Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huquqsizlik bergan «huquq»: Izboskan hokimi MFY raisini ishdan haydadi

Huquqsizlik bergan «huquq»: Izboskan hokimi MFY raisini ishdan haydadi

Illyustrativ foto

Izboskandagi (Andijon viloyati) Birlashgan mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY) raisi Shuhratjon Abdullayevga shu yilning aprelida – karantin joriy etilgan kunlarning birida hokim Serobiddin Ismoilov katta ko‘chani ko‘rsatib qo‘ydi.

Tuman hokimining yarim tunda (!) hudud faollari ishtirokida majlis o‘tkazayotgan chog‘i chiqargan hukmi qat’iy, shikoyatga o‘rin qoldirmaydigan ohangda yangradiki, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mutasaddilari binoyidek ishlab kelayotgan raisning ko‘nglini ko‘tarishni qo‘ya turing, aksincha «katta»ning qarorini yoqlab, «Tezda arizangizni yozing!» deya pishang berishga tushishdi.

Rais, turgan gapki, ariza yozishdan bosh tortdi: «Shoshmay turinglar-chi, baraka topgurlar, hech qursa, tong otsin?!».

Yo‘q, mulozimlar ikki oyoqni battar bir etikka tiqdi: «Ariza yozmasangiz, hokimlik binosidan chiqmaysiz, vassalom!»

Har qancha qistalang qilinmasin, Sh. Abdullayev «Yo‘q, yozmayman», deb turib olgach, bir varaq oq qog‘ozga majburan imzo chektirishganidan so‘nggina tashqariga kuzatib qo‘yishdi...

Xo‘sh, mahallaqo‘m qay bir gunohi sabab hokimning qahriga uchradi?

* * *

Xabaringiz bor, karantin tartibi tatbiq qilingan dastlabki kunlarda hududlarda ayrim noinsof savdogarlar oziq-ovqat mahsulotlari narxini sun’iy ravishda oshirib yuborishdi. Boz ustiga, ko‘pchilik doimiy ehtiyoj seziladigan birlamchi mahsulotlar, jumladan, un xarid qilishga tushib ketdi. Oqibatda erkin savdoda un narxi ko‘tarilib ketganligi ham bor gap. Ayni shunday sharoitda eng zarur mahsulotlar savdosi yuzasidan davlat tashabbusni qo‘lga oldiki, har bir hududga belgilangan grafik asosida, arzon narxda keltirilgan un mahsulotlari tarqatilishini taqsimot va nazorat qilish mahalliy mutasaddilar, xususan, mahalla raislari chekiga tushdi.

Birlashgan mahallasida ham shu yil 20 aprel kuni peshindan so‘ng boshlangan un tarqatish jarayoni to shomga qadar davom etdi. Tabiiyki, Shuhratjon Abdullayev rais sifatida ayni yumushning boshida turdi.

Allamahalda uyiga charchab kelgan rais kechki ovqat mahali «hazmi taom» uchun savil qolgur «shaytonning suvi»dan 50 gramm no‘sh aylaydi. Buning uchun uni ayblab bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. To‘g‘risiyam-da, ish vaqtidan so‘ng ichish yoki ichmaslik har kimning shaxsiy huquqi. Muhimi, birovga ziyoni tegmasa bo‘lgani! Ichish man etilganida edi, davlat tomonidan alkogol savdosi bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlar qabul qilinmagan, aksiz solig‘i joriy etilmagan bo‘lardi...

Qisqasi, kechki ovqatdan so‘ng uyquga yotar mahalla raisiga qo‘ng‘iroq bo‘ladi: «Zudlik bilan hokimlikka yig‘ilishga!»

Faollarning tungi mashvarati kun tartibidan bir qator masalalar o‘rin olgan ekan. Muhokama navbati oziq-ovqat taqchilligining oldini olish mavzusiga kelganda hokim Serobiddin Ismoilov atrofidagilarga «Guruchni qanday qilib uzoq saqlash mumkin: tayyor holdami yoki sholi ko‘rinishida?» degan mazmunda savol beradi. Savolga mulozimlar javob qaytarar ekan, zalda o‘tirgan Shuhratjon Abdullayev ham «Sholi holatida uzoq saqlash mumkin!» deya fikrini bildiradi (tajribali dehqonlarning ta’kidlashicha, chindan-da guruchdan ko‘ra sholini saqlash osonroq).

Hukmfarmo hokim mahalla raisining so‘zlash uchun qo‘l ko‘tarib ruxsat so‘rash o‘rniga shartta o‘rnidan turib «ot solvorishini» eng kamida beadablik deb qabul qilgan bo‘lsa, ne ajab?! Yo‘qsa, shu onning o‘zidyoq «Ichib olganmi bu? Zaldan chiqib ketsin, raislikni bo‘shatib qo‘ysin!» degan keskin qarorga kelmas edi.

Xullas, bor gap shu.

...Birlashgan MFY faollarining shu mavzudagi murojaatidan so‘ng tuman hokimining o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Saida Abdusalomovadan ayni masala yuzasidan izoh olindi. Hokim o‘rinbosari yuqorida tasvirlangan holatni tasdiqlar ekan, ishdan bo‘shatilgan raisning shaxsiyatini, oilasini uzoq yillardan beri yaxshi tanishini, mahalladagi eng namunali xonadonlardan biri ekanligini ta’kidladi. Abdusalomovaning qayd etishicha, yangi rais saylash maqsadida MFY kengashidan uch bor nomzod so‘ralgan. Ammo kengash a’zolari boshqa nomzod berishdan bosh tortishgan.

Modomiki, sobiq raisning mahallada obro‘yi bor ekan, vaziyatni tushuntirib, himoya qilish kerak emasmidi?

S. Abdusalomovaning bu savolga javobi qisqa-lo‘nda bo‘ldi: «Hokim – hokim-da, uka...»

* * *

Endi masalaning qonuniy jihatlari xususida ikki og‘iz gap. Sh. Abdullayevning ta’kidlashicha, ishdan bo‘shashi to‘g‘risida yozilgan ariza hamda undagi imzo o‘ziga tegishli emas. Ya’nikim, hokimlik yoki mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlaridan biri tomonidan rais nomidan soxta ariza yozilib, hujjat rasmiylashtirilgan. Qo‘limizda turgan ariza nusxasidagi yozuv bilan Sh. Abdullayevning asl husnixati bir-biridan farq qiladi. Ayni holat yuzasidan xatshunoslik ekspertizasi o‘tkazilishi hamda borib turgan bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlar aniqlanib, jazolanishi zarur.

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, vazifasidan ozod etilgan xodimga ishdan bo‘shatilganligi xususidagi buyruq nusxasi hamda mehnat daftarchasi shu kunning o‘zidayoq berilishi shart. Sh. Abdullayev esa S. Abdusalomova tomonidan imzolangan buyruq asosida 15 may kuni vazifasidan ozod etilyapti. Buyruq nusxasi oradan naq 40 kun (!) o‘tib, yana deng, raisning oila a’zolari tomonidan qayta-qayta surishtirilgandan so‘ng, 25 iyun kuni pochta orqali uning yashash manziliga yuborilyapti. Konvert esa oradan yana 48 kun (!) o‘tib, raisning qo‘liga tegyapti.

Sudda da’vo muddati degan tushuncha bor. Mehnat munosabatlari bilan bog‘liq nizolarda ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lgan xodim bir oy muddatda sudga da’vo kiritish huquqiga ega. Shundan kelib chiqilsa, Izboskanda hokim va uning noqonuniy buyrug‘ini so‘zsiz ijro etuvchi mas’ullarning «vaqt o‘ldirish» maqsadida qo‘llagan ayni taktikasiga qoyil qolmay iloj yo‘q!

Biz ichib olib hokimlik binosiga borishni oqlash yoki targ‘ibot qilish niyatidan yiroqmiz (garchi boshqalarni bezovta qilib, to‘s-to‘polon ko‘tarilmagan bo‘lsa-da). Ammo vaziyatga ob’yektiv baho bering – mahalla raisi emas, balki hokimning o‘zi aybdor emasmi? Ish vaqtidan keyin, yana deng allamahalda majlis chaqirish qaysi qolipga sig‘adi?

Qolmishiga mehnat munosabatlari hamda mahalla raislari saylovi bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlarga, hukumatning yarim kechasi odamlarni yig‘ilishga chaqirmaslik xususidagi ko‘rsatmalariga ham tupurib qo‘yilyaptiki, ayni hol hokimning xohish-istagi har qanday qonun-qoidadan ustun degan xulosaga undaydi.

Raislar bor – davlat tomonidan yo‘qsillarga ajratilayotgan mablag‘larni o‘zlashtirish payidan bo‘ladi, raislar bor – jurnalistlarga o‘z o‘g‘lini kambag‘al qilib ko‘rsatib, jamoatchilikka tap tortmay yolg‘on ma’lumot berib, spektakl qo‘yadi. Bizning qahramonimizga esa, davlatga, xalqqa xiyonati uchun emas, birgina xatosi uchun chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi. 

Davlat rahbari «Xato qilsang, kechiraman, ammo xiyonatni kechirmayman», deb bir necha bor ta’kidladi. Davralardagi otashin nutqlarida «Prezident komandasidanman!» deya urg‘u berishni xush ko‘radigan hokim Serobiddin Ismoilov esa amalda ayni tamoyilning teskarisini qo‘llayotganday.

Yoki so‘z boshqa, ish boshqami?

Nurillo No‘’monov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring