Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Komil Allamjonov: «Og‘ir ahvolda qolayotgan bosma nashrlar borasida Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi»

Komil Allamjonov: «Og‘ir ahvolda qolayotgan bosma nashrlar borasida Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi»

Foto: «Facebook»

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qaror yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Hujjatda Agentligimiz zimmasiga ham bir qator muhim vazifalar yuklatilgan. Xususan:

  • tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan normani bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi;
  • sud tizimida shaffoflikni va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida jurnalistlar va fuqarolarning ochiq sud majlislarida ishtirok etishi, sudlarning veb-saytlari va matbuot kotiblari ishini yaxshi tashkil qilish bo‘yicha Oliy sud Plenumining qarori qabul qilinadi;
  • hamon og‘ir ahvolda qolayotgan bosma nashrlar borasida — davlat organlari muassis bo‘lgan bosma OAVlarini kuchaytirish, tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashni yaxshilash hamda bosma nashrlar veb-saytlarini rivojlantirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi;
  • «Teleradioeshittirishlar to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqiladi va «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar kiritiladi. Shu jumladan, tele- va radiostansiyalarga litsenziya berish jarayoni soddalashtiriladi hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jurnalistlarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari yoki qarorlaridan himoya qilish tizimi kuchaytiriladi;
  • O‘zbekistondagi barcha davlat organlari faoliyatining ochiqligini, ularning OAV bilan aloqalarini kuchaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqamiz.

Ushbu qaror mamlakatimizda qonun ustuvorligi hamda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash yo‘lidagi, ularni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim va dadil qadam bo‘ladi. Bu asnoda Agentligimiz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ta’minlanadi», deyiladi rasmiy bayonotda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring