Ikkita qilsa, odat buziladi ham katta gunoh hisoblanadi!..».

Yevropaliklar «demokratiya» deb o‘zlaricha kulgan bu xislat aslida xalqimizning qon-qoniga singigan fazilat, millatni bir butun holda ushlab turgan ruhiy-ma’naviy ustun ekanini bugun ko‘rib, bilib, anglab turibmiz. Chunki bizda, Yevropadan farqli o‘laroq, odamlarni boyligiga, nasabiga qarab ajratish bo‘lmagan. Hammaga odam deb qaralgan. Odamlar boylikda o‘zaro teng bo‘lmasa ham (besh qo‘l baravar emas), xudoning oldida tengdir, deb tushunilgan. Bu tenglikni ko‘rsatuvchi belgilardan biri o‘sha –boy-kambag‘alning bir dasturxondan taomlanib, bitta piyoladan choy ichishi bo‘lgan.

Bunday juda kichik, biroq e’tibor qilishga arzirli detallar romanda juda ko‘p topiladi. Faqat ularni ko‘ra bilish va o‘qiy olish kerak, nazarimda.

Yo‘lchi Mirzakarimboy xonadoniga ilk daf’a kelib kirganida kambag‘al mehmonning oldiga dasturxonni boyning xotini olib chiqib yozadi: «Boy tog‘a nonni ushatib, patnisni Yo‘lchining oldiga surib qo‘ydi». 
Holbuki Mirzakarimboy uyida xizmatkor saqlaydigan darajada boy edi. Biroq u o‘z xatti-harakati bilan eldan chiqib ketishni istamaydi. Uyida ham boshqa o‘zbeklar – kambag‘almi, qashshoqmi, qat’i nazar – qatori umrguzaronlik qiladi. Qizini uzatayotganda boylikka, hashamatga o‘ch xotini kelinni izvoshda (bugungi holatimizga binoan aytmoqchi bo‘lsak – limuzinda) kuzatmoqchi bo‘lganda boyning jerkib berishi ham shundan:

«Lutfiniso qizi bilan qo‘sh kelinini izvoshda yuborishni so‘radi. – «Axir, kimsan, falonchining qizi-ya!».

– El qatori aravada ketabersin! – dedi uzil-kesil boy.

– Voy, Alixo‘ja boylardan nimamiz kam? Qizini qo‘sh arg‘umoqli izvoshda yubordi. Qo‘qon aravaning do‘qiri qursin! 

– Bas, – qichqirdi Mirzakarimboy, – manmanlik – xudo urganlik. Eski taomildan qolma. Yana zamon nozik. Xalq meni gap-so‘z qiladi. Boylar qutirib ketdi, deydi. Sen buni tushunasanmi, noqisulaql!».

Men shu kichik tafsilotlardan donish xulosalar chiqarib, hammaga o‘zi tushunadigan narsalarni qaytarib, ezilishib o‘tirmay. Har kim xulosani o‘zi chiqarishga o‘rganadigan zamonlar allaqachon yetishgan. Faqat mening aytadiganim shuki, adabiyot – oyna, shaxsning, jamiyatning yuziga tutilgan oyna! Farqi shuki, bu oyna kundalik maishiy turmushni keraksiz tafsilotlardan xolis qilib, tiriklikni yurg‘izib turgan eng asosiy tamoyillarni, hayotning o‘q tomirini ko‘rsatadi. Shaxsning kim ekanini eslatadi, jamiyatning qayoqqa qarab borayotganini ko‘rsatadi, bulardan saboq chiqarishga chorlaydi. Biz, o‘quvchilar, badiiy asarlardan saboq olamizmi yo «velosipedni qaytadan ixtiro qilib», o‘z boshimizdan kechgan va kechajak hodisalardan o‘rganamizmi, endi bunisi o‘zimizga bog‘liq.

* * *

O‘tgan yil bahorda qishloqqa borgan edim. Do‘stlar bilan Surxonning bo‘yiga endik. Tog‘-toshdagi sel tufayli daryoning suvi rosa toshgan payt edi. Loyqa, bo‘tana suv toshloq qirg‘oqni o‘piraman deb hamla qiladi. Biroq sohilga mahkam qoqilgan sepoyalarga, atay tashlab qo‘yilgan ulkan xarsanglarga urilib, shashti-shiddati pasayadi. Keyin joyida chir aylanib, sepoya tagida girdob hosil qiladi, xarsang ustidan oshaman deb to‘lqin uradi. Yana mavjlanib, to‘lqin solgancha narigi qirg‘oq sari chopadi. U tarafda ham shu ahvol.

To‘lqinlarni tomosha qilgancha, bepoyon sohilda yashil orol kabi ko‘zni quvnatib turgan maskanga bordik. Dehqon akalarimizdan biri daryo bo‘yidagi chag‘ir toshloqdan bir parcha joy ochib, o‘zan yoqalab tol, terak, jiyda ekibdi. Uzumni ishkomga ko‘tarib, peshinda salqinlaydigan joy hozirlabdi. Daraxtlarning chalkashib, chirmashib o‘sgan tomiri sohilni mahkamlab, dehqonchilik qilishga yaroqli bir botmon yerni himoyalabdi. Biz ham do‘stlar bilan, garchi daryo bo‘yida esak-da, qizg‘aldoqning issig‘idan salqinlash uchun o‘zimizni ishkom tagiga oldik.

Ko‘rsam, atrofi daraxt bilan ihotalangan maydonga piyoz ekilgan. Piyoz allaqachon yetilib, yerni yorib, turtib chiqib, maysasi quvrab, har biri polvon kishining mushtiday tugilib turibdi. Hosilning ko‘pligidan yer yuzasi ko‘rinmaydi deng. Atrofni piyoz bosgan. Dehqonchiligingizga baraka bersin, deb so‘rashdim. Keyin undan-mundan suhbatlashib o‘tirdik.

Tabiiyki, piyozning bahosi ham aytildi.

– Uying kuygur olibsotar shu piyozning kilosiga ellik so‘m so‘rab turibdi, – deb yozg‘irdi dehqon aka. – Ey, noinsof, beradigan puling piyozning urug‘ligi ham bo‘lmayapti-ku, desam, aka, bozorning ko‘targani shu deydi ishshayib. Mana siz Toshkentdan keldingiz, o‘shayoqda piyozning narxi qanday?

– Besh yuz so‘m edi, shekilli, – dedim o‘zim ham ishonqiramay. – Piyozning narxi arzonligi bor gap.

– Mana, – deb gapni uladi dehqon aka. – Olibsotar mendan bozor narxining o‘ndan birini so‘rayapti. Shu insofdanmi?
Shu piyozni ekib, mehnat qilib, olti oy kutgan dehqon uch kun yugurgan olibsotardan uch barobar kam haq olsa, insofdanmi, deb uning dardiga sherik bo‘ldik. Axir «Insof sari baraka» degan naql xalqimiz ruhida necha ming yillardan beri yashab kelayapti-ku, endi unga ishdan chiqqan matohday qaramasligimiz kerak.

Yuqoridagi voqeani bejiz eslamayotganimni tushunayotgandirsiz.
«Qutlug‘ qon» romanida ham shunga o‘xshash bir epizod bor. Shaharga qovun ortib kelayotgan dehqonning aravasi sinib qolgani esingizdami? 
Dehqon aravasining buzilib, shaharga borolmay qolgani, qovunini sotolmagani, puliga yalang‘och bolalariga kiyim-kechak ololmaganiga achinmaydi, aravaning birovniki ekanidan zorlanadi:
«Ot-arava o‘zimniki bo‘lsaydi, jarga qulab ketsa ham mayliydi. Kishiniki, uka. O‘zimda ulov yo‘q. Qovunim pishib, chirib ketdi... Qo‘shnimdan ot-aravani bir kunga tilab olgan edim. Jilla bo‘lmasa, bitta chetanda olib tushay-da, sotib bolalarga kiyimlik olay, deb xayol qilgan edim. Bola-chaqa qip yalong‘och; uh... Falokat kutib turgan ekan».

Mahsulotini bozorga yetkazolmagan dehqonning qiyin holatidan olibsotar boqqol foydalanib qoladi. Bozorda kami o‘n sakkiz so‘mga sotsa bo‘ladigan tuyaning kallasiday saksonta katta-katta qovunni u to‘rt yarim so‘mga oladi:

«– Shaharga bora olmaysiz, – bidirladi boqqol – qovunni ham ko‘rdim. O‘rtacha. Agar yaxshi bo‘lsa, xalq yeb, sizni duo qiladi, men o‘zim yemayman. Keyin, kim biladi, bir palakdan har xil qovun yetishadi. Dehqon bo‘lmasak ham buni fahmlaymiz. Uch so‘lkavoy beraman, xo‘p deng!..

– Saksonta qovunga-ya? Uch so‘m? – dehqon teskari burildi.

– Insof qiling, boqqol aka! – qichqirdi Yo‘lchi.
Yana bir muncha odamlar Yo‘lchining gapini tasdiqladilar: ”To‘g‘ri, insof qiling-da!”.

Boqqol bu gaplarni eshitmaganday avrayverdi:

– Men sizning foydangizni o‘ylayman. Arava kishinikimi? Qovunini tushirib olaman shu yerda. Anov yerda usta Toshpo‘lat bor, bilarsiz. Arava ishida farang! Qovunning puliga aravani tuzattirasiz. Egasi xafa bo‘lmaydi. Iloji bo‘lsa, yamatganingizni aytmang, koyib-netib yurmasin tag‘in. Tuya ko‘rdingmi-yo‘q, vassalom...

Ilojsiz qolgan dehqon bahoni sekin kamaytirib, yetti so‘mga tushdi. Boshqa bir raqib ilmasin degan andisha bilan boqqol ham bir tangalab oshaverdi. So‘z bilan dehqonning boshini qotirib, nihoyat, to‘rt yarim so‘mga ko‘nishga majbur qildi».

Nega dehqonlarimiz yuz yil burun ham, bugungi kunda ham qo‘lida mablag‘i bor «uddaburron»ning qovog‘iga qarab qolmoqda, degan sodda savolni bermaylik. Asli, erkin iqtisodiyotning qonuni shunday. Narxni bozor belgilaydi!

Biroq meni o‘ylantirayotgan va mutolaa vaqtida ko‘nglimdan o‘tayotgan gap shuki, nega odamlarimiz hamon sodda, hamon ishonuvchan? Nega muhit o‘zgarsa ham, bozor qonunlariga binoan yashayotganimizga yigirma besh yildan ziyod muddat o‘tgan bo‘lsa ham, mentalitetimizdagi ba’zi noqisliklardan butunlay qutulib ketolmayapmiz? Zamon o‘zgarayaptimi, biz ham o‘zgarishimiz kerak. O‘zgarish insonni yangilaydi, yuksaltiradi.
Men «Qutlug‘ qon» romanini o‘qishda davom etdim va ko‘plab savollarimga javob oldim.

Xususan, gazaklab, madda boylab ketgan yaralar vaqtida davolanmasa, tig‘ ishlatishga ehtiyoj paydo bo‘larkan. 

Biz hech qachon bir-birimizni ayirmagan, sen kambag‘al, sen boy desak ham, insoniylikda o‘zaro teng ko‘rgan xalqmiz. Ustoz Oybek aytmoqchi, bitta piyoladan choy ichamiz. Endi, bitta piyoladan choy ichib bo‘lgach, oynaga qarab, ust-boshimizni, o‘zimizni tuzatib olishni, jamiyatimiz taraqqiyotini yuksaltirishni o‘ylashimiz kerak.

Musulmon Namoz

«Ma’naviy hayot» jurnalidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring