Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokimning javobi arizachilarni qoniqtirmadi

Hokimning javobi arizachilarni qoniqtirmadi

yoki Urgut tumanidagi Bekravot qishlog‘ida maktab qurish masalasi nega hal etilmay kelinmoqda?

O‘tgan yilning oxirida tahririyatimizga Urgut tumani Bekravot qishlog‘ida yashovchi bir guruh ota-onalardan shikoyat xati keldi. Murojaat bilan tanishish davomida shu ma’lum bo‘ldiki, ushbu xatga imzo chekuvchilar farzandlari uchun o‘z qishloqlarida maktab qurib berishlarini so‘rashgan. Shikoyatchilar davlat idoralari bilan bir qatorda bizning tahririyatga ham ushbu masalada bir necha marta murojaat qilishgan ekan.

Shikoyat xati tahririyat tomonidan Urgut tumani hokimligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga yuborilgan, biroq ularning birortasidan jo‘yali javob olinmagan. Ushbu vaziyatga biz jurnalistlar ham loqayd qaraganmiz. O‘z vaqtida bong urmaganmiz.

2017 yilning dekabrida Samarqand viloyatiga xizmat safariga borganimda Urgut tumani hokimi Mamatjon Turdiyev qabulida bo‘lib, u bilan shikoyat xati haqida fikrlashgandim. Hokim bilan muloqotda qo‘yilayotgan masala to‘g‘ri ekani, odamlar bir necha yildan beri qayta-qayta yozayotgani, bu muammoga o‘z vaqtida yechim topish kerakligini bildirgan edim. Shundan so‘ng 2017 yil dekabr oyining oxirida tahririyatga tuman hokimi imzosi bilan javob xati keldi. Biz uni aynan keltirishni lozim topdik:

Bir qarasang hammasi joyida, tushunarli, asosli javob xati. Ha, bo‘larkan-ku, chora ko‘rishayotgan ekan-ku, deb o‘ylaysan. Lekin shikoyat yozganlardan biri, mehnat faxriysi 73 yoshli Sa’dulla Rustamov tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, masala hal etilmaganligini, hech kim shikoyat xati bilan qiziqmaganligini sansolarlik hamon davom etayotganini aytdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Bekravot qishlog‘idan atrofdagi maktablarga qatnayotgan bolalar soni bugun 500 nafardan oshgan. Maktablar bilan qishloq o‘rtasidagi masofa 2-5 kilometrni tashkil qiladi. Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan murg‘ak bolalarni shuncha yo‘l bosib maktabga qatnashining o‘zi qanchalar azob, ularning yaqinlari uchun tahlika. Buning ustiga Urgut tog‘li hudud bo‘lsa, bu yerning qishi sovuq va seryog‘in kechishi barchaga ma’lum.

Umrining 40 yilini maktabda o‘qituvchilikka bag‘ishlagan, bugun pensioner bo‘lsa-da, bolalar taqdiri uchun qayg‘urayotgan Sa’dulla Rustamovning, aytishicha mahalla ahli to‘plangan joyda,to‘y-ma’rakalarda gap aylanib maktabga borib taqaladi. Ota-onalar bolalarini uzoqqa qatnab o‘qishidan butunlay norozi. Bobo-buvilar nabiralarini maktabga olib borib qo‘yayotgan holatlarga ham tez-tez duch kelasiz. Bir so‘z bilan aytganda hamma ovora.

Bugun maktablarda yuqori sinflar ochilganini ham hisobga oladigan bo‘lsak, muammo yanada kattalashadi. Lekin mana necha yildirki, tuman, viloyat xalq ta’limi tizimi rahbarlari ham, hokimiyat ham sukut saqlamoqda. O‘quvchilar va ularning oila a’zolari sarson sargardon...

Maqolaga nuqta qo‘yishdan oldin yana bir mulohaza. Bugungi kunda ­Urgut Samarqand viloyatida aholisi eng ko‘p tuman hisoblanadi. 2016-yil ma’lumotiga ko‘ra, tuman aholisi 459,674 nafarni tashkil etadi. Ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish va rejalashtirishda, davlat dasturiga kiritishda mazkur omil ham hisobga olinishi kerak deb o‘ylaymiz.

Shu o‘rinda yana bir gap. Bekravot mahalla ahli saylagan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari nega ushbu muammoni hal etish yo‘llarini izlamagan. Ularga ishonch bildirgan odamlarning muammosiga nega e’tibor qaratishmagan?

Bizdagi ma’lumotga qaraganda Bekravot qishlog‘i joylashgan hudud 2 sektorga kirar ekan. Ushbu sektorga biriktirilgan Urgut tumani prokurori Ulug‘bek Hamdamov ham muammoni bartaraf etish yo‘lida biror chora ko‘rmagan.

Urgut tumani hokimi Mamatjon Turdiyev tahririyatga yuborgan javob xatida kelgusi yil deganda qaysi yilni nazarda tutganini bilmaymiz-ku, lekin voqealar rivoji shu tahlit davom etadigan bo‘lsa, bekravotlik bolalar yangi o‘quv yilida ham qo‘shni qish­loqlarda joylashgan maktablarga qatnaydi. Ota-onalar xavotirlanib bolalarini kutadi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yaqinda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan brifingda tizimda ta’lim sifatini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etishda jurnalistlarni hamkorlik qilishga chaqirdi. Balki, mana shu maqoladagi muammoga vazir e’tibor qaratsa, maktab qurilishi masalasi hal bo‘lar, deb umid qilamiz.

Farrux Hamroyev

«O‘zbekiston ovozi» gazetasidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring