Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Malika»da nima gap?

«Malika»da nima gap?

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahridagi maishiy texnika vositalari savdosiga ixtisoslashgan «Malika» savdo majmuasida kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi  tomonidan tashkil etilgan nazorat tadbiri bo‘yicha internet saytlarida va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab turli talqindagi fikrlar tarqalmoqda.

Ushbu holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qildi.

Joriy yilning 13-noyabr kuni «Malika» savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va respublikamizga yashirin yo‘llar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan.

Ushbu fuqarolar iste’molchilar huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tovarlar savdosi hamda sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holda, davlat budjeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni to‘lamagan.

Nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgan umumiy qiymati qariyb 308 mln. so‘mlik 66 ta maishiy texnika vositasi, 7,8 mingta uyali aloqa va aksessuarlar O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi»ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal bo‘lguniga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Davlat soliq qo‘mitasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning savdo bilan shug‘ullanishi uchun hech qanday to‘sqinlikka yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi — insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori, deyiladi DSQ rasmiy saytidagi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring