Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navbahor Imomova: «Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis oldiga chiqib xalqqa murojaat qilgani O‘zbekistonda ham siyosiy bir an’ana boshlanganidan darak bermoqda»

Navbahor Imomova: «Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis oldiga chiqib xalqqa murojaat qilgani O‘zbekistonda ham siyosiy bir an’ana boshlanganidan darak bermoqda»

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga murojaatnomasi yuzasidan bildirilgan munosabatlarni e’lon qilib kelayapti. Jumladan, bugun «G‘arb ahlida ham umid uyg‘otgan murojaat» nomli sarlavha bilan xorijda faoliyat yurituvchi o‘zbek jurnalistlarning fikr-mulohazalari ommaga taqdim etildi. Quyidagi «Amerika ovozi» teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomovaning mulohazalari bilan tanishasiz:

— Bir guruh vatandoshlar bilan O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga murojaatini tomosha qildik. To‘g‘risini aytganda, hech birimiz bu murojaatni 4 soat davom etishini kutmagan edik. Murojaat ko‘pchilik e’tirof etganidek, barcha mavzuni jamlagan o‘ziga xos ma’ruza bo‘ldi. Vatandoshlardan birining so‘zi bilan aytganda, «Prezident O‘zbekistondagi hammaning dardini aytishga ulgurdi».

AQShda yiliga bir marta davlat rahbari xalq va kongressdagi vakillar oldiga chiqib murojaat qiladi va hisobot beradi. Hisobot va murojaatning orasidagi farq o‘zi qanday, deb so‘rashingiz mumkin. Gap shundaki, Prezident har safar gapirganida u kimgadir yoki qaysidir qatlamga murojaat qiladi. Lekin bu murojaat nimadan iborat bo‘lishi qiziq. Ayrim hollarda u e’lon yoki izoh bo‘lishi, ayrim holatlarda esa sharh ham bo‘lishi mumkin. Lekin murojaat deganda Qo‘shma Shtatlarda asosan hisobot nazarda tutiladi. Chunki demokratik davlat va jamiyatlarda rahbarlar o‘zini xalq oldida mas’ul, deb hisoblaydi. O‘zini xalq xizmatidagi shaxs, deb biladi.

Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham o‘z murojaatnomasida xalq hukumatga emas, hukumat xalqqa xizmat qilishi kerak, hukumat xalqning xizmatidagi organdir, deb qayta-qayta ta’kidladi. Va bu boradagi gaplarni oldin ham O‘zbekiston Prezidentidan bir necha bor eshitganmiz. Ochig‘ini aytganda, mana shu gaplari bilan O‘zbekiston rahbari G‘arbda katta umidlar uyg‘otmoqda. G‘arb nazarida O‘zbekistonda jiddiy islohotlar boshlangan va aytish joizki, mamlakatda ulkan o‘zgarishlar kutilmoqda.

Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga qiziqadigan siyosiy doiralar, ayniqsa, iqtisodiy, biznes doiralar so‘nggi bir yilda olib borilgan o‘zgarishlarni kuzatib kelmoqda. Chunki ular O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga qarab qaror qabul qiladi.

Albatta, mazkur murojaat o‘zbek tilida bo‘lgani uchun barcha amerikaliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitmagan bo‘lsa-da, tegishli manbalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali eshitib, ayniqsa, tegishli doiralar, deylik Davlat departamenti, Oq uy, Pentagon, umuman, Markaziy Osiyo bilan shug‘ullanadigan dargohlar, albatta, Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xalqqa nima degani bilan qiziqadi. Ular «...o‘zgarishlar, avvalo, O‘zbekiston xalqiga kerak, biz kuzatuvchimiz, biz hamkormiz, sherikmiz. Bu mamlakat qanchalik rivojlansa, bizga ham shunchalik yaxshi», deyishmoqda.

Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z davrining birinchi yil yakunida kutilmagan ravishda Oliy Majlis oldiga chiqib xalqqa murojaat qilgani, o‘z siyosatini tushuntirgani, aytish mumkinki, O‘zbekistonda ham siyosiy bir an’ana boshlanganidan darak bermoqda. O‘sha erkin jamiyatlar rahbarlari har yili qiladigan murojaatini O‘zbekistonda ham muntazam ko‘rish mumkin, degan umid uyg‘onmoqda. Albatta, siyosatni tushuntirish odamlarga yoqadi.

Ma’lumki, erkin demokratik jamiyatlarda o‘z siyosiy pozitsiyalari xaqida davlat rahbarlari ommaviy axborot vositalariga tez-tez intervyular berib turadi. Mana endi umid qilamizki, O‘zbekiston rahbari ham nafaqat mahalliy, balki chet el axborot vositalariga, xususan, men ishlaydigan «Amerika ovozi» bilan ham intervyu qiladi, bizning ham savollarimizga javob beradi kelajakda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring