Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ipoteka kreditlari berilishini kengaytirish taklif etilmoqda

Ipoteka kreditlari berilishini kengaytirish taklif etilmoqda

Foto: «Xabar.uz»

QHTBT portalida ipoteka kreditlari bozorini kengaytirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident Farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu haqda «Norma» xabar bermoqda.

Ipoteka bo‘yicha moliyalashtirishning barqaror tizimini yaratish vazifasini yangi tashkil etiladigan «Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ zimmasiga yuklash taklif etilmoqda. Ushbu tashkilot aholining sifatli va arzon uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish uchun tijorat banklariga yetarli hajmda mablag‘ berilishini ta’minlashi nazarda tutilmoqda. 

Kompaniya ipoteka kreditlari beradigan tijorat banklariga keyinchalik qayta moliyalashtirish uchun xalqaro institutlar, xorijiy banklar, mahalliy va xalqaro bozorlarning moliyaviy resurslarini jalb etadi. Institutsional investorlar orasida joylashtiriladigan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish mo‘ljallanmoqda. Ipoteka krediti berish va qayta moliyalashtirish sohasida uslubiyat va normativ hujjatlarni ishlab chiqishda ko‘maklashish ham kompaniya zimmasiga yuklatiladi.

Shuningdek 2020-yil 1-yanvardan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari xodimlari, sudyalar, ko‘p bolali oilalar va boshqa ayrim toifadagi fuqarolarga uy-joy sertifikatlarini berish taklif etilmoqda. Ushbu sertifikatlar davlat budjeti mablag‘lari bilan ta’minlanadi va ipoteka krediti vositasida sotib olinadigan uy-joy qiymatining bir qismini to‘lash uchun mo‘ljallanadi. Bu ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashga doir amaldagi dasturlarning o‘rnini bosadi. Uy-joy sertifikatlari tegishli toifadagi fuqarolarga qat’iy belgilangan summada faqat bir marta taqdim etiladi, uning miqdori har yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi.

2020-yil 1-yanvardan davlat dasturlari doirasida beriladigan yangi ipoteka kreditlari bo‘yicha kreditlash shartlarini o‘zgartirish nazarda tutilgan. Chunonchi, buyurtmachi va bosh pudratchi sifatida dasturda ishtirok etuvchi kompaniyalar ro‘yxati kengaytiriladi hamda Moliya vazirligi banklarga bergan kreditlar bo‘yicha, shuningdek aholiga beriladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha imtiyozli davr 1 yilgacha qisqartiriladi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz oluvchi – uy-joy egalari uchun foiz stavkasi qat’iy belgilangan 7%dan MBning qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha oshiriladi. 

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring