Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi qonun bilan mustahkamlanadi

Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi qonun bilan mustahkamlanadi

Foto: «Senat.uz»

Bugun, 20-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi, uning mazmun-mohiyatini mas’ullar ishtirokida muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, ilgari yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi oqibatida ko‘pchilik bemor yurtdoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolanar edi. Hatto ayrimlari bevaqt vafot etardi.

E’tiborlisi, so‘ngi yillarda mazkur sohada olib borilgan islohotlar mamlakatimizda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratdi. Natijada bugungi kungacha yurtimizda 700 dan ortiq ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.

Istiqbolda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqan senatorlar inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan O‘zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg‘u berdilar. Shuningdek, inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchiligimizda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu bois, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotganligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar deputatlariga qonun loyihasi mazmun-mohiyatini aholi hamda keng jamoatchilik orasida tushuntirish, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni umumlashtirgan holda taqdim etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shuningdek, davra suhbatida ana shunday jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan yurtdoshlarimiz bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgani xalqimiz salomatligini muhofaza qilish hamda ularga qulayliklar yaratilishida muhim hujjat bo‘lishini ta’kidladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring