Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokimlikning «eski dardi» qo‘ziyaptimi? Marg‘ilondan shikoyat keldi

Hokimlikning «eski dardi» qo‘ziyaptimi? Marg‘ilondan shikoyat keldi

«Xabar.uz» tahririyatiga Marg‘ilon shahrida hokimlik vakillarining ko‘zbo‘yamachillikka yo‘l qo‘yishayotgani va tashkilotlarga kasbiga aloqador bo‘lmagan topshiriqlar yuklanayotgani yuzasidan shikoyat keldi. Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan noma egasi quyidagicha yozadi:

«Assalomu alaykum. Charchamay ishlayapsizlarmi? Bir masalada yozmoqdaman. Shahrimizdagi qurilish va obodonlashtirishga shu ishlarga aloqasi yo‘q tashkilotlarni hokimiyat tomonidan ishchi guruhga qo‘shib qo‘yishlari juda bezdirib tashladi.

Ertalabdan kechgacha shu ishlar ketidan yurib, yana kechga hokimiyatda bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot berishimiz kerak. Uyma-uy yurib aholiga uyini shaharsozlik normalariga mos ravishda qayta qurishlari haqidagi tashviqot ishlari olib borish jonga tegdi.

Axir kimga yoqadi uyiga begona odam kelib, buni buz, mana bu yerga majburan qurasan, qurmasang bo‘lmaydi deyishi. Keyin o‘ylang: buzish-qurishga majburlayotgan shaxslar Marg‘ilon shahri tashkilotlari rahbarlari va xodimlari zimmasiga yuklatilmoqda! Hokimlik tashkilotlar xodimlariga o‘zini xodimidek majburan ish yuklatayotganidan dalolat. Tashkilotdan so‘rab ham o‘tirishmaydi, hokimiyatdan bo‘yruq chiqarib, qandaydir ishchi guruhlarga qo‘shib, tashkilotlarni xohlagan ishlariga yo‘naltirishadi.

Marg‘ilon shahrida biror bir tadbir bo‘ladi deyilsa, tashkilotlarning sho‘ri. Ertalabdan kechgacha qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘ynimizda.

Mana shu jadval shu haftada berilgan oxirgi topshiriq. Bu degani – ishlar yakuni aprel-may oylarigacha mo‘ljallangan. Sababi shu oylarda Farg‘ona viloyatiga, shu jumladan, Marg‘ilon shahriga Prezident tashrifi kutilmoqda. G‘irt ko‘zbuyamachilik. Jadvaldagi ko‘chalarni aksariyatida yo‘l kengaytirilib, uylar snosga tushib, qayta qurilgan. Ayrimlarida hali qurilish boshlanmagan ham. Uylar qish mavsumida qurilishi to‘xtab qolgan yoki mablag‘lari tugab to‘xtagan. Shu uylarning har biriga har kuni kirilib, «qurilishni boshla» yoki boshlagan bo‘lsa «tugat» deb targ‘ibot qilib yuribmiz. Bizni bunday ishlarga vakolatimiz bo‘lmasa ham».

Nima deyishga ham hayron qolasan kishi. So‘nggi yillarda mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, xodimlarni vakolatga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari davlat rahbari tomonidan ham, bosh vazir tomonidan ham bir necha bor qattiq qoralandi.

Hatto Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Xususan, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi (avval BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda edi).

Shuncha sa’y-harakatlardan keyin ham ayrim mulozimlarning «eski dardi» qo‘ziyotgani achinarli holat. Qachondir bunday ko‘zbo‘yamachiliklardan xalos bo‘la olamizmi?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring