Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda noma’lum virus tarqaldimi? SSV buni rad etmoqda

O‘zbekistonda noma’lum virus tarqaldimi? SSV buni rad etmoqda

Foto: Xabar.uz

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizda bolalar o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq noma’lum yuqumli kasallik tarqalayotgani, maktab va bog‘chalarni karantinga yopish lozimligi to‘g‘risida video tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qildi.

Aslida  har yili kuz va qish fasli gripp hamda o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan palla hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda yurtimizda nafaqat bolalar, balki kattalar o‘rtasida ham  yilning boshqa davrlariga nisbatan gripp va O‘RVI xastaliklari nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

Ayni kunlarda shifoxonalarga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari belgilari bilan yotqizilayotgan bemor bolalarning aksariyatida tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi mavsumiy O‘RVIga xos belgilar kuzatilayotgan bo‘lib, ushbu bemorlarga nisbatan virusga qarshi va antibakterial davo muolajalari olib borilgandan so‘ng, deyarli barchasi 3-4 kundan keyin kasallikdan sog‘ayishi kuzatilmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda poytaxt shifoxonalariga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari bilan yotqizilayotgan barcha bolalardan koronavirus infeksiyasiga PZR test tahlillari olinib, kasallikka qarshi tekshirilmoqda, biroq ularning deyarli barchasida kasallik aniqlanayotgani yo‘q. Vaholanki, so‘nggi haftalarda yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida ham pasayish kuzatilmoqda. Bundan ko‘rish mumkinki, ushbu kasallik COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq emas.

 — Shuni aytish lozimki, soha mutaxassislari tomonidan doimgidek bu yil ham tana harorati ko‘tarilishi bilan shifoxonaga murojaat qilayotgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazilganda ularda hech qanday noma’lum virus aniqlanmagani, kasallikni oddiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar qo‘zg‘atayotgani ma’lum bo‘lmoqda, — deydi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yil sentyabr oyi boshidan buyon yurtimizda mavsumiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishini to‘liq nazoratga olgan va kasalikka chalingan barcha bolalar to‘liq shifokorlar nazoratida.

Shunday ekan, mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo‘q», deyiladi SSV xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring