Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fuqarolik nizosi. Qaror muhimmi yoki tomonlar o‘rtasini isloh qilish?

Fuqarolik nizosi. Qaror muhimmi yoki tomonlar o‘rtasini isloh qilish?

Hayot davom etar ekan, insonlar o‘zaro muloqot-munosabatga kirishishi tabiiy. Busiz iloj yo‘q. O‘zaro muloqotlar aksariyat holatlarda xayrli tugaydi. Aytaylik, kimgadir pul zarur bo‘ldi, tanishi qarz berib turdi, qarz vaqtida qaytarildi. Tamom — o‘rtada hech qanday muammo yo‘q. Ikkala taraf ham xursand: biri tanishining koriga yaraganidan, ikkinchisi murodi hosil bo‘lganidan.

Aks holat ro‘y bersa-chi? Ya’ni, qarzdor lafzida turmasa, u va haqdor o‘rtasida nizo paydo yuzaga kelishi aniq. Bu esa ortiqcha vaqt, asabbuzarlik, qancha harakat va xarajat (advokat xizmati, davlat boji bilan bog‘liq chiqimlar) talab qiladi.

Eng yomoni, ikki o‘rtada do‘stlik, qo‘shnichilik, hatto qarindoshlik rishtalariga putur yetadi.

Nizo kelib chiqmasligining asosiy omili esa, avvalo, o‘zaro hurmat, zimmadagi majburiyatni teran his etish va albatta, huquqiy bilimga bog‘liqdir. Aksa holda...

O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda fuqarolik qonunchiligiga ko‘ra, har qanday huquqi buzilgan shaxs sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Sud amaliyoti qiyosiy tahlilidan ko‘rinishicha, 2019 yilda nizolar sezilarli kamaygan. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2019 yil birinchi yarmida 91 744 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2018 yil shu davrida 119 823 ta ishni tashkil etgan.

2019 yilning birinchi yarmida Respublika fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan jami 91 744 ta ish ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 63 613 tasi da’vo tartibida ko‘rilgan ishlarni tashkil etgan.

Sudlar tomonidan da’vo tartibida 13 021 tasi qarz va kredit shartnomalari bilan bog‘liq nizolar, 14 560 tasi turli bitimlar bilan bog‘liq nizolar, 1 267 tasini mehnat nizolari, 1347 ta bola ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi, 652 ta turar joydan ko‘chirish haqidagi, 571 ta oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqqan nizolar ko‘rilib, mazmunan hal etilgan.

Hisobot davrida, nikohdan ajralish haqidagi da’vo bo‘yicha jami 18 092 ta ishlar sudlar tomonidan mazmunan ko‘rilib, shundan 11 153 ta (61,6%) da’vo qanoatlantirilgan, 6 939 ta da’vo talablarining bir qismi rad etilgan, bir qismi yarashgani sababli ish yuritishdan tugatilgan.

Alohida ta’kidlash kerak, jami 4 581 ta ish taraflar o‘zaro kelishganliklari, yarashganliklari sababli tugatilgan.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan 15 807 ta alohida tartibida yuritiladigan ishlar ham ko‘rilib, 11 719 ta ariza qanoatlantirilgan.

Sudlar tomonidan nizosiz talablar bo‘yicha qariyb 43 milliard qarzdorlikni undirish bo‘yicha 38 630 ta sud buyruqlari chiqarilgan. 2018 yil shu davrida ushbu ko‘rsatkich 238 166 ta sud buyrug‘ini tashkil etganligi, sud buyrug‘i chiqarish haqidagi talablarning keskin kamayganligi- fuqarolarimizning soliq va boshqa to‘lovlarni, xususan, foydalanilgan elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar bilan bog‘liq o‘z burchlarini ixtiyoriy bajarishga bo‘lgan munosabati o‘zgarganligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, sudlar tomonidan turli nizolarning oldini olish borasida 2500 dan ziyod xususiy ajrimlar chiqarilgan, aholi o‘rtasida 2 317 marotaba suhbatlar o‘tkazilgan hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali 1000 dan ziyod chiqishlar qilingan. 35 209 ta ish sayyor sud majlislarida ko‘rilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning yarim yillik ish faoliyati, sud amaliyoti tahliliy  muhokama qilinib, sudlarga kelgusidagi faoliyatlarida ishlarni o‘z muddatida va qonuniy hal etishda, asosiy e’tiborni, nizolarni tinch yo‘l bilan, ya’ni nizodagi taraflarga huquqlarini tushuntirgan holda  kelishtirish orqali hal etishga, ayniqsa oilalar barbod bo‘lishining oldini olish masalasiga qaratish  tavsiya qilindi. Chunki, har qanday fuqarolik nizosini taraflarga huquqlarini va amaldagi qonun talablarini tushuntirish orqali, ular o‘rtasini isloh qilish, yarashtirish, kelishuv bitimi tuzish yo‘li bilan hal etish mumkin. Qachonki, taraflar o‘zaro kelishsa, ular o‘rtasidagi insoniy munosabatlar ham saqlanib qolinadi. Zero, jamiyatning sog‘lomligi  insonlar o‘rtasida sog‘lom munosabatlarga chambarchas bog‘liqdir.

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring