Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Iste’dod» jamg‘armasi tugatildi

«Iste’dod» jamg‘armasi tugatildi

Foto: «1news.uz»

O‘zbekiston Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi qayta tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, Xorijda stipendiantlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va o‘qishini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  «Iste’dod» jamg‘armasi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

Farmon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bugun, 2018-yilning 5-aprel kuni imzolangan. Uning matni O‘zAda e’lon qilindi. Hujjatning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V.Mahmudov, Prezident Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.Mavlonov va Tashqi ishlar vaziri A.Komilov zimmasiga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Iste’dod» jamg‘armasi 2003-yil 1-iyulda tashkil etilgan edi. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi farmoniga muvofiq jamg‘armaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish «Iste’dod» jamg‘armasiga o‘zgartirilgan edi. Jamg‘arma faoliyatining maqsadi yuqori malakali, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh yetuk mutaxassislarni jahonning nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va PhD dasturlari asosida tayyorlash orqali respublika iqtisodiyotining ustuvor sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish, davlat va jamoat tuzilmalari xodimlarning, pedagog va ilmiy kadrlarning bilim va malakalarini oshirish darajasini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning hamkorlik asosida rivojlamgan mamlakatlarda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishlariga ko‘maklashishdan iborat etib belgilangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring