Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oilaviy ajralishlar: ahvolni yaxshilash mumkinmi?

Oilaviy ajralishlar: ahvolni yaxshilash mumkinmi?

Illyustrativ foto

Ajralishlar ko‘p, statistika yomonlashib ketyapti, oila muqaddas, ammo yoshlar qadriga yetmayapti... Afsuski, eshitaverib me’damizga tegib ketgan bo‘lsa ham, bu so‘zlar haqiqat va ulardan qochib qutula olmaymiz.

So‘nggi bir necha yilda o‘zbek jamiyatida oila tushunchasi o‘z qadrini birmuncha yo‘qotdi (tan olish og‘ir, ammo haqiqat). Oilaning ota-bobolar turmushiga xos bo‘lgan an’analari bugungi avlodgacha kam yetib keldi.

Bunga sabab nima? «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi quyidagi tahlilni taqdim etdi.

Seriallar aybdor

Bundan 15-20 yillar avval biz Braziliya va Meksika seriallarini qiziqib tomosha qilganimizni yaxshi eslaymiz. O‘shanda yonimizda farzandlarimiz ham ularni ko‘rishgan. Lotin amerikalik go‘zallarning chiroyli hayoti, yorqin makiyajlari, tayinli bir yumushni bajarmay, kunu tun turli fitnalar va muhabbat ertaklari ichra yashashlariga havas qilingan.

Efirni egallashda raqobatga kirishgan milliy kinomiz ham xorij seriallariga taqlidan filmlar yaratib, ekranlarni uch qavatli uylarda suratga olingan mazmunan puch filmlar bilan to‘ldirdi.

Bugun esa o‘sha filmlarni ko‘rib tarbiyalangan avlod oila qurmoqda!

Bu avlod sabr emas – qarshilik, ezgulik emas – zo‘ravonlik, mehnat emas – tekin lazzat tarafdori. Oila sabr-toqat, yon berish va tinimsiz mehnat ustiga qurilishini, har qanday munosabatlarda talab emas, tushunish birinchi o‘rinda turishini, afsuski, anglamayapti. Ular uchun ajrashish, oilani bir zumda barbod qilish, zo‘ravonlik va zulm odatiy holga aylanib qoldi.

O‘sha seriallarni ko‘rib, o‘zining kelin-kuyovlik, yosh ota-onalik davrini o‘tkazgan insonlar ham bugun qaynonayu qaynota bo‘lishdi.  Ular ham haqiqiy o‘zbekona an’analar, oila borasidagi avloddan avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatlardan uzilib qolishgan. Bosiqlik, mulohazakorlik, arqonni uzun tashlash, afsuski, kamayib boryapti.

So‘nggi yarim asrda OAV tarqatgan mahsulotlarni tahlil qilib ko‘rsangiz, oilaviy qadriyatlar targ‘ibi yildan yilga susayib borganini ko‘rishingiz mumkin.

Muammoning ildizi qayerda?

Biz ko‘p narsani yo‘qotdik. Er-xotin, ota-bola, boshqa qarindoshlar bilan munosabatlarda milliy an’analar emas, allaqanday seriallaru filmlardan andoza olayotgan oilalar yuzaga keldi. Natijada biz kamida ikki avlodni boy berdik.

Biz ezgulik, hamdardlik, o‘zaro hurmat, hamjihatlik va mas’uliyat tushunchalaridan yiroq, o‘ylab topilgan allaqanday yot prinsiplar asosida yashovchi jamiyatni tarbiyaladik.

Hozir aholining katta qismi o‘zaro raqobat, ikkiyuzlamachilik, ta’ma, boqimandalik, gina va mas’uliyatsizlik degan «qadriyatlar» bilan yashamoqda.

Ajralishlar soni ortishi, yetimlar ko‘payishi, yaqinlariga nisbatan zo‘ravonlik, o‘z joniga qasd qilish, ko‘pxotinlilik – bular kecha yoki bugun birdan paydo bo‘lib qolgan muammolar emas. Ularga qarshi kurash ham tez va oson kechmaydi. Agar hozirdanoq bong urib, odamlarni hushyorlikka chaqirmasak, oilalarni mustahkamlash uchun zarur choralarni ko‘rmasak, biz milliy o‘zligimizni yo‘qotamiz.

Nima qilmoq kerak?

Tibbiy, huquqiy yoki siyosiy savodxonlik atamalarini hamma yaxshi biladi. Shu bilan birga, oila qurmoqchi bo‘lgan insonga oilani boshqarish, farzandlarni tarbiyalash, o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ma’lum malakalar kerakligini inkor etib bo‘lmaydi. Ayni nuqtai nazardan «oila savodxonligi» ham bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega tushuncha ekanini qayd etish joiz.

Ota-onalar oilaviy qadriyatlarni unutgan bo‘lsa, kimdir farzandlarga ularni o‘rgatishi, uzilgan zanjirni qayta ulashi kerak-ku.

Kuzatuvlarga ko‘ra, oilaviy ziddiyatlarni ular yuzaga kelib, avjiga chiqqan paytda, xususan, ish sudga ariza berishgacha yetib borganda hal qilish juda qiyin bo‘ladi. Er-xotinni o‘sha paytda ajrashmaslikka amallab ko‘ndirishimiz, ajrashishning oqibatlari bilan ularni qo‘rqitishimiz, xullas, bir amallab yarashtirib qo‘yishimiz mumkin. Ammo bir-biriga tili va xatti-harakati bilan ancha ziyon yetkazib qo‘ygan ikki insonning yana birga baxtli yashab ketishi ancha qiyinchilik tug‘diradi.

Undan ko‘ra oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlarni oldindagi murakkab jarayonlarga tayyorlash, ziddiyatlardan kam talafot bilan chiqishni o‘rgatish samaraliroqdir. Bo‘lajak er-xotinlarda avvaldan mas’uliyat va qiyinchiliklarga tayyorlik hissini tarbiyalash zarur.

Oilaga tayyorgarlik kurslari muammoga yechim bo‘la oladimi?

Aynan shu sababli «Oila» ilmiy-amaliy markazi «Oila maktabi» nomli loyihani ishga tushirdi. Loyiha sinov tarzida Toshkent viloyatining Parkent tumanida ilk bora sinab ko‘rildi.

Ushbu o‘quv kursida Oilaviy hayot psixologiyasi, oila budjeti va iqtisodi, oilada ma’naviy-axloqiy va diniy-ma’rifiy tarbiya, oilada huquqiy munosabatlar, reproduktiv salomatlik, oilani rejalashtirish, jinsiy tarbiya (qizlar va yigitlar alohida o‘qitildi) yo‘nalishlarida malakali trenerlarni jalb etgan holda o‘quv soatlarini tashkil etildi.

2018 yilning 6 avgust kunidan boshlab hozirgi kunga qadar 5 marotada tashkil etilgan o‘quv kurslarida ishtirok etgan tinglovchilarning 150 nafari (75 juft) o‘qitilayotgan mavzularning juda kerakli va foydali bo‘lganini ta’kidladilar.

Kurs so‘ngida birinchi kunlarda o‘qishni hohlamagan yoshlar keyingi mashg‘ulot kunlarida qiziqish bildirib, o‘zlarini erkin his qila boshlaganliklari, o‘zlari uchun juda ahamiyatli bo‘lgan savollarga javob olganliklarini bildirdilar.

Loyiha sinovdan yaxshi o‘tdi, o‘ziga ko‘rsatilgan ishonchni butkul oqladi. Natijada bunday kurslarni butun Respublika miqyosida har bir tuman FHDYo bo‘limlari qoshida joriy qilish lozim degan xulosa yuzaga keldi.

Hozirda Toshkent shahrining Shayxontoxur tumanida shunday maktab ish boshladi. Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand shaharlarida ham faoliyat yurityapti.

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring