Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Haqiqiy demokratiya» qayerda?

«Haqiqiy demokratiya» qayerda?

Foto: «Bigthink.com»

«O‘tmishda erkinlik nomi ostida ko‘p ulug‘ ishlar qilingan, lekin aynan uni ro‘kach qilib qancha gunohlar ham sodir etilgan. Odam xayoliga keltirganida yuragi dukillab urib ketadigan shu kalom bilan qanchadan qancha jinoyat-u, nodonliklar, ehtiros, aldov, so‘qirliklar o‘zini bezadi va bezamoqda»

V.Vindelband, nemis faylasufi

2015-yili butun «Ko‘hna qit’a»ning «inson huquqlari himoyachilari» norvegiyalik bir jinoyatchini himoya qilib chiqishdi. Uning ism-familiyasi Andreas Breyvik. E’tibor bering, u nima uchun qamalgan: bolalar lagerida 77 nafar bolani otib tashlagan. Bundan tashqari yana bir qator teraktlarni amalga oshirgan. Hayvonlarga xos bo‘lgan bu ishlari uchun janob Breyvikni 22 yilga qamashgan...

Norvegiya inson huquqlari eng yuqori darajada himoya qilinadigan mamlakatlardan biri hisoblangani uchun u yerdagi qamoqxonalar ham uncha-muncha mehmonxonadan qolishmaydigan holatda. Breyvik uchun naq uchta xona ajratilgan: biri yotoq, biri sportzal, biri ofis. U qamoqxonadagi sharoitlardan nolib Norvegiya hukumatini sudga berdi. Keltirilgan sabablarni qarang: «Qahvani vaqtida keltirishmayapti», «Derazadan juda xunuk manzara ko‘rinadi», «Qo‘shni xonalardagi shovqin xayolimni jamlashga xalaqit beryapti»… Bu maynavozchilikdan boshqa hech narsa emas. Mamlakatning 77 nafar farzandini otib tashlagan odamni yaxshi sharoitda saqlashning o‘zi dahshat. Yana u bemalol internetdan foydalanadi. Xohlagan ishini qiladi, mamlakatni sudga beradi. Shunday razilni butun Yevropa ommaviy axborot vositalari himoya qilish payida. Buni inson huquqlarining himoyasi deyish mumkinmi? Yo‘q, bu — insonning toptalishi. Bundan tashqari, Breyvik ashaddiy millatchi va insoniylikka salbiy  nazar bilan qaraydigan shaxs. Siz va biz «erkin va demokratik» deya ishonadigan Yevropa nashrlari uni qattiq himoya qilmoqda. Xo‘sh, adolat qayerda qoldi? Ushbu nashrlar erkinlik emas, propaganda quroliga aylanib qolmadimi?

Bugun ko‘pchilik «erkinlik» degan so‘zga qattiq yopishib oldi. To‘g‘ri, erkinlik barcha uchun qadrli so‘z. Ammo uning ba’zi «ko‘rinish»lari ming yillar davomida insoniyat tamaddunini mo‘’tadil o‘zanda ushlab turgan ana’analarni yemirmayaptimi?

Toronto (Kanada)da 1967 yili bir voqea ro‘y berdi. Ko‘chaga juda kalta va ochiq kiyinib chiqqan ikki ayolga hamma ajablanib qarardi. Aynan mana shundan so‘ng g‘arbliklar uzun ko‘ylaklardan voz kechishdi va haligi ikki ayol o‘ziga xos «kiyinish (kiyinmaslik) odatini boshlab berishdi» (Sh.To‘laganov izohi). Bugungi yoshlar esa shu ikkovining bir ahmoqona xatti-harakatini yuksak taraqqiyot namunasi deya o‘zlashtirishdi va jahonda milliy va odatiy kiyinuvchilar tobora kamayib bormoqda.

Nazarimda, erkinlikni boshqacha ma’noda tushunadiganlarga uning asl mohiyatini tushuntirmoq kerak. Masalan, kimdir g‘arb uslubida kiyinish va g‘arbcha boshqa odatlarni o‘rgandimi, bu uning erkinlikni yo‘qotganidir. Yozuvchi O‘tkir Hoshimov aytganidek «G‘arb o‘z mahsulotlarini yoyishga, o‘z qarashlarini singdirishga juda usta». Kunchiqardan kunbotishgacha ularning nashrlari, mahsulotlari, kinolari, san’ati mashhur. Ammo biz ularni yuz foiz aslicha qabul qila olmaymiz.

Joriy yilning 8 iyul kuni Londonda bir voqea sodir bo‘ldi: bir jinslilar nikohi tarafdorlari shaharning markaziy ko‘chalarini to‘ldirib namoyishga chiqishdi (dunyoning ishlarini qarang, ularga qarshilar bir necha o‘ntadan oshmadi!). Yevropa va Amerikada bunday namoyishlar odatiy hol. (Hatto, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Oliy Sud mazkur nikoh qonuniylashtirilganini e’lon qilarkan, «Facebook»dagi sahifasiga surbetlik bilan «Sevgi g‘alaba qozondi» (Love just won) deb yozgandi).

Londondagi namoyishni men «YouTube»dan kuzatdim. Oddiy kameraga muhrlangan dilni xira qiluvchi tasvir bir mudhish haqiqatni oshkor qilayozdi: «o‘z jinsiga moyillar» tarafdorlari juda ko‘p va ular asosan yoshlar, ularga oila qadr-qiymati sariq chaqa. Ularga qarshi esa bir to‘p qariyalar jamoasi. Ular esa ana’anaviy nikoh (traditional marriage) tarafdorlari. Demak…

Besoqolbozlikning mudhish ramzlariga burkangan yoshlar o‘zlarini insofga chaqirmoqchi bo‘lgan, Injildan ularga oilaning muqaddasligi haqida oyatlarni o‘qib berayotgan yoshi ulug‘ kishini kalaka qilishdi, haqoratlashdi. Mening bu qayoqqa ketayotganini o‘zi bilmaydigan olomondan jahlim chiqmadi, ularga achindim, chunki ular shu jirkanch va do‘zaxiy yo‘lni erkinlik, demokratiya cho‘qqisi deb ataydilar.

AQShning San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tgan namoyish manzaralari undan-da og‘riqliroq: o‘zini butun dunyoni boshqarishga da’vogar qilib ko‘rsatadigan davlat fuqarolari aqldan ozgan, chamasi: ota o‘g‘ilni, qiz onasini bir jinslilar nikohi qonuniylashtirilgani bilan tabriklamoqda. Xuddi mislsiz baxtga erishgandek hamma mamnun, tabriklar va quvonchlar cheksiz…O‘rtaga chiqib «hay baraka topgur, ota-onang, ajdodlaring qanday yashagandi? Sen qanday tug‘ilganding va shu yo‘lni tanlasang, bu  yurtni kimga tashlab ketasan» deya oladigan kas yo‘q…

Abdurauf Fitrat «Sharq siyosati» risolasida «Ovro‘poning bizga beradigan narsalari belgilidir: safohat, axloqsizlik, qimor va sharobxo‘rlik. Butun bashariyat hayotiga, maishatiga, ishiga rahna soluvchi sharob do‘konlari yurtimizda shu Ovro‘po boylari himmati ila qurildi. Ajabo ular bu ishni bilib qildilarmi, bilmay qildilarmi? Albatta jo‘rttaga bilib qildilar, turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq, bizning sog‘lig‘imizni xarob etmak va urug‘imizni qurutub, bizni ishdan chiqarmoq va o‘z qo‘llarig‘a muhtoj qilib qo‘ymoqdir» deb yozgandi. Bu so‘zlar bugun ham dolzarb. Faqat soxta erkinlik avvalo bugun G‘arbning o‘zini halok etmoqda.

Bugungi yoshlarga aytar so‘zim: erkinlikni seving, ammo soxta erkinlikka aldanib qolmang! Ba’zan ming yillar davomida shakllangan qadriyatlar har qanday yangilikdan ustun turadi. Bu hayot qonuniyati, uni bugungi voqelik tasdiqlab turibdi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring