Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘ldirilgan uch opa-singil xotirasi abadiy…

O‘ldirilgan uch opa-singil xotirasi abadiy…

Patriya, Minerva va Mariya-Teresa.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assembleyasi tomonidan 2000-yilda qabul qilingan rezolyusiyaga binoan, butun jahonda 25-noyabr – Xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklarga barham berish xalqaro kuni keng nishonlab kelinadi.

Bu sana 1960-yil 25-noyabrda Dominikan Respublikasida o‘ldirilgan uch opa-cingil Miraballarni yod etish sharafiga belgilangan. Ular diktator Rafael Truxilo buyrug‘i bilan 14 iyundagi Inqilobiy harakat kurashida ishtirok etgani uchun shafqatsizlarcha urib, qatl qilingan. Oradan bir yil o‘tmay, zo‘ravon rahbar qo‘lga olinib, otib tashlangan va uning tuzumi qulagan.

Patriya, Minerva va Mariya-Teresa bugungi kunda mamlakat qahramonlari hisoblanishadi va ularga muzofotlardan biri nomi qo‘yilgan, ular haqida kitoblar, badiiy filmlar ishlashgan. Ularga tegishli buyumlar esa tarix va jo‘g‘rofiya milliy muzeyiga taqdim etilgan.

1979-yil 18-dekabrda Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish haqidagi Konvensiya tasdiqlanib, ikki yil o‘tib kuchga kirdi. 1999-yil 6-oktyabrda ushbu xalqaro hujjatni buzganda individual shikoyat berish mexanizmini nazarda tutadigan Konvensiyaga fakultativ protokol qabul qilindi.

Konvensiyaga 189 mamlakat qo‘shilgan bo‘lib, Protokolda 106 ta mamlakat ishtirok etadi. Konvensiyaga rioya etilishini 23 nafar ekspert nazorat qilib boradi. Aynan ushbu hujjat 2000 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan xalqaro kunni qabul qilishga undadi.

Bugungi kunda ham dunyo bo‘ylab ayollarga turli tazyiqlar, oilaviy zo‘ravonliklar, jinsiy qullik va boshqa tahqirlashlar o‘tkazib kelinayotgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Bunga qarshi kurashish, bu boradagi huquq va manfaatlarni himoya qilish, bu global muammoning ko‘lamini chuqurroq anglash butun insoniyat uchun dolzarb masalasidir.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdagi, bir yildan buyon davom etayotgan Covid-19 pandemiyasi davrida ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlari, xususan oiladagi zo‘ravonliklar keskin kuchaygan.

«Ba’zi mamlakatlarda ishonch telefonlariga bu masala bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar soni besh barobargacha oshdi, — deb xabar beradi BMT rasmiy sayti. – Bu pandemiya soyasida keskin o‘sayotgan inqirozdir va buni to‘xtatish uchun global jamoaviy harakatga har qachongidan ham muhtojmiz».

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatish kampaniyasi doirasida 2014 yildan buyon ayollarga va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, bunga barham berish, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarni moliyalashtirish, zo‘ravonliklarga duchor bo‘lgan va qiyin ahvolda qolganlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha global harakatlar kuchaytirib borilmoqda.

Bu yil start berilgan mavzu — «Dunyoni ezgulikka bo‘yang. Muammoning oldini oling» umumiy g‘oyasi atrofida kechmoqda. Zo‘ravonliksiz kelajak qurish maqsadida odamlar ko‘p boradigan va e’tiborli binolar, diqqatga sazovor joylar to‘q sariqqa bo‘yalmoqda.

Ming afsuski, bunday yaxshi niyatli xalqaro tadbirlar o‘tkazilayotgan bir paytda Samarqandda ba’zi nomunosib kimsalarning omma ko‘z o‘ngida o‘z turmush o‘rtog‘ini pichoqlab o‘ldirayotgani kabi vahshiyliklar haqida o‘qib odam ich-ichidan eziladi. Bolasi uchun jonini ham ayamaydigan o‘zbek ayoliga pampers yediradigan nomardlarga esa Jinoyat kodeksida, albatta kuchaytirilgan jazolar kiritilishi zarur.

Ayollar huquqlari bu begona kishilar emas, balki birimizning mo‘’tabar onamiz, birimizning munis singilu opamiz, boshqamizning jondan aziz qizlarimiz huquqlaridir. Befarq bo‘lmang...

Nargiza Rahmonova,
ingliz tili o‘qituvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring