Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kambag‘allik chegarasi Toshloq tumani misolida sinovdan o‘tkaziladi

Kambag‘allik chegarasi Toshloq tumani misolida sinovdan o‘tkaziladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 3-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish katta muammo bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimizda ham ishsizlar soni ko‘paydi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlari. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ro‘yxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard so‘mlik ko‘mak berildi.

Davlatimiz rahbari asosiy maqsad kambag‘al oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini ish bilan ta’minlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shug‘ullanish zarurligini ta’kidladi.

– Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin ko‘ngildan ishlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda belgilanganidek, tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirib, ularni kambag‘allikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.

Ushbu tizim Yagona ijtimoiy reyestr uchun ham katta zamin bo‘ladi. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reyestrni vazirlik - viloyat - tuman - mahalla kesimida to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Kambag‘allik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash usuli Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan o‘tkazilishi belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishsizlik darajasi yuqori, infratuzilma tarmoqlari yetishmaydigan tumanlar, ayniqsa, chegaradosh hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shunday tumanlarda aholi bandligini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma’lumki, karantin choralarini yumshatish natijasida 17 mingdan ziyod sanoat va 10 mingta qurilish sohasidagi korxonalar faoliyati tiklandi. Lekin ularning ko‘pida mablag‘ oqimlari karantingacha bo‘lgan davrdagiga nisbatan 3 baravar kamayib ketgan.

Markaziy bankka hisob-varag‘ida pul aylanmasi yetarli bo‘lmagan korxonalar muammolarini aniqlab, ularga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 milliard so‘m subsidiya ajratish orqali 18 ming kambag‘al aholi bandligini ta’minlash imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Pandemiya oqibatlarini yumshatish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Umuman aytganda esa, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga 4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirildi.

Ushbu mablag‘larni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish o‘rinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, hunarmandchilik uchun bugungi kunga qadar 190 milliard so‘m ajratilgan. Ammo Navoiy, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida bu mablag‘larning o‘zlashtirish sur’ati tanqid qilindi.

Joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambag‘al aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 milliard dollar bo‘lgan 206 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o‘rni yaratish choralari belgilangan. Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ushbu loyihalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligida ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘p. Yig‘ilishda qayd etilganidek, birinchi yarim yillikda 38 ming gektar yerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha 51 ming gektarni o‘zlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Bu yerlarning 20 ming gektari kam ta’minlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, g‘alladan bo‘shaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan kam ta’minlangan 28 ming xonadonga naslli echki, 50 mingta oilaga parranda, 100 mingtasiga naslli quyon tarqatiladi.

Qurilish sohasidagi imkoniyatlar ko‘rib chiqilar ekan, Inqirozga qarshi kurashishi jamg‘armasidan ajratilgan 3,6 trillion so‘m hisobidan bajariladigan qurilish-pudrat ishlariga 85 ming nafar odamni jalb qilish mumkinligi aytib o‘tildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring