Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Video: Kurakda turmaydigan «syurpriz»lar...

Video: Kurakda turmaydigan «syurpriz»lar...

Ijtimoiy tarmoqlar mavjud ekan, kunda kunora bir ohari to‘kilmagan mavzu. Ayniqsa, to‘y va tug‘ilgan kun kabi tadbirlarda yangidan-yangi paydo bo‘layotgan «urf-odatlar» odamni shoshirib qo‘yadi.

Yuzga chaplangan tort

Tug‘ilgan kuni bo‘lgan odamning kayfiyati boshqacha bo‘ladi. Ayniqsa, tug‘ilgan kuni nishonlanayotgan «aybdor»ga bildirilgan ezgu tilaklar, kutilmagan sovg‘ayu syurprizlarni aytmaysizmi? Ushbu kunda bildiriladigan tilak va SMS-xabarlar, turli suratlar, hazilnoma she’rlar bitilgan multfilm qahramonlari surati tushirilgan otkritkalar beg‘ubor bolalikni eslatadi, kayfiyatingizni ko‘taradi. O‘sha kuni eng hazilkash inson ham tug‘ilgan kuni bo‘layotgan «aybdor»ga beozor hazil qilishga urinadi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yigitlar nishonlayotgan tug‘ilgan kunni nima deb baholashni bilmadim. Tarqalgan videoda ko‘rsatilganidek, yigit kechasi o‘rtoqlarining oldiga chiqadi. Uni kutib turgan do‘stlari yashiringan joyidan chiqib kurakda turmaydigan «syurpriz»larini namoyish qilishadi. Tug‘ilgan kuni bo‘layotgan yigitning yuziga tort chaplashganini ko‘rib bundan ortiq odamning ustidan kulish mumkinmi, deb o‘yladim. Do‘stlari balki unga unutilmas «sovg‘a» qilishmoqchi bo‘lgandir. Tortning ortidan ketchup, mayonez yana allaqanday ichimlikni boshidan, yelkalaridan quyishdi. Oxirida esa tarvuzni yigitning boshida pachaqlashdi. Biram xunuk va beo‘xshov manzara.

So‘nggi tarqalgan videodagi holat hammasidan oshib tushdi: tug‘ilgan kuni nishonlanayotgan yigitni do‘stlari daraxtga bog‘lab (!), uni ayovsiz «siylashgan».

Hamma narsada me’yor bo‘lgani yaxshi ekan-da: Hazilda, ham, jinnilikda, beboshlikda ham. Bizga nonni teskari qo‘yma, ushoqni yerga to‘kma deb o‘rgatishgan. Tortning ham tarkibida un borligini hisobga oladigan bo‘lsak uni yerga chaplash, ezg‘ilash qanchalik to‘g‘ri? Ayniqsa, odamning yuziga ishqalash hech bir qolipga sig‘maydi. Yoki bo‘lmasa yegulikni mana shunday oyoq osti qilish mumkinmi? O‘ylab qoldim «Xafa bo‘lish yo‘q» kabi ko‘rsatuvlarning berayotgan natijasi emasmikan bu? Qolaversa, mana shunday ahmoqlik uchun sarflangan mablag‘ga biror joyda o‘tirib ovqatlanish, kinoga tushish yoki biron esda qolarli sovg‘a olish mumkin emasmi?

Puldan poyandoz

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda to‘ydagi dabdababozlik bilan bog‘liq video tarqaldi. Videolavhada to‘ylarning birida kelin hamda kuyovning yo‘lagiga puldan ko‘prik yasalganini va uning ustida yosh oila vakillari yurib kelayotganini ko‘rish mumkin. Bu videoni puldan ko‘prik deb nomlashibdi. Aslida puldan poyandoz desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki ayrim viloyatlarda kelin-kuyovning oyoq ostiga matodan poyandoz to‘shash urfi mavjud. Demak, bu urf ham yangilanibdi, ya’ni mato o‘rniga pul to‘shashibdi.

Shuningdek, yo‘lakdan tashqari to‘yga kelgan mehmonlar ularning ustiga tinmay pul ham sochgan. Bunday holatdan esa to‘ydagi yosh bolalar foydalanib qolishibdi. Bolalar osmondan yog‘ilgan pullarni terib olishga shoshishgan. Aslida pul sochish ham kelin-kuyovning ustidan shirinlik sochilishining yangilangan varianti ko‘rinadi. Bir paytlar lo‘lilar taniqli qo‘shiqchining ustidan mana shunday pul sochishganini ko‘rib hayron qolgandim. Bu odat hech qancha o‘tmasdan bizga ham yetib keldi.

***

Ba’zida narx-navoning oshishidan norozi bo‘lamiz, yozg‘iramiz. Ammo narx-navoning oshishiga mana shunday yerga nonni chaplab, osmondan pul sochishimiz ham sabab emasmikan? Axir xalqning to‘ylarda bunday dabdababozlik qilayotganini ko‘rganlar xalq qiynalyapti desa ishonadimi? Bu masalaning bir tomoni bo‘lsa, ikkinchi tomoni mana shunday ortiqcha sarf-xarajat, yangi «urf-odatlar»ni amalga oshirayotganlarni to‘xtatadigan, man qiladigan yoshi ulug‘ onaxonlaru otaxonlar nahotki bo‘lmasa?

Ha, yana bir gap. Mahalla faollari qayoqqa qarayapti?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring