Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hayit kunini hadik bilan kutyapmiz...

Hayit kunini hadik bilan kutyapmiz...

Butun boshli to‘y industriyasi ishlamoqda.

Foto: «Sof.uz»

Prezidentning to‘y va ma’rakalardagi ortiqcha dabdababozliklar barchaning qimmatli vaqtini uvol qilayotgani, ma’naviyatimizga putur yetkazayotgani, bunday illatlarga chek qo‘yish kerakligi haqidagi gaplari odamlarni mushohadaga chorladi.

Darhaqiqat, odamlarni insofga chaqirishdan ko‘ra o‘sha to‘ylar bahona o‘zining kimligini ko‘rsatib qo‘yishga urinayotgan, ko‘pchilikning fikrini inobatga olmayotganlarni javobgarlikka tortish fursati yetdi. Bitta kaltafahm manmanni deb o‘zbek xalqi tokaygacha o‘zini qiynab yashaydi axir...

Masalan, to‘ydan oldin o‘tkaziladigan fotiha marosimi uchun restorandagi to‘yga ketadigan xarajatning yarmi sarflanar ekan. Kelin tomon katta osh bersa, kuyov tomon restoranda nikoh marosimini o‘tkazsa, yana unga qadar bo‘lib o‘tadigan yoshlarni uchrashtirish, kichik va katta fotiha marosimlarining zarurati bormi? Eng to‘g‘ri yo‘l shuki, fotiha marosimini tag-tugi bilan yo‘q qilish, qonuniy yo‘l bilan cheklab qo‘yish kerak.

Birgina chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun besh-oltita mashinaning qator bo‘lib borishi juda kulgili, ongsizlikning o‘zginasi. Hech qaysi rivojlangan davlatda bunday dabdababozlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Bu illatlarga ham qonun yo‘li bilan chek qo‘yish fursati yetdi.

Hademay ramazon oyi boshlanadi. Ro‘zadan keyin esa eng katta bayramimiz – ramazon hayiti nishonlanadi. Ko‘pchilik qiz uzatganlar bu bayramni qo‘rquv, tashvish bilan kutib oladi. Sababi, qiz uzatilgan xonadonga kamida o‘nta tog‘ora hamda kelin-kuyovga yangi sarpolar yuborilmasa, yosh oila buzilib ketishi mumkin! Shuncha vaqtdan beri ko‘p ajrimlar mana shunday keraksiz odatlar sababli yuz berganini tan olishimiz lozim.

Bundan ancha yillar ilgari yurtimizda hokimiyatlar tomonidan juda chiroyli tadbir yo‘lga qo‘yilgandi. Ya’ni, yangi turmush qurgan kelin-kuyovlarga aynan hayit kunlari Samarqandga sayohat qilish uchun yo‘llanmalar tarqatilgandi. Bu xayrli tadbir nafaqat insonlarni ortiqcha tashvishdan xalos qilgandi, balki yoshlar ongiga ma’rifatni singdirgan, uy yumushlaridan, mehmondorchiliklardan toliqqan kelinchaklar madaniy hordiq chiqarib, turmush o‘rtoqlari bilan munosabatlarini yanada mustahkamlab olishlariga ham imkon tug‘ilgandi. Qaniydi hayit kunlari ushbu xayrli tadbirlar yana yo‘lga qo‘yilsa.

To‘y va ma’rakalarni dabdabasiz, ixcham o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinganiga qaramay, keyingi yillarda dabdabani targ‘ib qiluvchi qo‘shiq-kliplar haddan ortiq ko‘paydi. Hammasi sovchiligu kelin-kuyov, qaynona-kelin, to‘ybolaning o‘ziga atalgan, bir-biridan o‘zadigan dabdabali klip-qo‘shiqlarni, chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish, beshikka belashga bag‘ishlangan to‘y beruvchilarning qonini qaynatib, soxta obro‘ sari rag‘batlantiruvchi «asar»lar. Xalqimizning necha yillar yig‘inib, topgan-tutganini bir kunda sovurishidan faqat san’atkorlar emas, ko‘pchilik manfaatdor. Butun boshli to‘y industriyasi ishlamoqda.

Umid qilamizki, avlodlarimiz biz yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamaydi. Bor kuchini, diqqatini, vaqtini to‘y marosimlariga emas, faqat bilim olishga, farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlashadi. Buning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq qay urf-odatlarimiz keragu, qaysilari illat ekanini singdirib borishimiz lozim.

Ra’no Mahmudova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring