Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Klinik o‘limdan saqlab qolingan bolaning holati hozir qanday? Bir qahramonlik tarixi (video)

Klinik o‘limdan saqlab qolingan bolaning holati hozir qanday? Bir qahramonlik tarixi (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Ijtimoiy tarmoqlarda klinik o‘lim holatidagi bola otalaringolog-shifokor tomonidan qutqarib qolingani tasvirlangan videolavha tarqab ketgan edi. Xabar.uz sayti shifokor ko‘rsatgan qahramonlik tafsiloti va bolakayning ayni vaqtdagi holati haqida ma’lumot oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2 yoshli bolakay ota-onasi bilan avtomobilda ketayotgan vaqtda sog‘ligi keskin yomonlashgan. U o‘tkir respirator kasallik – shamollash oqibatida viruslar qo‘zg‘atadigan, kelib chiqishi bir-biriga o‘xshash o‘tkir infeksion kasalliklardan biriga chalingan bo‘lgan. Jazirama ob-havo ta’sirida isitma keskin ko‘tarilib ketgan. «Bunday vaqtda organizm isitmaga turlicha reaksiya bildiradi. Ba’zan birdan isitma ko‘tarilishi natijasida talvasa boshlanishi, miyaga kislorod yetib borishi qiyinlashishi va klinik o‘lim holati yuzaga kelishi mumkin», — deydi 3-son bolalar klinik shifoxonasi shifokori Gulchehra Isxakova.

Bola xushidan ketgach ota-ona shoshilinch ravishda birinchi uchragan davolash muassasasiga murojaat qiladi. Bu vaqtda bola klinik o‘lim holatiga tushib qolgan edi.


Klinik o‘lim – hayot faoliyatlarini tiklash imkoni qolmaguncha, ya’ni biologik o‘limgacha bo‘lgan davr; bunda hayotning tashqi belgilari (yurak urishi, nafas) 3-5 daqiqa yo‘qoladi, markaziy nerv tizimi faoliyatlari so‘nadi, lekin moddalar almashinuvi jarayoni saqlanadi. Bu vaqtda uning hayotini hali qutqarib qolish imkoni bo‘ladi.


Ota-ona tasodifan duch kelgan muassasa lor-otalaringolog xususiy shifoxonasi edi. Ularning baxtiga bu yerda shifokor-otalaringolog Sergey Vladimirovich Tobias ishlaydi. U garchi reanimatólog bo‘lmasa ham kasb mahoratini namoyish etadi va bolani qutqarib qoladi. Sergey Vladimirovich bemorga qay tariqa sun’iy nafas oldirgani va yuragini massaj qilgani videoda tasvirlangan.

Foto: Telegram / Qo‘shni mahalla

«Hamkasbimiz barchasini to‘g‘ri bajargan. U bolaning hayotini saqlab qolish uchun shoshilinch reanimatsiya tadbirlarini aniq bajargan. Natijada nafaqat bolaning hayoti saqlab qolindi, balki uning organizmiga ortiqcha zahmat ham yetmagan. Shundan so‘ng ham qolgan jarayonlar to‘g‘ri amalga oshirilib, bemor 3-son bolalar klinik shifoxonasiga tez yordam mashinasida, shifokor ko‘rigi ostida yuborilgan.

Ko‘rsatilgan birinchi yordam muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bois bolani reanimatsiya bo‘limida olib qolishga ham ehtiyoj aniqlanmadi. U ayni vaqtda onasi bilan birga shifoxonamiz bo‘limlaridan birida davolanmoqda. Tegishli muolaja belgilangan va shifokorlarimiz nazoratida bo‘lib turibdi. Xudo xohlasa barcha davolash muolajalarini amalga oshirib, sog‘lom holatda shifoxonamizdan chiqib ketadi», — deydi shifokor.

— Aslida bunday qahramonliklar shifoxonalarda har doim uchraydi, — dedi suhbat oxirida Gulchexra Anvarovna. — Yurtimizda har kuni shifokorlar bemorlar hayoti uchun kurashadi. Siz mana shunday qahramonliklardan birini bugun o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz...

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring