Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ohangaronda 2 ming yillik xumdon va ko‘zalar topildi (foto)

Ohangaronda 2 ming yillik xumdon va ko‘zalar topildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent viloyati Respublikamizdagi madaniy meros ob’yektlariga boy hududlardan biri hisoblanadi. Mana bir necha kundirki, viloyatda madaniy meros ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi Devoni rahbari Shuhrat Nasimov, Mintaqalararo madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Farhod Mirxo‘jayev va arxeolog Server Ashirov hamda shu soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Ohangaron tumanidagi madaniy meros ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlarida ishtirok etmoqda.

O‘rganishlar jarayonida ishchi guruhi «O‘zbekiston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qoraxitoy qishlog‘ida qiziq voqea ustidan chiqdi. Qishloqda davlat dasturi doirasida namunali uylar qurilmoqda. Qurilishda  qazish ishlari olib borilayotgan yerning ustki qismidan 1,5-2 metr chuqurlikda qadimiy arxeologik topilmalar, ko‘za, xumlar va turli xo‘jalik buyumlari topilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bunday buyumlar quruvchilar tomonidan ko‘plab topilgan. Ammo shu paytgacha hech kimga xabar qilinmagan.

Mahalliy aholidan ushbu xabarni eshitgan ishchi guruh a’zolari qurilish maydoniga borib vaziyat bilan tanishdilar. Arxeolog Server Ashirov boshchiligida hamma qo‘liga belkurak olib qazish ishlarini boshlab yubordi. Natijada bitta katta xumdon: bo‘yi 120 sm, aylanasi 232 sm, bir necha kichik ko‘zalar va tegirmon toshlari topildi.

— Bu arxeologik topilmalar milodiy asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Chunki topilmalar orasida tegirmon toshlarini ham uchratish mumkin. Bunday tegirmon toshlari milodiy asr boshlarida ixtiro qilinib, xo‘jalikda qo‘llanila boshlangan. Topilgan sopol xumdon va ko‘zalarning qora angor qilinganligi (sirlanganligi) ham yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi, chunki sopol idishlarning angor qilinishi (sirlanishi) ham milodiy asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Qadimda odamlar don mahsulotlarini turli xil kemiruvchilardan asrash maqsadida yirik xumlarda saqlagan, ushbu xumlarda ham don mahsulotlari saqlanganligini taxmin qilish mumkin, — deydi, arxeolog Server Ashirov.

Bu arxeologik topilmalarni mutaxassislar o‘rganishi va yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutiga topshirish rejalashtirilmoqda.

Fuqarolarimiz joylardagi muqaddas qadamjolar, tepaliklar, xoh u madaniy meros ob’yekti bo‘lsin, xoh monumental san’at asari yoki diqqatga sazovor joy bo‘lsin, berilayotgan e’tibor, ularni asrab-avaylash haqidagi targ‘ibot ishlari, xatlov qilinayotgan har bir madaniy meros ob’yekti haqida ma’lumotlar to‘plashga ijobiy yondashmoqda. Ayniqsa, keksa avlod tomonidan  qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Kim bilsin, bu ko‘hna zaminimiz hali bizni va kelgusi avlodlarni yana qanday sir-sinoatlari bilan hayratlantiradi.

Baxtiyor Shodmonov,
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Toshkent viloyati kengashi matbuot kotibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring