Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist surishtiruvi: Ko‘cha kimniki? (video)

Jurnalist surishtiruvi: Ko‘cha kimniki? (video)

Foto: «Xabar.uz»

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qozoqovul mahallasi fuqarolari «Xabar.uz»ga g‘alati shikoyat bilan murojaat qilishdi. Ularning ellik yildan beri kirib-chiqib yurgan ko‘chalarini «Ergash ota» yopib qo‘yibdi.

Kattaqo‘rg‘onga yo‘l oldik. 

Foto: «Xabar.uz»

Mahalla ahli nima deydi?

«Yopib olingan ko‘cha»da yashovchilar bilan suhbatlashdik. Hammasi bir ovozdan «Ergash ota» xususiy tibbiyot markazi rahbari Berdiqul Ergashevning o‘zlari yashaydigan mahalla ko‘chasiga temir darvoza o‘rnatib, uni qulflab olganidan norozi ekanini aytishdi.

− Avvaliga darvozani ochib, istalgan vaqtda o‘tib-qaytishlaring mumkin degan edi, keyin darvozani qulflab qo‘yib, faqat darchasidan piyodalar kirib-chiqib turishiga ruxsat berdi, − deyishdi mahalla ahli. Oxirida piyoda o‘tib-qaytishimizni ham taqiqlab, darchani ham qulflab qo‘yishdi. Biz bir necha marta qulflarni sindirganimizdan keyin butunlay payvandlab, darvozani ochilmaydigan qilib tashlashdi. Endi shu darvoza va panjaralarni buzib tashlashimiz qoldi.

Caption

− Bugungi kunda «Ergash ota» mahallamizga kiradigan yo‘lning boshiga ham, shifoxona hovlisiga ham darvozalarni o‘rnatib, mahallamizga kirib-chiqishni butunlay to‘sib qo‘ydi, − deydi Umid Shamsiyev. – Bu darvozalarni buzib tashlasak, Berdiqul Ergashevning bu noqonuniy xatti-harakatlariga beparvo qarab turgan rahbarlar, ichki ishlar xodimlari darhol bizga qarshi choralar ko‘rishi aniq. Shuning uchun boshqa chora topa olmay, sizlarga murojaat qildik.

Mahallamizga kirib-chiqib turishimiz uchun shifoxonani aylanib o‘tadigan bir yo‘l qilib berdi, − deydi mahalla ayol-qizlaridan biri. – Ammo bu yo‘l juda tor, ikkita mashina ikki tomondan kelib qolsa, muammo chiqadi, bu ko‘chaga ikkita mashina sig‘maydi. Xudo ko‘rsatmasin «Tez yordam» chaqirishimiz bor, yong‘in chiqishi bor. Yong‘in chiqsa, o‘t o‘chirish mashinalari bu ko‘chadan o‘ta olmaydi.

— Mahallamizga ichimlik suvini mashinalarda tashib kelamiz, − dedi bir yigit. – Bir marta suv olib kelgan haydovchi kirib-chiqishning noqulayligidan ikkinchi marta qaytib kelmayapti.

Foto: «Xabar.uz»

Mahalla oqsoqoli mahallaning uvol-savobiga javobgar bo‘ladi. Biz MFY raisi bilan ko‘risha olmadik, zarur ishlar bilan band ekan, ammo telefonda gaplashdik:

− Haqiqatan ham mahallaga kiradigan yo‘lni bekitib qo‘yish to‘g‘ri emas, ammo Berdiqul Ergashev shifoxonasi atrofidan aylanib o‘tadigan yo‘l qilib, uni asfaltlab ham berdi, − dedi oqsoqol. – Ammo bu yo‘l torligi mahalla ahliga yoqmayapti. 

Professor nima deydi?

− Yo‘lni panjara va darvoza qo‘yib yopishni o‘z ixtiyorim bilan qilganim yo‘q, − deydi «Ergash ota» xususiy tibbiyot markazi rahbari, oliy toifali vrach, faxriy professor Berdiqul Ergashev. – Bu ishni eng avvalo shu mahalla oqsoqollari bilan bamaslahat qilganman, fuqarolarga yozma ravishda murojaat qilganman va hamma ishni chigallashtirib yurgan Umid Shamsiyevdan boshqa hamma bu ishga rozilib bildirib, qo‘l qo‘yib bergan. Qolaversa, bu ish Oliy Majlis Senatining, viloyat hokimining roziligi va tuman hokimining qarori bilan amalga oshirilgan.

Ko‘chani yopib qo‘yish qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekani haqidagi savolimizga professor shunday javob qildi:

− Men mahalla ahliga noqulaylik bo‘lmasin deb o‘z shifoxonam hududi hisobidan ularga aylanma yo‘l qilib, uni asfaltlab ham berganman. Yo‘l yo‘q deyishlariga umuman asos yo‘q.

Foto: «Xabar.uz»

Professorning ham mahalla ahli, aniqrog‘i ularning «faoli» Umid Shamsiyevga yaxshigina da’volari bor ekan:

− Xabaringiz bor, men asosan och qoldirib davolash yo‘li bilan hatto saraton kasaligacha bo‘lgan yuzlab kasalliklarni davolayman. Muolajalarim 90, hatto 110 kungacha davom etishi mumkin. Endi o‘zingiz o‘ylang, shuncha vaqt och yurgan odamning burni tagida kaboblarning o‘tkir hidi anqib tursa, irodasizlik qilib qo‘ymaydimi? Bu Umid Shamsiyev o‘zi bu yerga yaqinda kelgan. Shifoxonamga qo‘shni uyni sotib olib, shu xonadonda oshxona ochib oldi. «Kep qoling, opqoling» deb kaboblarni yelpib turganidan keyin haftalab, oylab och yurgan odamlar irodasizlik qilib, kabobning dimoqni qitiqlaydigan hidi oldida o‘zini tuta olmay, ovqat yeb qo‘yishadi. Natijada mening oylab qilgan muolajam chippakka chiqadi. Ustiga bu yigit hovlisida noqonuniy mehmonxona, cho‘milish xonalari, hatto stomatologiya kabineti ham ochib olgan. Axir o‘zimizda eng zamonaviy asboblar bilan jihozlangan stomatologiya kabinetimiz bor. Raqobat yuzasidan ham bularga chek qo‘yishim kerakmidi? Qolaversa, u yerga borib bir kecha dam olgan yoki cho‘milgan chet ellik mehmonlarning buyumlari yo‘qolmoqda edi. Masalan, ikki nafar xorijiy mehmonning qimmatbaho telefoni yo‘qolib, keyinchalik IIB xodimlari tomonidan aynan o‘sha xonadondan topildi.

Hujjatlar nima deydi?

Hujjatlar bilan tanishdik. Haqiqatan ham Berdiqul Ergashev O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga murojaat qilgan va departament mudiri M.Jumaniyazov imzolagan quyidagi mazmundagi xat Samarqand viloyati hokimiga yuborilgan:

«Ergash ota» xususiy tibbiyot markazi rahbari Berdiqul Ergashevning murojaatini muallif ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqib, unda ko‘rsatilgan masalalarning qonuniy hal etilishi yuzasidan zaruriy choralar ko‘rishingiz va natijasini Vazirlar Mahkamasiga ma’lum qilishingiz so‘raladi».

Foto: «Xabar.uz»

Albatta, viloyat hokimi ham shu mazmundagi topshiriqni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiga beradi va tuman hokimi A.Bahromov 2018-yilning 1-martida quyidagi mazmundagi farmoyishni imzolab beradi:

«Tumanda tibbiyot turizmini rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan meditsina xizmatlari sifatini yaxshilash va ko‘lamini ko‘paytirish maqsadida, shuningdek, tuman IIB, tuman DSENM, IIB YHX, tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi xatlari va «Ergash ota» xususiy tibbiyot markazi rahbari Berdiqul Ergashevning ruxsat so‘rab yozgan xatlariga asosan, O‘zbekiston Respublikasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 6- va 25-moddalariga asosan «Ergash ota” xususiy tibbiyot markazi hududidan o‘tadigan yo‘lda panjara darvozalar o‘rnatishga rozilik berilsin! Aholiga esa shifoxonaning g‘arb tomonidan eni 6 metr, uzunligi 49 metr aylanma yo‘l borligi ko‘rsatilsin!».

Foto: «Xabar.uz»

Qo‘limizda yana ikkita hujjat bor. Bularning qiziq jihati shundaki, birinchisi «Ergash ota» xususiy tibbiyot markazi rahbari Berdiqul Ergashevning mahalla fuqarolari nomiga yozgan iltimosnomasi bo‘lib, unda Berdiqul Ergashev aylanma yo‘l qilib, uni asfaltlab berishini va’da qilib, shifoxona o‘rtasidan o‘tgan yo‘lni ikkala tomondan yopishiga rozilik berishlarini so‘ragan va mahalla ahli rozilik berib, qo‘l qo‘yib berishgan. Ikkinchisi aynan shu darvozalar o‘rnatilganidan norozi bo‘lib, bunda tuman hokimi ham Yer kodeksining 64-moddasini qo‘pol tarzda buzgani, shuningdek mahalla fuqarolari va mazkur ko‘chadagi kichik tadbirkorlarning manfaatlariga zid qaror qabul qilgani ko‘rsatilib, O‘zbekiston Prezidenti, Oliy Majlis spikeri, Bosh vazir, Bosh prokuror, Samarqand viloyati hokimi, viloyat prokurori, tuman prokurori nomiga yozilgan shikoyat xati. Qizig‘i, Berdiqul Ergashevning iltimosnomasiga rozi bo‘lib imzo chekkan mahalla fuqarolari bu shikoyat xatiga ham imzo chekkanlar.

«Xabar.uz» nima deydi?

Tuman va viloyat rahbarlari aholini ham, tibbiyot markazi rahbarini ham rozi qiladigan bir aniq va adolatli qaror qabul qilmay, ikkala tomonni murosaga keltira olmay, u yoki bu tomon xat bilan murojaat qilganida ularning istagiga qarab farmoyish chiqarib berib turganida «Xabar.uz» nima ham derdi?

Ikkala tomonga ham insof tilash, tegishli idora mutasaddilari qonunan shug‘ullanib, nizolar jiddiy tus olmasidan bu muammoni odilona hal qilib berishlaridan umid qilish qoldi bizga.

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz» muxbiri 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring