Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kitoblar – ovozsiz muallimlar…

Kitoblar – ovozsiz muallimlar…

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri 2-cyektori tomonidan 21-oktyabr «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinganining qutlug‘ sanasiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi.

Shahar prokurori Bahrom Bekbo‘tayev tomonidan sektor hududiga kiruvchi 8 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi va Toshkent davlat kimyo-texnologiya oliygohining Shahrisabz filiali hamda Namaton geodeziya va ekologiya texnikumiga jami ikki yuzga yaqin kitoblar tuhfa etildi.

– Sektorimiz hududidagi maktablarning va ushbu ikkita jami umumiy kitob fondi ikki mingta bo‘lib, ochig‘ini aytish kerak, so‘nggi bir yilda ularga bor-yo‘g‘i 680 ta badiiy adabiyotlar keltirilgan, – deydi B.Bekbo‘tayev. – Taniqli G‘arb olimlaridan biri «Kitoblar ovozsiz muallimlardir», degan fikrida jon bor. Darhaqiqat, kitoblar odamlarning yo‘lini yoritib turuvchi mayoqdir. Biz chop etilgan yangi badiiy asarlar taqchilligini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikni samarali hal qilishga bel bog‘ladik. Jumladan, Sektor hududidagi uyushma a’zosi va «Yangi kitob» nashriyoti tomonidan 200ga yaqin turli yangi adabiyotlar bizga til bayrami arafasida taqdim etilgani ana shunday xayrli ishlarimizning boshlanishi bo‘ldi.

– Maktabimiz kitob fondida, afsuski, yangi chiqqan kitoblar, jumladan, badiiy adabiyotlar nihoyatda taqchil. Bugun berilgan asarlar orasida ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Boburning «Boburnoma», Muhammad Alining «Ulug‘ Saltanat», «Mitti hikoyalar: kecha va bugun» kitoblari, shuningdek jahonning atoqli adiblari Mario Pyuzo va Deyl Karnegining asarlari borligi bizni, ayniqsa, mamnun etdi, – deydi shahardagi 20-sonli maktab direktori A.Taylanov. – Odatda sektorlar aholining ijtimoiy va iqtisodiy muammolari, kam ta’minlangan oilalar bilan shug‘ullanishiga ko‘nikib qolganmiz. Ammo bugun bizni chaqirishib, muhim ma’naviy-ma’rifiy masala – har birimizga yigirmaga yaqin kitoblar taqdim etishganidan, sektor rahbarining til va adabiyotning hayotimizdagi o‘rni haqidagi, bu boradagi qonunchilik talabi va me’yorlar haqidagi qiziqarli ma’ruza qilganidan, ochig‘i, boshimiz osmonga yetdi. Bu orqali biz sektorning ma’naviy ishlar borasida ta’sirchan mexanizm ekaniga bevosita guvoh bo‘layapmiz. Zero, barcha muammolar yechimi, u jinoyatchilik bo‘ladimi, ishsizlik bo‘ladimi, mahallalardagi maishiy oilaviy muammolar bo‘ladimi, eng avvalo, insonning axloqiy tafakkuri va bilimi darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Kitobxonlik va mutolaa madaniyati esa bu yo‘lda eng kuchli vositadir.

– Cyektor rahbari bugun bu kabi ma’rifiy ishlar bardavom bo‘lishini ta’kidlar ekan, sektor hududidagi 10 ta umummiy ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘quvchilari va talabalar o‘rtasida noyabr va dekabr oylarida ikki bosqichli «Ona tilim – jonim-jahonim» va «Yangi O‘zbekiston – mening taqdirimda» insholar tanlovi o‘tkazilishini e’lon qildi, – deydi Toshkent davlat kimyo-texnologiya oliygohining Shahrisabz filiali direktori Sh.Mutalov. – Har bir muassasaning uch nafardan g‘olibi Yangi yil bayrami arafasida jami bir million so‘mdan, sektor bo‘yicha esa 10 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanishi va o‘g‘il-qizlarimizning eng sara 30 ta insholari esa yaxlit jamlanib, to‘plam holida chop etilishi va ta’lim dargohlariga tarqatilishi haqidagi fikrlar albatta bizga ham, yoshlarimizga ham yangi kuch va ijodiy rag‘bat bag‘ishlaydi.

Dilnura Rahmatova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring