Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang» — Prezident yosh yigit-qizlarga murojaat qildi (foto)

«Ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang» — Prezident yosh yigit-qizlarga murojaat qildi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergandik.

Bayramda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni ushbu ayyom bilan tabriklab, ularga mehri, ehtiromini izhor etdi.

– Sizlar biz uchun avvalo muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g‘ayrat manbaidirsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident xotin-qizlarning barcha sohalardagi faolligi, ayniqsa, pandemiya sharoitida aholi salomatligini asrash va bolalarni o‘qitishdagi fidoyiligini alohida ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Boshqaruv tizimida ularning ulushi 33 foizga yetdi. Bir yarim mingga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari 6 ta tumanda ayollar hokim vazifasida ishlayotganini ta’kidlab, ularni olqishladi.

Ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga ko‘maklashish bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilmoqda. Keyingi uch oyda ijtimoiy himoyaga muhtoj 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi, 32 ming nafari ish bilan ta’minlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Uy-joy sotib olish uchun 1 ming 250 nafar xotin-qizlarga salkam 22 milliard so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.

Prezidentimiz ayollarni moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bugun yana bir qarorni imzolaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, joriy yilda turmush sharoiti og‘ir ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy bilan ta’minlash maqsadida budjetdan 210 milliard so‘m, boshpanasi bo‘lmaganlarni ijtimoiy turar joylar bilan qamrab olish uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltirilishi aytildi. Shuningdek, muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordam berish, ularni davolatish, kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash uchun ham katta mablag‘lar ajratiladi.

Davlat rahbarining nutqi xalqimizga, ayniqsa, yosh yigit-qizlarga murojaat, da’vat ham bo‘ldi.

– Oila – mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug‘ saodatdir. Mashhur qo‘shiqlardan birida aytilganidek, «Uyida baxti borlar har yerda baxtiyordir». Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas’uliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang», – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari, muhtaram nuroniylar va yoshlarga katta ishonch bildirildi.

Ma’lumki, shu yil 22 fevral kuni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zlab, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagan edi.

Bayram tadbirida Prezident shu boradagi vazifalarni birgalikda amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Qizlar tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi, ish joyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rin topishiga alohida ahamiyat berishimiz zarurligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring