Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lukoyl O‘zbekiston xalqi oldida rasman kechirim so‘rashi shart

Lukoyl O‘zbekiston xalqi oldida rasman kechirim so‘rashi shart

Men qurilish-ishlab chiqarish tashkilotida boshliq bo‘lib ishlaganman. Ob’yektlarda turli xil ko‘ngilsiz vaziyatlar bo‘lar edi. Ishchi xodimlar, brigadir va prorablarni koyiganman, mukofot to‘lovidan mahrum qilib, ishdan bo‘shatishgacha borganman. Ammo hech qachon inson nafsoniyatiga tegadigan gapni gapirishga yo‘l qo‘ymaganman.

Neftgaz sohasida ham ishladim. U yerdagi xavfsizlikka oid jiddiy holatlar bo‘lishidan xabarim bor, muammolarni hal qilish uchun faqat tizimli ish olib borsagina nazoratni ushlab turish mumkinligini bilaman. Undan tashqari men o‘z vaqtida «Lukoyl»ni ilg‘or texnologiyalarga egaligini e’tirof qilib, O‘zbekiston uchun kerakli kompaniyalardan ekanini aytgan edim. Shuning uchun bu haqda o‘z fikrimni ochiq bildira olaman.

Jamiyatimiz bilan esa xulosalarimni bo‘lishmoqchiman. Bunday hulq sizga ba’zi hokim va boshliqlarning atvorini eslatmadimi? Bu baloning ildizi bir: sovet-bolsheviklarcha ma’muriy buyruqboz va zo‘ravonlik tizimi onglarda xaligacha hukmron. Moddiy rag‘batlantirish bo‘lmaganda va g‘oya bilan yetaklash kuchini yo‘qotgan vaqtda insonni faqat qul ekanini miyasiga singdirib ishlata olish mumkin. Atayin kamchiliklar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilib, inson tinmay onasidan, millatidan, kelib chiqishidan haqorat qilaveradi, ayb kompleksi orqali uning shaxsiyati sindiriladi.

Bizga yangicha boshqaruv uslubi kerak. Yangi narsa ixtiro qilmay, g‘arb korporativ madaniyati va muomala standartlarini zudlik bilan joriy qilish kerak. Buni taklif qila olmaydigan xalqaro hamkorlar bizga kerakmas. Rossiyada ko‘p korporatsiyalar o‘zlarida g‘arbiy uslubni joriy eta olishgan, ammo nega O‘zbekistonga kelib sovetcha uslubga qaytilyapti?

Rivojlangan, ma’rifatli mamlakatlarda ma’lum millat yoki irq vakilini haqoratlashga nisbat beriladigan ma’lum so‘zlar iste’moli ustidan nazorat olib boriladi. Bular sabzovot, meva, hayvon nomlari, «n» xarfdan boshlanadigan so‘z va hokazolar. Biron millat va elatga taaluqli shunday so‘zlar ishlatilib qolsa katta janjal boshlanadi, huquqiy baho beriladi va rasmiy uzr so‘rash talab qilinadi. Shuning uchun bu mamlakatlarda korporativ multimadaniyat, odob-ahloq normalariga jiddiy ahamiyat beriladi.

Lukoylda ishlovchi o‘zbekistonlik ishchilarni haqorat qilgan xodimga nisbatan rasmiy chora ko‘rilishi va Lukoylning o‘zi O‘zbekiston xalqi oldida rasmiy bayonot bilan kechirim so‘rashini talab qilaman.

Ha, aytgancha. O‘sha oq kaskali zo‘ravonga aytib qo‘yish kerak. Qishloqda tug‘ilmagan bo‘lmasam ham bunday vaziyatda men ham qishloqdanman va bu bilan faxrlanaman.

Jamshid Muslimov

Manba: sof.uz

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring