Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Mayli, suv ham, gaz ham kerakmas. Faqat shu yo‘ldan bir yuring, hokim bovo…»

«Mayli, suv ham, gaz ham kerakmas. Faqat shu yo‘ldan bir yuring, hokim bovo…»

Foto:«Hudud24.uz»

Nakurt juda katta qishloq. Qishloq ahlining yo‘l bilan bog‘liq muammosini hal qiladigan mas’ullardan hamon darak yo‘q. Qachonki Payariq tumanida hokim almashsa nakurtliklarning so‘nib borayotgan umidi ham qayta jonlanadi: «Balki, yangi kelgan hokim yo‘limizga e’tibor qaratib qolar…». Yo‘q, yangisi ham eskisining «metod»larini qo‘llaydi: «Kelasi yil qilamiz, «Obod qishloq» dasturiga kiritamiz.

Xullas, quruq va’dalardan tolgan nakurtliklar so‘nggi umidini matbuot bilan bog‘ladi. Ularning aytishicha, yo‘l muammosi matbuotda yoritilsa, eng yuqoridagi rahbarlar ham bundan voqif bo‘lib, mas’ullarning tanobini tortadi. Va uzoq kutilgan qishloq yo‘li asfalt qilinadi.

Nachora, biz ham ularning so‘nggi umidini so‘ndirgimiz kelmadi. Balki, ular aytganday matbuot sabab yo‘li asfalt bo‘lib qolar, balki kun sayin o‘zi ham «cho‘kib» borayotgan matbuot xalqning bitta muammosiga yelka tutganidan, o‘zining hali ham jamiyatda o‘rni borligini his qilar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Qishloq ahli o‘sha vaqtni kutmoqda. Biz esa, hozir «Nakurt» yo‘liga safar qilamiz.

«Intizor» bekatidagi intizorlar

Payariq tumani markazidan «Nakurt» qishlog‘iga yo‘lga chiqsangiz, to «To‘sinsoy»dan Nakurtga qayrilishgacha tekis va ravon yo‘ldan borasiz. Muyilishda esa, sizni «Intizor» bekati qarshi oladi. Aslida «Intizor» bekatmas, u yerda uzoq yillardan buyon uysifat do‘kon goh ishlab, goh ishlamay turadi. Qishloqqa keluvchilar shu binoning yon-atrofida sovuqdan, issiqdan, qor-yomg‘irdan panalaydi. Sababi, qishloqqa tomon yuruvchi texnikalar hadeganda kelavermaydi, soatlab kutiladi. Shu sabab qishloqliklar u joyga norasmiy bo‘lsa-da, «Intizor» nomini berishgan. Hozir bu nom ancha mashhur, sababi, «Intizor» bekatida uzoq vaqt ulov kutgan kishi borki, uni hech qachon unutmaydi.

Biz ham garchi ulovda bo‘lsak-da, «Intizor»da to‘xtadik. Bekatda besh-olti kishi intizor bo‘lib mashina kutib o‘tirgan ekan. Yo‘lning narigi tarafida esa, «Nakurt» qishlog‘iga biriktirilgan «Tez yordam» mashinasining balloni yorilib, uni tuzatayotgan ekan. Quyosh tig‘ida mashina g‘ildiragini yechayotgan haydovchiga savol bilan yuzlandim:

— Nima bo‘ldi?

— E-e, ko‘rmaysizmi uka? Yo‘lning ahvolini qarang, deya asfalti parchalanib, yo‘q bo‘lib ketgan, mashinalar tugul odam ham zo‘rg‘a yuradigan yo‘lga qaraydi. Doim shu ahvol. Yo‘lning dastidan chaqirilgan joyga vaqtida yetib borolmaymiz. Xavotir, hadik bilan xizmat vazifamizni bajaramiz, gohida kechikkanimiz uchun haqorat ham eshitamiz. Tasavvur qiling! Bemor og‘ir ahvolda bo‘lsa, uni zudlik bilan markazga olib borishimizga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘lda bemorni olib tez yuraman desangiz, Xudo saqlasinu o‘zimiz uning hayotiga zomin bo‘lishimiz mumkin.

Ha, «Tez yordam» haydovchisining gapida jon bor. Bu g‘arib yo‘lda tez yurishning imkoni yo‘q.

Hokimdan norozi, davlat xizmatlaridan rozi xalq

Soat taxminan o‘n birlarda qishloqdagi 37-maktabga yetib bordik. Ko‘pchilik shu yerda ekan. Ularning ko‘zlarida hozir tuman hokimi o‘zining butun a’yonlari bilan keladi-yu, qishloq yo‘lini asfalt qilish ishlari boshlanib ketadigandek, ilinj umidlari porlab turibdi. Afsuski, hokim bovo «arzimagan muammo» uchun ham dovon oshib bu yo‘llardan yurib kelarmidi? Yaxshiyam, Payariq tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari o‘sha joyda ekan. Hokim, sektor rahbari, yana ayrim mas’ullar javob beradigan savollarga ham ular imkon qadar javob berishdi.

Xalqqa qayishganni xalq hurmat qiladi. Nakurtliklar ham tuman davlat xizmatlari markazi xodimlarining beminnat xizmatidan mamnun bo‘lib, ularning ishlariga omadlar tilab, duo qilishdi.

Biz qishloq faollari bilan gurungni yo‘lda davom ettirdik. Bizga hamrohlik qilganlar goh entikib, goh alam bilan meni eshiting, mening gaplarimni yozing, deya qishloq yo‘lining abgor holini hikoya qiladi. Quyida ayrimlarining fikrlarini keltirib o‘tamiz.

Ovqat o‘choqda ham pishaveradi

Oltiboy xoji Dehqonov:

— Bilasizmi, bizga nima alam qiladi? O‘ndan ortiq qishloqlar birlashib, katta «Nakurt» qishlog‘ini tashkil qiladi. Biz ana shu qishloq yo‘llarining har birini asfalt qilib berishini so‘ramayapmiz, bor-yo‘g‘i shu yerdagi, barcha qishloqlarning umumiy foydalanuvidagi bitta asosiy yo‘l ta’mirlab berilishini so‘rayapmiz, xolos! Shu muammomizni hal qilish ham cho‘zilgandan-cho‘zilayapti.

Tuman hokimiga yozma murojaat ham qildik, og‘zaki aytishning-ku, kami qolmadi. Murojaatlarimiz, iltimoslarimiz havoda qoldi. Biz qishloq hududiga ham gaz quvuri tortishsin, toza ichimlik suvi keltirilsin, demapyamiz-ku! Bularni aytmaymiz ham. Chunki qishloq ayolllari o‘choqqa o‘t yoqib, suvni buloqdan, quduqdan chelaklab tashishga o‘rgangan. Bundan nolimaydi ham. Shunday ekan, ular ham goh-gohida sandiqda asrab yurgan ko‘ylaklarini kiyib, uyoq-buyoqqa borish uchun yo‘lga chiqqanda yurgan yo‘li-yu, o‘tirgan mashinasida changsiz, g‘uborsiz, bu hayotdan zavqlanib yurishga haqqi bor-ku!

Yashirib nima qildim, Yurtboshimizning viloyatlarga tashrifi chog‘ida kutilmaganda, belgilanmagan mahalla-yu, qishloqlarga borayotganligini ko‘rib, har gal Samarqandga kelganda bizning qishloqqa ham kelib qolarmikanlar, deb umid qilamiz. Chunki ko‘rayapmiz, o‘qiyapmiz Prezident borgan joylar kam bo‘lmayapti. Qishlog‘u mahallalardan tortib, yo‘ligacha obod bo‘layapti. Qisqasi, kutib o‘rgangan xalq kutaverarkan-da, biz ham necha yildirki yo‘limiz asfalt bo‘lishini kutayapmiz.

Tegirmon ham navbati bilan, lekin qani o‘sha tegirmon?

Eshibek Muhammadiyev, nafaqadagi o‘qituvchi:

— Qishloq ahli daromadni asosan dehqonchilikdan, chorvachilikdan qiladi. Lekin yo‘limiz abgorligidan ayrim mahsulotlarimizni o‘z vaqtida sotolmay, nobud qilamiz. Sotganimizni ham arzon-garovga beramiz. Chunki yo‘limiz tufayli mahsulot oluvchilar bu yerga kelmaydi. Hammamiz ham issiq jonmiz, gohida tobimiz bo‘lmay qolib, «Tez yordam»ni chaqirsak, uni soatlab kutamiz. Nega vaqtida kelmading, desak yo‘lni ro‘kach qiladi.

Tegirmon navbati bilan degan gap bor. Shuncha yo‘llar obod qilinayapti, yangilari barpo etilayapti, ammo necha yildirki bizning yo‘limizga navbat kelmaydi. Biz tuman hokimidan ko‘p narsa so‘ramayapmiz, bor-yo‘g‘i yo‘limizni yaxshilab bersa, bo‘ldi.

Yo‘lda tug‘ilgan «Yo‘lchivoy»

Qishloq faollari yo‘l bilan bog‘liq xotiralarini o‘rtoqlashar ekan, bir kishi aytgan holat butun vujudimni junbushga keltirdi. U kishining aytishicha, 2019 yilda homilador kelinining tobi qochib, tug‘uruqxonaga olib borishga to‘g‘ri keladi. Qishloq yo‘li esa, mashinani tez haydashga imkon bermaydi. Natijada, kelinning ko‘zi yo‘lda yoriydi.

To‘g‘ri, oldinlari bunday holatga tabiiy qaralgan. Shuning uchun ham ko‘plab chaqaloqlar tog‘larda, yaylovlarda, yo‘llarda tug‘ilgan. Lekin u davrlar uzoq tarix-ku. Axir, biz bugun 21 asrda yashayapmiz.

Prezidentimiz shu yilning 17 martida Samarqand viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida aynan Payariq tumanidagi muammolarni tilga olib, shunday degan edi:

«Katta yo‘l yoritib qo‘yiladi, orqadagi, ichki ko‘chalar esa qorong‘u bo‘lib yotadi. Odamlarga teng sharoit yaratish kerak.

Tumanda 145 kilometr yo‘llar, 1 ming kilometr elektr tarmog‘i, 250 ta transformator va 54 kilometr ichimlik suvi tizimi yaroqsiz, 26 ta maktab, 17 ta bog‘cha, 4 ta qishloq oilaviy shifokorlik punkti ta’mirtalab.

Ishsizlar soni 9 mingdan ortiq. «Temir daftar»ga mingta oila, «Yoshlar daftari»ga 6 ming nafar, «Ayollar daftari»ga esa 2 ming 200 nafar aholi kiritilgan.

Payariq tumanining 56 ta qishlog‘ida uzoq yillar yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish uchun 83 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi».

Adashmasam, uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar deganda «Nakurt»ning yo‘li ham nazarda tutilmoqda. Topshiriq berilgan, pul ajratilgan, ammo ishni bajarishga kelganda mas’ullarda «mador» yo‘q.

Hokim bovo, Sizga nakurtliklar «salom» aytishayapti…

Ikki kunlik safarimiz poyoniga yetib, ortga qaytar ekanmiz, nakurtliklar bot-bot quyidagi gaplarni uqtiradi bizga: «Yaxshilab yozing, bizning viloyat hokimiga salom aytganimizni ham yozing! Toki, yo‘limizning taqdiri viloyat hokimiga bog‘liq ekan, u kishidan saxiylik kutib qolamiz. Hademay, Mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Agar yaqin o‘rtada «Nakurt» yo‘li asfalt qilinsa, bizga bundan ortiq sovg‘a bo‘lmas edi».

Yorbek Iskandarov,
(Hudud24.uz saytidan olindi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring