Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokim va yoshlar» uchrashuvlari. «Ssenariylashtirilgan» manzara kimga kerak?

«Hokim va yoshlar» uchrashuvlari. «Ssenariylashtirilgan» manzara kimga kerak?

Foto: Azamat Kattayev

Buxoro tumanida «Hokim va yoshlar» uchrashuvi tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, turli xorij davlatlarida ishlab, bugun yashash manziliga qaytgan yoshlar, ya’ni migrantlarning bandligini ta’minlash, ularning mehnat qilishi uchun shart-sharoit yaratib berish va shu orqali ularning xorijga yana ish izlab chiqib ketmasliklarining oldini olishdan iborat edi.

Ma’lumotga ko‘ra, Buxoro tumanida uzoq muddatga ishlash uchun ketgan yoshlar soni 2214 nafarni tashkil etadi. Joriy yil boshidan hozirga qadar shundan 817 nafar yosh turli xorij davlatlarida ishlab qaytgan.

«Hokim va yoshlar» uchrashuvi nomi qayd etilgan banner bir qarashda xuddi mahobat kasb etadi. Buxoro tumani hokimligi zalida 300 dan ortiq to‘planganlarga nazar tashlaymiz. Ularning 60 foizga yaqini yoshlar ittifoqi tuman kengashi faollari, boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, o‘quvchi-yoshlar, chempion sportchilardan iborat. 817 nafar migrantlarning nechtasi ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ildi?

Foto: Azamat Kattayev

«Hokim va yoshlar» uchrashuvi doirasida tuman kengashining 2018 yil o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan Kengash yig‘ilishini ham «o‘tkazib olish» tashvishi bilan band tuman kengashi raisi Madina Sa’dullayeva «Bu ishning tuman ichki ishlar bo‘limiga yuklatilganini» bildirdi. Afsuski uchrashuvning tashkil etilishida hamkor bo‘lgan tuman ichki ishlar bo‘limidan birorta vakil ishtirok etmagan. Demak, aniq raqam ham yo‘q.

«Hokim va yoshlar» uchrashuvlarining yana bir «ko‘nikma»laridan biri, bu – bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi.

Bunda «ssenariylashtirilgan» doimiy tanish manzara: ish beruvchilar, qator stol-stullar, uning ustida tashkilot yoki korxona nomi yozilgan tablo. Afsuski, bu gal ish izlab kelgan yoshlar ushbu tanish manzara oldiga yaqinlashmadi ham. Bor-yo‘g‘i, 6 ta korxona-tashkilot jami 277 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashgan.

«Property industry» mas’uliyati cheklangan jamiyati ish beruvchi vakilidan ish so‘rab, murojaat etganlarni nechtasining ish bilan bandligi ta’minlanganiga qiziqdik. E’tiborimizni tortgani, mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 200 ta bo‘sh ish o‘rinlari uchun bir million ikki yuz so‘mdan bir yarim milliongacha  maosh taklif etilgan. Ushbu bo‘sh ish o‘rinlarining, deyarli, 60 foizi aynan, o‘rta ma’lumotli yoshlarga mos. Biroq, bor-yo‘g‘i, 3 nafar ishga talabgor nomi qayd etilgan.

Foto: Azamat Kattayev

«Buxoro tumani bo‘yicha hozircha 324 ta bo‘sh ish o‘rinlari bor», – dedi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bosh mutaxassis Fazliddin Sharipov.

Bo‘sh ish o‘rinlarining qariyb to‘rt-besh barobarga kamaytirib ko‘rsatilganini tabiiy qabul qilishdan esa boshqa chora yo‘q. Vaholanki, «ssenariylashtirilgan» mehnat yarmarkasi vakillaridan yana nimani kutish mumkin?! Aslida, tumanda 80238 nafar yoshlar bo‘lib, shundan 2401 nafar yoshlar ish bilan band emas. 1350 nafar yoshlar ishlash istagini bildirgan, bor-yo‘g‘i, 367 tasining ish bilan bandligi ta’minlangan.

«Hokim va yoshlar» uchrashuvi  soat 11.00 da belgilangan. Uchrashuv boshlanishiga 20 daqiqa qolgan. To‘planganlarning ko‘pchiligini o‘quvchi-yoshlar tashkil etgani uchunmi, hali o‘ringa joylashib ulgurilmagan, chang shiftga o‘rlaydi.

«Hokim va yoshlar» uchrashuvida zalning migrantlar, shuningdek, ish va o‘qish bilan band bo‘lmagan  yoshlar bilan emas, ko‘proq 11-15 yoshli bolalar bilan to‘ldirilganini ko‘rib, uni zo‘r berib o‘tkazilayotgan tadbirlar sirasiga kiritish mumkin.

Foto: Azamat Kattayev

Jumladan, Buxoro tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchilari Sardor Oripov hamda Dilshod Axtamovlardan savolimizga: «Ushbu tadbirga nima maqsadda kelganimizni bilmaymiz. Boshlang‘ich tashkilotimiz yetakchisi Zulfiya Allaberganova bizni shu yerga chaqirdi. Shu yerda o‘tirishimiz, o‘rnimizdan turmasligimiz bildirildi», – deya javob berishdi.

Tadbir tashkilotchisi –Yoshlar tashkiloti tuman kengashi. Achinarlisi, joylardagi tuman kengashlarining ishlashlari uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan munosib sharoit yaratib berilgan. Tuman kengashlari qariyb, ikki yildan buyon obodonlashtirish ishlari, binolar fasadini ta’mirlashga yoki boshqa mehnatlarga safarbar etilmagan. Ularning zimmasiga faqatgina bevosita o‘zining ishi, ya’ni yoshlar masalasi bilan shug‘ullanish yuklangan.

Buxoro tumanida tashkillashtirilgan «Hokim va yoshlar» uchrashuvining boshlanishiga o‘n daqiqa qolganda, tuman kengashi raisi o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan hisobotni o‘qib berishga tushdi. Negadir, hisobotni tinglaganlardan tinglamaganlar ko‘pchilikni tashkil etdi.

Uchrashuvga Buxoro tumani hokimi Muhiddin Esonov o‘z vaqtida yetib keldi. U bunday uchrashuv bilan Kengash yig‘ilishini qalashtirilmaslik kerakligini, yetmagandek, uchrashuvning ham juda sayoz va tartibsiz tashkil etilganini tanqid ostiga oldi.

Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha tuman hokimi o‘rinbosari hamda yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi faoliyatidan qoniqmasligini, yoshlar muammolarini tadbirlar orqali go‘yoki hal qilishga urinish emas, amalda hal qilish payti kelganini qattiq ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv jarayonida so‘zga chiqqan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbari Bekzod Akromovning bajarilgan ishlar yuzasidan yoshlar oldida hisobot bera olmaganini kadrlar faoliyatining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, deya baholadi tuman hokimi.

Bildirilishicha, mazkur dastur doirasida tumanning 17 nafar yosh tadbirkorlariga o‘z loyihalari asosida 2 milliard 363 million 298 ming so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

Foto: Azamat Kattayev

«Hokim va yoshlar» uchrashuvida muammo va kamchiliklar o‘rtaga tashlandi. Imtiyozli kredit ajratish, uy-joy bilan ta’minlash kabi masalalar ko‘tarildi. Jumladan, «Talipoch» mahallasi fuqarosi Qambarali Qambarov issiqxona tashkil etishda ko‘mak so‘radi. O‘zbekona qishlog‘ilik Mohina Ismoilova uy zarurligi bo‘yicha murojaat qildi. 2012 yildan buyon Rossiya Federatsiyasiga ishlab qaytayotgan yosh oila vakillari Farruxshoh Rajabov hamda Sabina Boboyeva yurtda qolib ishlash istagi borligini, ammo ish yo‘qligini bildirdi. Yosh oila vakillarining ehtiyojlari hamda mehnat layoqatlarini inobatga olinib, o‘zi yashaydigan hudud – «Amirobod» mahallasida anchadan buyon faoliyati to‘xtatilgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shohobchasi faoliyatini yuritish taklifi bildirildi. Shuningdek, 11 yildan buyon eri va 3 nafar yosh o‘g‘il farzandi bilan tumanda yashab kelayotgan rossiyalik Natalya Motovilova propiska muammosiga duch kelayotganini bildirdi. Ushbu masalani bartaraf etish bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlar zimmasiga vazifa yuklandi.

Tuman hokimi yoshlar tomonidan tushgan qirqdan ortiq talab va takliflar, muammolar yuzasidan murojaatlarni eshitib, o‘z munosabatini bildirdi.

Ularni o‘z vaqtida bartaraf etish, amaliy yechimini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

«Hokim va yoshlar» uchrashuvlarining soni bilan emas, uning natijasi bilan qiziqish kerak. Nazarimda, yoshlar tashkiloti tuman kengashi hisobot yig‘ishga, tadbirlar o‘tkazishgagina berilib, o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning natijasini baholash tizimini unutgan. Mana, ikki yildirki, mamlakatimizda jiddiy islohotlar boshlangan. Tadbirlarni nomigagina o‘tkazish emas, haqiqatda isloh qilishga, odamlarning, yoshlarning og‘ir yuklarini, tashvishlarini yengil qilishga kuch-irodani qaratish kerak. Men tuman yoshlarining har qanday muammolarini izchil yechishga, ularni oyoqqa turg‘izishga doim yelka tutaman», – dedi tuman hokimi Muhiddin Esonov.

Laylo  Hayitova,
«Xabar.uz»ning Buxoro viloyatidagi maxsus muxbiri

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring