Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar notarial xizmat to‘lovlaridan ozod qilindi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar notarial xizmat to‘lovlaridan ozod qilindi

Soliq kodeksining 331-moddasiga asosan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial xizmatlardan foydalanganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan edi. 

Biroq, mazkur shaxslar notarial harakatni rasmiylashtirganda huquqiy maslahat berish, hujjatlar loyihasini tuzish va mol-mulkka nisbatan taqiqni tekshirish uchun haq undirish masalasi ochiq qolgan edi.

Endilikda 2019 yilning 10 yanvaridan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda ayrim tashkilotlar notariusga murojaat qilganda huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun haq to‘lashdan ozod qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Misol uchun, bugunga qadar pensiyadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun biror shaxsga ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan eng kam oylik ish haqining 15 foizi, ya’ni 30 409 so‘m miqdorida pullik xizmat undirib kelingan edi.

Endi nafaqadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan hech qanday to‘lovlar undirilmaydi.

Shuningdek, notarial xizmatlar uchun to‘lanadigan pullik xizmat to‘lovlaridan ozod qilinadigan shaxslar toifalariga ham aniqlik kiritildi. Bular:

Fuqarolar:

  • pensiyalar va nafaqalarni olish uchun zarur bo‘lgan, shuningdek vasiylik qilish va farzandlikka olish to‘g‘risidagi hujjatlarning nusxalari tasdiqlaganda;
  • mol-mulkni davlat foydasiga vasiyat yoki hadya qilganda;
  • Vatanni himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan shaxslarning mol-mulki uchun meros guvohnomalar berganda;
  • meros qoldiruvchi bilan bitta uyda doimiy ro‘yxatda bo‘lgan va uning vafotidan keyin xam shu manzilda yashayotgan shaxslarga meros guvohnomalar berganda;
  • meros qoldiruvchining intellektual mulk huquqlari uchun meros guvohnomalar tasdiqlaganda;
  • banklardagi omonatlar, sug‘urta summalari, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqi summalari uchun meros guvohnomalar tasdiqlaganda;
  • pensiyalar va nafaqalar olish uchun ishonchnomani tasdiqlaganda;
  • surunkali ruhiy kasallikka chalinganlarning vasiylariga mol-mulkka vorislik guvohnoma berganda;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisada vafot etgan xodimning ish beruvchi hisobidan sug‘urtalangan puliga meros guvohnoma berganda;
  • 1941—1945 yillardagi urush, Afg‘oniston Respublikasida baynalmilal va Chernobil AESining avariya oqibatlarida qatnashgan shaxslar hamda halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarning oila a’zolariga imtiyozlar berilishi uchun hujjatlarning nusxalarini tasdiqlaganda;
  • fermer va dehqon xo‘jaligida ishlayotgan merosxo‘rlarga ushbu xo‘jalikka tegishli mol-mulk bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berganda;
  • kommunal xizmatlar to‘lovi bo‘yicha qarzlarni undirish yuzasidan ijro yozuvlarini tasdiqlaganda;
  • mualliflik huquqi mukofotlarini undirishga qaratilgan ijro yozuvlarini amalga oshirganda;
  • sug‘urta pullarini undirish yuzasidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma tasdiqlaganda.

Tashkilotlar:

  • soliq va moliya organlariga davlatning mol-mulkiga nisbatan meros guvohnomalar berganda;
  • maktab-internatdagi va ixtisoslashtirilgan maktablardagi o‘quvchilarning ota-onalaridan maktab ta’minoti uchun qarzlarni undirish bo‘yicha ijro yozuvlarini amalga oshirganda.

Joriy etilayotgan ushbu yangilik aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga  imtiyozli tarzda notaril xizmatlar ko‘rsatishga imkon beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring