Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 3 mingdan ziyod qonunbuzarlik aniqlandi

Navoiyda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 3 mingdan ziyod qonunbuzarlik aniqlandi

O‘tgan yili Navoiy viloyati davlat xizmatlari markazi tomonidan 189 155 ta xizmat ko‘rsatilgan. Xizmatlarning 1149 tasi internet orqali amalga oshirilgan. 9795 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Shundan 7351 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lib, ularning 458 tasiga sayyor tartibda xizmat ko‘rsatilgan.

Boshqarmaning davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish bo‘limi tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Navoiy viloyatida jami 3378 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Bu 3378  nafar fuqaroning haq-huquqlariga panja orasidan qarash degan gap.

Boshqarma tomonidan qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan vakolatli idoralarga jami 62 ta taqdimnoma va 64 ta ogohnomalar kiritildi. Natijada vakolatli idoralarning 33 nafar xodimiga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilib, boshqarma tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 50 ta mas’ul xodimlarga ma’muriy jarimaga tortish bo‘yicha qarorlar chiqarildi.

O‘tgan 2018-yil Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi, uning shahar va tuman markazlari uchun ahamiyatli bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Avvalom bor, soha faoliyati uchun viloyatning barcha tuman va shaharlari markazlariga xizmat avtomashinalari ajratildi. Olis manzildagi aholiga sayyor xizmat ko‘rsatishga moslangan, bira to‘la FHDYo, notarius, bank va boshqa xizmatlar ko‘rsata oladigan  2 ta avtobusning foydalanish uchun topshirilgani  xodimlar ishini ancha yengil va qulay qildi.

Eng asosiysi, Navoiy shahar hamda Konimex tumanlarining Davlat xizmatlari markazlari yangi binosi ishga tushdi. Bahorning ilk kuni va Navro‘z ayyomi kirib kelishi bilan Uchquduq va Nurota tumanlarida markazlarimiz yangi binoda ish boshlaydi. Bundan keyin Qiziltepa va Xatirchi tumanlarida  markaz binolari ochilish navbatini kutmoqda. Yil yakunigacha qolgan tumanlarda ham markazlar o‘z ma’muriy binolariga ega bo‘ladilar.

Eng olis hududlarda markazlarning shaxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Konimexda «Uchtepa», «Boymurod» shaxobchalari, Tomdi tumanida «Keriz», «Shiyeli» shaxobchalari, Karmanada esa Malikrobot shaxobchasi haftada ikki kun aholi uchun xizmat ko‘rsatadi. Mazkur shaxobchalar markazdan 200-250 kilometr olisdagi ovul fuqarolari yig‘inlarida tashkil etildi. Viloyat, tuman markazlaridan yuzlab kilometr olisda yashovchi bu fuqarolar ham barcha qatori davlat xizmatlariga ehtiyoj sezishlari bor gap. Biroq, shunday hududlar borki, bu manzillarda aholiga avtomashinalarda sayyor xizmat ko‘rsatish usuli eng qulay hisoblanadi.

 Bahodir TOShEV,
Davlat xizmatlari agentligi
Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring