Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish uchun ayrim tadbirlar bekor qilindi

O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish uchun ayrim tadbirlar bekor qilindi

Vazirlar Mahkamasida Navro‘z bayramini o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portali xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, asosiy bayram tadbirlari va xalq sayllari o‘tkaziladigan joylarda yangi turdagi COVID-19 koronavirusining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida tegishli profilaktik choralar ko‘riladi, tibbiy nazorat kuchaytiriladi. Shu bilan birga, mazkur yuqumli infeksiya inobatga olinib, xavfsizlik nuqtai nazaridan bir qator mahalliy va xalqaro darajadagi, chet ellik mehmonlar ishtirokidagi tadbirlar bekor qilinmoqda.

Xususan, bayram arafasida Toshkent shahrida o‘tadigan Navro‘z marafoni, Xiva shahrida 31-mart 1-aprel kunlari tashkil etiladigan «2020-yilda Xiva shahri turkiy dunyo madaniyati poytaxti» yilining rasmiy ochilish marosimi hamda «Buxoro shahri – Islom olami madaniyati poytaxti», deb e’lon qilinishi munosabati bilan 14-16-aprel kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilindi.

Shuningdek, joylarda ko‘chma savdo do‘konlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kitob rastalari, bahoriy taom sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etiladi, milliy chorpoyalar, so‘rilar va xontaxtalar joylashtiriladi.

Bog‘larda, ochiq maydonlarda dorbozlar, polvonlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlarning tomoshalari, qushlar ko‘rgazmasi, varrak uchirish, arqon tortish, arg‘imchoq uchish kabi xalq o‘yinlari musobaqalari tashkil etiladi.

Sayl davomida mamlakatimizda istiqomat qiladigan turli millat vakillarining badiiy chiqishlari, folklor-etnografik guruhlarning konsertlari ham o‘tkaziladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring