Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Haqiqat yo‘lida kafanini yelkasiga tashlagan olim»

«Haqiqat yo‘lida kafanini yelkasiga tashlagan olim»

Kecha, 28-iyun kuni atoqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 73 yoshida vafot etdi.

Mamlakatimiz ziyolilari marhum olimning millat va adabiyot ravnaqiga qo‘shgan hissasiga yuksak baho berib, uni iliq so‘zlar bilan yodga olmoqda.

«Ibrohim aka ilmda ham, hayotda ham har tomonlama o‘rnak bo‘lgan Shaxsiyat edi. Alisher Navoiyni bizga emas, bizni Alisher Navoiyga yaqinlashtira olgan davrimizning buyuk olimlaridan biri edi. Ibrohim aka mumtoz adabiyotni ham, zamonaviy va jahon adabiyotini ham chuqur o‘zlashtirgandi. Badiiy so‘z taftini nozik ilg‘aydigan, falsafani, tarixni teran anglaydigan olim edi. Halol va samimiy suhbatdosh edi. Har qanday vaziyatda haq so‘zni, haqiqatni ayta olgan mard edi. «Alisher Navoiy turkiy adabiyotning poytaxti», degan edi bir suhbatida. Bizga ana shu poytaxtga yo‘l ko‘rsatgan, o‘zi ham ilmi bilan, chin insoniy fazilatlari bilan qalbimizni zabt etgandi. Ana shunday olim, qadrdon ustozimiz endi oramizda yo‘q. Afsus, tirigida qadriga yeta olmadik...» – deb yozdi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul.

«Haqiqatga chanqoq, haqiqatga sodiq inson edi… Ibrohim aka orqasiga bir qarasa, kelajak avlod oldida yuzi qizaradigan bir ish qilmaganini, aksincha, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan boshini tik tutib yurishga haqli ekanini ko‘radi. Haqni yozdi, haqni aytdi, kerak bo‘lsa maydonlarga chiqib xalqning dardini, orzu-umidlarini baralla so‘zladi. Hatto oshkoralik davrida, yurakdagi gaplarni emin-erkin bayon etishga imkon berilgan davrda ham, siyosat tap etib o‘zgarib ertaga boshimga bir balo kelib qolmasin tag‘in, deya qo‘rqa-pisa inidan chiqmay yotgan juda ko‘p «ziyoli»dan farqli o‘laroq, o‘ris-sovet mustamlakasidan ozod bo‘lish harakatiga ochiq qo‘shildi. Qo‘shildigina emas, ma’naviy boshliqlaridan biriga aylandi. Chinakam ziyoliga xos fazilatini ko‘rsatdi», – deya xotiralari bilan o‘rtoqlashdi yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon.

«Ibrohim Haqqul o‘zini ziyoli, ijodkor sanaydigan tiriklar ichida noyob hodisa o‘laroq, tik turib yashab o‘tgan shaxs sifatida tarixda qoldi. Birovga yaltoqlanmadi, umid bilan «tepalar»ga boqmadi. Baqir-chaqirsiz, tamasiz, sokin yashab o‘tdi. Butun ongli hayotini shu millatning adabiyoti va ma’naviyatiga baxshida qildi», – deya marhum olimning a’moliga chizgi berdi publitsist Alisher Nazar.

«O‘tgan asrning 80-yillar oxiri – 90-yillar boshlarida Ibrohim akaning ko‘p suhbatlarini eshitganman. Undan oldin esa, rahmatli shoir Chori Avaz Ibrohim Haqqulning «Cho‘lpon» nashriyotida chop etilgan «Zanjirband sher qoshida» kitobini sovg‘a qilgan edi. O‘shandan beri bir umrga Ibrohim akaning muxlisi bo‘lib qolganman. U kishining «Tasavvuf va she’riyat», «Ahmad Yassaviy hikmatlari», «Navoiyga qaytish», «Taqdir va tafakkur» hamda o‘nlab maqolayu intervyularini o‘qib, umuman, adabiyotga «Ibrohim akaning ko‘zi» bilan qaragan bo‘lsam ajab emas. Ibrohim aka garchi adabiyot tarixi bilan ko‘p shug‘ullangan bo‘lsa-da, o‘zi ayni yashayotgan davr, jamiyat va voqelikka shunday teran va lo‘nda ta’rif berardiki, bundan uzoq vaqt huzurlanib yurar edim. Ustoz butun dunyo adabiyoti va badiiy falsafasini chuqur anglaydigan kam sonli insonlardan biri edi», – deya ehtiromini izhor qildi O‘zJOKU Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani Akbar Nurmatov.

«2019-yil mart oyi edi. Professor Ibrohim Haqqul bilan bir necha iltimoslardan keyin suhbat yozib oldik. Suhbat shunchalik qiziq va ayni paytda keskin o‘tdiki, adabiyotshunos unda o‘zbek jamiyatining eng og‘riqli dardlarini gapirib, shu dardlarga o‘z malhamlarini ham taklif qilgandi. Men esa... adabiy suhbatlar, umuman, suhbatlar uchun o‘ziga xos «planka» belgilab oldim. Bu keyingi faoliyatim uchun kuchli bosim ham edi. Katta shaxsiyat – Ibrohim Haqqul bosimi. Shu bosim meni adabiy suhbatlarni doim o‘ylab uyushtirishga, katta natijani maqsad qilib, unga oylab tayyorgarlik ko‘rish va boshlangan qator darajasini tushirmaslikka undab turadi. Ibrohim Haqqul men uchun ana shunday daraja, ana shunday shaxsiyat edi. Uning vafoti xalqimiz, adabiyotimiz uchun katta yo‘qotish», – deb yozdi jurnalist Ilyos Safarov.

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron muxtasar ta’ziyasida I.Haqqulga «Umrlik do‘stim va akam! Benazir olim va munaqqid! Shaxs va Inson!» deya ta’rif berdi. 

Bloger va olima Shahnoza Soatova marhum olimni «amali bilan so‘zi bir, haqiqat yo‘lida kafanini yelkasiga tashlagan davrimizning vijdoni», deya alqadi.

Iste’dodli shoir Nasrullo Ergash esa Ibrohim Haqqul ruhiga ehtirom ramzi sifatida quyidagi she’rni yozdi:

Yolg‘on edi, yolg‘on bo‘lib qoldi dunyo,

Nahot siz ham chin dunyoga ketdingizmi?

Rauf Parfi, Navoiyning yoniga yo

Bizni tashlab Buxoroga ketdingizmi?

Navoiyning devonidan navo izlab,

Nahot siz ham chin ma’voga ketdingizmi?

Yoki avji saratonda havo izlab,

Bizni tashlab Buxoroga ketdingizmi?

Dilni tirnab qolmoqdamiz alam bilan,

Alamlarga siz davoga ketdingizmi?

Haqso‘z degan yelkadagi kafan bilan

Bizni tashlab Buxoroga ketdingizmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring