Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navbatdagi petitsiya: Avtotransportdan foydalanishda majburiy ishonchnomani bekor qilish taklif etildi

Navbatdagi petitsiya: Avtotransportdan foydalanishda majburiy ishonchnomani bekor qilish taklif etildi

Foto: «Xabar.uz»

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida avtotransport vositasidan foydalanish uchun talab etiladigan majburiy ishonchnoma olish tizimini bekor qilish haqida petitsiya ovozga qo‘yildi.

Jamoaviy murojaat muallifining ta’kidlashicha, avtotransport vositasidan foydalanish uchun majburiy ishonchnoma olish tizimi bekor qilinsa, mamlakatimiz milliy sug‘urta tizimi va turizm sohasi yanada rivojlanadi. Bundan tashqari, fuqarolarning ortiqcha ovora bo‘lishlari va ortiqcha xarajatlarni sarflashlarining ham oldi olinadi. 

Qayd etilishicha, bugungi kunda ushbu tizim quyidagi noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda:

  • birinchidan, bir oila a’zolari umumiy mulk bo‘lgan avtomototransport vositasidan erkin foydalana olmayaptilar;
  • ikkinchidan, korxona, tashkilot va muassasalarning xodimi yoki oilaning nomiga ishonchnoma berilgan a’zosiga qaramlik holatining mavjudligi noqulayliklarni yuzaga keltirmoqda;
  • uchinchidan, ishonchnomani olish uchun ortiqcha ovoragarchilik va vaqt sarflanadi;
  • to‘rtinchidan, fuqarolarning ko‘pchiligi avtomototransportga mehr qo‘ygani inobatga olinadigan bo‘lsa, bu holatda sug‘urta madaniyati rivojlanmaydi.

Xorijiy davlatlar, xususan Rossiya Federatsiyasida majburiy sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rish mumkin. Bu o‘z navbatida, sug‘urta bozorining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu tartib xorijiy mehmonlarga aeroportning o‘zida sug‘urta paketini rasmiylashtirib, avtotransport vositasidan foydalanish imkoniyatini beradi.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, ishonchnoma o‘rniga sug‘urta polislarini joriy etishni taklif qilamiz. Bu holat milliy sug‘urta tizimini rivojlanishi va minglab qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilishi, aholi sug‘urta madaniyatining o‘sishiga sabab bo‘ladi. Natijada ijaraga beruvchilar o‘z avtotransportlarini sug‘urta shartnomasi asosida turistlar va yurtimiz fuqarolariga sodda tartibda ijaraga berishlari uchun imkoniyat yaratiladi», — deyiladi murojaatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring