Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Obod qishloq» rejasini kim barbod qilmoqda?

«Obod qishloq» rejasini kim barbod qilmoqda?

Foto: «Xabar.uz»

Namangan viloyatidagi 11 tumandan «Obod qishloq» dasturiga 22 ta mahalla kiritilgan. Mazkur mahallalarda o‘n sakkiz yarim ming xonadonda yuz mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Ular ertaga hayoti nurafshonroq va go‘zalroq, mahallalari obod va ko‘rkam bo‘lishini istashadi, ammo...

Jumladan, Norin tumanidagi «Qo‘shchek» mahalla fuqarolar yig‘ini «Obod qishloq» davlat dasturiga kiritilgan edi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 29-martdagi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi farmoni hamda shu kuni qabul qilingan «Obod qishloq» dasturini 2018-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yil 5-aprelda Norin tumani hokimining 545-qarori qabul qilingan.

Ushbu qarorga ko‘ra Qo‘shchek mahallasiga 9 milliard 369 million so‘mlik mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Shundan 2018-yil 28-iyungacha 2 milliard 865 million so‘mi yo‘naltirilgani haqida tuman hokimining o‘rinbosari V.Nuraliyev ma’lumot taqdim etdi.

Xususan, tarmoq korxonalarining mablag‘lari hisobidan 245 million 500 ming so‘m, homiylik, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish, tadbirkorlar va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan mahallaga 5 milliard 280 million so‘m mablag‘ ajratilgani ma’lum qilingan. Bank kreditlari hisobidan esa 150 million so‘m yo‘naltirilgan emish.

Ushbu ma’lumotlarni dalillar asosida tahlil qilsak, haqiqiy vaziyat ayon bo‘ladi. «Obod qishloq» dasturi doirasida mahallada amalga oshiriladigan ishlarning ro‘yxatini olib taqqoslaymiz.

Unga ko‘ra ikki oy muddatda (qaysi muddatligi aniq belgilab qo‘yilmagan) «Qo‘shchek» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 341 nafar fuqaroning uyini ta’mirlab berish belgilangan. Ma’lumotda «110 ta xonadon ta’mirlandi va 168 million so‘m sarflandi» deyiladi. Ammo o‘rganishlar chog‘ida atigi 25 ta xonadonning devorlari va uy fasadlari ta’mirlanayotgani aniqlandi. Ularning ham 7 tasida hali ishlar davom ettirilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Suhbatlarimizda har bir xonadon egasi bu ishlarni o‘z hisobidan amalga oshirayotgani, hech qanday tashqi yordam bo‘lmaganini bildirdi. O‘z hisobidan ko‘cha devorlarini zamonaviy tarzda ko‘tarish bo‘yicha qo‘yilayotgan talab esa ehtiyojmand, bunga qurbi yetmaydigan oilalarni juda qiynab qo‘ymoqda va ularning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 2 kilometrlik yangi tarmoq tortish, 5,8 kilometrlik tarmoqni modernizatsiya qilish, 1 ta yangi transformator o‘rnatish, 5 ta transformatorni modernizatsiya qilish belgilangan. Amalda 1,5 kilometr yangi tarmoq tortilgan, 5 kilometr tarmoq modernizatsiya qilingan, 1 ta yangi transformator o‘rnatilgan va 5 ta transformator modernizatsiya qilindi deb ma’lumot taqdim etilgan.

O‘rganishlar chog‘ida 28 ta yangi beton tayanchlar o‘rnatilgani, biroq ularda elektr simlari hanuzgacha tortilmagani, 5 kilometrlik tarmoq umuman modernizatsiya qilinmagani oydinlashdi. 1 ta yangi transformator keltirilgan bo‘lsa-da, u 30 iyungacha Qo‘shchek ko‘chasida o‘rnatilmasdan, yerda yotgani ayon bo‘ldi. Shuncha pullik narsani birov ko‘tarib ketmaydimi? 5 ta transformator modernizatsiya qilinmagan, balki qo‘lo‘targa u yoq-bu yog‘i ta’mirlab qo‘yilgan, atroflari esa o‘ralmagan.

Foto: «Xabar.uz»

Aholi 173 ta gaz balloni bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, amalda 120 ta gaz balloni bilan ta’minlandi, 63,7 million so‘mlik ishlarning 44,2 million so‘mligi bajarildi deya hisobot berilgan.

Yolg‘onning ham cheki yo‘q-da. Bu borada birorta ish qilinmagan. Aksincha, 2018-yil 27-iyunda 368 xonadonda (umuman olganda esa 425 ta) gaz balloni yo‘qligi aniqlandi. Respublika ishchi guruhi sa’y-harakatlari bilan yuzdan ortiq xonadonga gaz balloni yetkazib berildi. Negadir tuman va viloyat gaz idorasi mutasaddilari tomonidan suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlash bo‘yicha uyma-uy kirib aniq ehtiyojlar o‘rganib chiqilmagan, ro‘yxat to‘liq shakllantirilmagan va tarqatish jadvali muddatlari aniq belgilanmagan. Oqibatda aholi qishga ko‘chalarda tappi tayyorlash orqali tadorik ko‘rayotganiga guvoh bo‘ldik.

Foto: «Xabar.uz»

Toza suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 4 kilometrlik yangi tarmoq tortish, 5 kilometrlik tarmoqni rekonstruksiya qilish, 1 ta quduq va 1 ta suv minorasini rekonstruksiya qilish, 100 metrlik elektr uzatish tarmog‘ini tortish, 1 ta transformator o‘rnatish, 2 ta zararsizlantirish qurilmasini va 120 p/m tashqi qo‘rg‘on devorini qurish belgilangan. 5 kilometrlik tarmoq rekonstruksiya qilingan deb ma’lumot berilsa-da, amalda uning 3,5 kilometri ta’mirlangan. 1 ta quduq rostan ta’mirlangan. 4 kilometrlik yangi tarmoqni tortish (300 metri) ishchi guruhining keskin tanqididan keyin 29-iyundan boshlangan. Qolgan vazifalar bajarilmasdan, o‘lda-jo‘lda qolib ketmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Avtomobil yo‘llarini yaxshilash bo‘yicha 20,8 kilometr yo‘lni ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 1 kilometr yo‘l ta’mirlangani va bunga 50 million so‘m sarflangani aytiladi. Vaholanki, qilingan ishni sezishning ham, qulaylik yaratilganini ko‘rishning ham imkoni bo‘lmadi. Bir metr ham asfalt qoplanmagan, hatto griderlar tekislagan joy o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotibdi, shag‘al to‘shash ishlari boshlanmagan.

9 ta ko‘chaning 20,8 kilometrlik qismini ta’mirlash ishlari boshlanmagan. Mahalla fuqarolar yig‘iniga «Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha mintaqaviy yo‘llar» tashkiloti suv tarmoqlari to‘liq tortilishini kutib, bu boradagi ishlarni boshlay olmayotganini bir necha marta ta’kidlagan. Vaholanki, 3-chorakda 2 milliard 545 million so‘mlik ishlar bajarilishi kerak. Vaqt esa tez o‘tmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy soha ob’yektlari bo‘yicha mahalla hudududidagi 23-maktabda «Kvant lyuks invest» MChJ tomonidan 1 milliard 156 million so‘m, 15-maktabgacha ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash uchun 435 million so‘m ajratilib, ishlar 13 iyundan boshlangani haqida og‘iz ko‘pirtirib hisobot berilgan.

Vaholanki, bog‘cha 2017-yilda qurilgan bo‘lib, avvalgi qurilishlar chog‘ida bir chetda mung‘ayib qolib ketgan eski kirxona yaqinda buzilgan. Uning o‘rniga zaxira ombori va bolalar uchun yozgi ayvoncha qurish ishlari (qiymati taxminan 21,5 million so‘m) hali boshlanmagan. Shunday ekan, «Norinsantexmontaj» MChJga 435 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berish nazarda tutilayotganini tushunish qiyin. Ko‘z ilg‘amas qandaydir alomatlar borday. Yangi bog‘chani bir yil ichida kapital ta’mirlash kimga kerak bo‘lib qoldi? Undan ko‘ra mahallaning bog‘chaga bora olmayotgan yuzdan ortiq bolasiga yangi bog‘cha qurib bergan foydali bo‘lmaydimi?

Infratuzilma ob’yektlari bo‘yicha 8 ta yangi inshootga 520 million so‘m sarflanishi va 24 ta ish o‘rni yaratilishi kerak edi. Hokim o‘rinbosari hisobotida mahalladagi Sh.Alijonovga sartaroshxona va chevarxona qurish uchun 70 metr kvadrat, Sh.Ahmedovga kichik do‘kon qurish uchun 150 kvadrat metr yer ajratilgani yozib qo‘yilgan. Buni o‘qib otangga balli, tadbirkorga qayishish bunday bo‘libdi-da deysiz. Biroq sartaroshxona Abdurashid Tojiboyev avvaldan qurgan bino bo‘lib, uni o‘z hisobidan ta’mirlagan va faqat kechki paytlar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Chevarxonadan esa nom-nishon yo‘q. Minimarket qurish ishlari ham hanuzgacha boshlanmagan.

Shu bilan birga hisobotga kiritilmagan va bajarilmagan, ammo ro‘yxatda katta-katta qilib belgilab qo‘yilgan ayrim vazifalar ham bajarilmay qolib ketmoqda.

Obod qishloqni gullarsiz tasavvur eta olmaganimizdek, chiroqlar unga ayniqsa kechki paytlar fayz bag‘ishlaydi. Qo‘shchek mahallasidagi 326 ta ko‘cha chiroqlarini 2018-yilning 2 — 3-choragida o‘rnatish belgilangan. Biroq mana ikkinchi chorak tugab, uchinchisiga o‘tilibdiki, ko‘chalarga birorta chiroq qo‘yilmagan. Shu muddatda 2,6 kilometrlik gulzor tashkil qilish qayd etib qo‘yilgan bo‘lsa-da, gulzor u yoqda tursin, hatto asosiy ko‘cha chetlariga bitta gul ham ekilmagan.

2 ta – Shayxota va Parpiota qabristonlari mahalliy budjetning daromadlar oshirib bajarilgan qismi va ichki imkoniyatlar hisobidan obodonlashtiriladi deb yozilgan. Ammo katta ko‘cha yuzidagi qabriston devorlari faqat aholi va mahalla tadbirkorlari tomonidan tiklanmoqda. Shayxota qabristoni hozircha 101 metrlik beton, g‘isht devor va panjaralar bilan o‘ralgan. Ammo 250 metrlik devor qayta tiklanishi kerak.

Parpiota qabristoni 210 metrlik beton, g‘isht devor bilan o‘ralgan. 200 metrlik paxsa devor nurayotgani sababli uni yangidan ko‘tarish talab qilinmoqda. Har ikki qabristonning ham ichki yo‘lakchalarini davom ettirish va asfaltlash, qabrlar orasidagi begona o‘t va xashaklardan tozalash choralari ko‘rilmagan. Toshkentdan respublika ishchi guruhi kelib, obodonlashtirish talabini qat’iy qo‘ygachgina bu ishlar hashar yo‘li bilan amalga oshirilgan.

Qassobxona qurish, hammom tashkil etish, kutubxona va kanselyariya mollari do‘koni, non sexi, chevarchilik va temirchilik ustaxonasi qurish muddati tugab ketgan bo‘lsa-da, qurilish hatto boshlanmagan ham, joyi ham noma’lum. Temirchilik ustaxonasini qurish uchun tadbirkor, eski temirchi, barcha asbob-uskunalarga va zarur texnikalarga ega Ilhomjon Qosimov bir necha marta joy so‘rab qilgan murojaatiga birov ha deb ham qo‘ymagan.

Foto: «Xabar.uz»

«Qo‘shchek» mahalla fuqarolar yig‘inining binosi ikki oy avval buzib tashlangan, biroq qurilishi haligacha boshlanmagan.

Mahallada birorta dorixona yo‘q. Uni qurish ishlari hatto rejaga ham kiritilmagan. Aholi uchun eng yaqin dorixona 4 chaqirim olisdagi To‘da mahallasida joylashgan.

Maqolani tayyorlash chog‘ida qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘ldik. Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Qo‘shchek mahallasida bo‘lib, viloyat tashkilotlarini shu yerning o‘zida tik oyoqda yig‘ib, ishlarning bunday ko‘zbo‘yamachilik va oldi-qochdi tarzida ketayotganidan keskin noroziligini yashirmadi va topshiriqlar berdi.

— Menda dasturga tushgan barcha mahallalarda qilingan ishlar haqida yetarlicha ma’lumotlar bor. Kim soxta ma’lumot taqdim etsa yoki qilinmagan ishni qildim deb bersa, meni ham, xalqni ham aldagan bo‘ladi, — deydi viloyat rahbari mutasaddilarni qat’iy ogohlantirar ekan. — Kerak bo‘lsa, 22 ta mahallaning har biriga o‘zim borib, birma-bir yurib, bajarilgan topshiriqlarni ko‘zim bilan ko‘rmaguncha ma’lumotlaringizga ishonmayman. Bundan keyin so‘rov boshqacha bo‘ladi. Ijro so‘zsiz va to‘liq, sifatli bajarilishiga har biringiz shaxsan javob berasizlar.

Albatta, mavzuga uchinchi chorak yakuni bo‘yicha yana qaytamiz.

Laziz Rahmatov, jurnalist

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring