Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Murg‘ak farzandini o‘z qo‘llari bilan ko‘mgan ona qismati. Ularni Suriyaga ketishga nima majbur qilgan edi?

Murg‘ak farzandini o‘z qo‘llari bilan ko‘mgan ona qismati. Ularni Suriyaga ketishga nima majbur qilgan edi?

Foto: «Xabar.uz»

Suriyada darbadarlikni boshidan kechirib, o‘z yurtiga qaytarilgan vatandosh ayol va bolalarning qismati haqida hikoya boshlagan edik. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari ular bilan suhbatlashishda davom etishmoqda.


Mavzuga oid: Pushaymonlik qismati yoxud gumrohlik girdobida


Jabrdiydalarning orasida oliy ma’lumotli, to‘rt-beshta tilni biladigan ayollar ham borligi kishini hayron qoldiradi.

Internet orqali adashib, gumrohlik girdobiga tushganlardan biri Zokirova Zebinisodir. U 1990-yili Buxoroda tug‘ilgan. Oliy ma’lumotli. Buxoro chet tillar institutiga yuqori ball to‘plab o‘qishga kiradi va davlat granti asosida bitkazadi. Fransuz, ingliz, turk, tojik va rus tillarini yaxshi bilgan Zebiniso o‘ziga to‘q oilaning farzandi edi. Hatto o‘zining ipak mahsulotlari sotadigan do‘koni ham bo‘lgan. Biznesini kengaytirish maqsadida ukasi bilan hamkorlikda oldin Qozog‘istonda bo‘lib, so‘ng Turkiyaga o‘tishgan. Keyin esa Suriyada achchiq qismat peshvoz chiqqan ularga.

Ukasi Muhammad nemis tilidan o‘qishga tayyorgarlik ko‘rib yurgandi. Afsuski, uning o‘qishga kirish orzusi amalga oshmadi. Jangarilar qatorida shahid bo‘lganini keyinchalik eshitgan Zebiniso alamidan yum-yum yig‘ladi, afsus-nadomatlar chekdi.

Uning bu qismatini eshitib o‘tirgan Mo‘mina Soliyeva ham ovoz chiqarmay unsiz yig‘lay boshladi.

U 1982-yili Andijonda tug‘ilgan. Uch nafar farzandning onasi. Sababini so‘raganimizda, «O‘z qo‘lim bilan ko‘milgan farzandim yodimga tushib ketdi», deya kechmish-kechirmishidan so‘z ochdi: «Erim shahid bo‘lgach, uch nafar farzandim bilan Shomda qolib ketdik. Har yerning o‘z toshu tarozisi bor, deyishganda ishonmasdim. Haq gap ekan. Tirikchilik — tiriklik bilan, xotirjam va tinch yashashing bilan ekanligini kech angladim. Abdulloh, Sayfulloh va Habibaoy ismli farzandlarimdan ikkitasi sog‘-omon. Shungayam shukr qilaman. 12 yashar to‘ng‘ich o‘g‘lim Abdulloh ko‘z o‘ngimda daydi o‘qdan jon taslim qildi. Vizillab uchayotgan o‘qlardan omon qolish qiyin edi. Qarasam tashlangan bomba ta’sirida chor atrofni yong‘in qurshab olgandi. Hech bo‘lmasa jasadini olib kelay deb olov ichidan zo‘rg‘a olib chiqdim. Uxlamasdan tong ottirdim. Atrof yorishgach, bir joydan siniq belkurak topib, yig‘lay-yig‘lay o‘z qo‘lim bilan ko‘mdim». Mo‘mina ko‘zini yumgancha behol bo‘ldi. Shifokorlar unga suv va dori berganidan so‘ng xiyol ko‘zini ochdi.

Respublikamizning turli viloyatlarida har xil noqonuniy yo‘llar orqali xorijga chiqib, balo-yu qazolarga giriftor bo‘lishini ular oldindan bilganlarida bunday holatga yo‘l qo‘ymagan bo‘larmidi, deb o‘ylaysan kishi.

Shu o‘rinda, buyuk Mahatma Gandining taqdir haqidagi ogohlikka chorlovchi mazkur o‘gitini keltirish o‘rinlidir: «So‘zlaringizga hushyor bo‘ling, tushunchangizga aylanmasin. Tushunchangizga hushyor bo‘ling, u sizning xatti-harakatingizga aylanmasin. Xatti-harakatingizga hushyor bo‘ling, hislaringizga aylanmasin. Hislaringizga hushyor bo‘ling, bahoingizga aylanmasin. Bahoingizga hushyor bo‘ling, fe’lingizga aylanmasin, fe’lingizga hushyor bo‘ling, taqdiringizga aylanmasin».

Bu fikr inson har bir damga, har bir qadamga mas’ullik tuyg‘usi bilan qarashi va yashashi zarurligini bildiradi. O‘z farzandlari boshlariga kulfatlar yog‘dirib, ayrimlarini nogiron bo‘lishiga sababchi bo‘lganlarini his etgan onalarning holatini tasavvur etish mumkin. Adashganni to‘g‘ri yo‘lga solib, yiqilganni suyash, ko‘ngil berish azaliy qadryatlarimizdan. Buning savobi ham, xayri ham katta.

Bunday taqdirlar tarixning varag‘iga qanday rangda yozilishini tahlil qilish emas, balki muammolarning oqibatlaridan ko‘ra, uning sabablarini izlash nihoyatda  muhim. Tabiiyki, bu o‘z-o‘zidan xalqaro masalalarga borib bog‘lanadi.

Xalqaro munosabatlar tizimidagi tub o‘zgarishlar, jumladan, Yaqin Sharq masalasida o‘ta ehtiyot bo‘lib ish tutishni zamonning o‘zi taqozo qilmoqda. Aks holda, beayb bolalar va xotin-qizlarning qurbonliklari soni tobora ortib boraveradi.

Buning yaqqol misoli sifatida sakkiz yil mobaynida davom etayotgan Suriyadagi o‘zaro nifoqlar hamda islom dini niqobi ostidagi terrorchi va ekstremistik harakatlarning xavfi tinch hayotga qutqu solishini ta’kidlash o‘rinlidir. Achinarli va afsuslanarli jihati shundaki, o‘zaro muxolifat va jangarilik harakatlarida o‘zbekistonliklarning ham borligidir.

Mavzuimiz manbai bo‘lgan nogiron bolalari bilan «Bo‘ston» sihatgohida reabilitatsiya qilingan ayollarning eri va balog‘atga yetgan farzandlari ana shu harakatning qurboniga aylangan. Bunga asosan, ularning o‘zlari sabab bo‘lganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shahid bo‘lganlarning ayollari va onalari o‘z qilmishlarini tan olib, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, endilikda yangi hayotni boshlashlaridan o‘zga yo‘l yo‘q. Ularning aksariyati shunga iqror bo‘lishdi, tavba-tazarru qilishdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston mintaqada barqarorlik va tinchlik omili sifatida turli tahdid va xavflardan ogohlantirish bobida butun dunyoga ibrat bo‘layotgani ham sir emas. BMTning 72-sessiyasida jahon oliy minbaridan turib Prezidentimiz nafaqat yurtimizga, balki butun jahonga tinchlik g‘oyasini ilgari surgani va turli xavflardan ogoh qilgani bejiz emas.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, barcha harakatlarimiz zamirida tinchlikparvarlik siyosatini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli rejalarning amalga oshishi va bunyodkorlik faoliyatimizga to‘siq bo‘ladigan omillarga e’tiborli hamda shafqatsiz bo‘lish g‘oyasi yotadi. Toki, bu harakat xalqimizning farovonligi, osuda hayoti, davlatimizning taraqqiyoti strategiyasi, har bir insonda vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otishga qaratilgandir.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI Matbuot kotibi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring