Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tuxumdan qolgan tovuqlar OKMK ishchilariga tarqatilmoqda

Tuxumdan qolgan tovuqlar OKMK ishchilariga tarqatilmoqda

Foto: Olmaliq tumani hokimligi

Bugun Olmaliq shahar hokimligi axborot xizmati antiqa xabar tarqatdi va unga qo‘shib fotolarni ulashdi. Bu xabar ma’lum vaqtdan keyin hokimlik telegram kanalidan o‘chirildi, ammo bungacha u ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalishga ulgurdi.

«OKMK AJ tomonidan kombinat ishchi-xodimlarining ijtimoiy himoyasi namunali darajada ta’minlanib kelinishi barchamizga ma’lum.

Mana, ayni kunlarda ham kombinat tomonidan navbatdagi ana shunday xayrli ishga qo‘l urildi. Ya’ni, kombinatning har bir ishchi-xodimiga oylik maoshi hisobidan arzon narxda, 8200 so‘mlik 1 donadan tovuq tarqatilmoqda.

Umid qilamizki, kelajakda ushbu parrandalar hamshaharlarimiz xonadonlariga qut-baraka baxsh etgusi...

Ishchi-xodimlar bunday ijtimoiy himoyadan mamnun bo‘lishib, rahbariyatga kattadan-katta minnatdorliklar izhor etishmoqda.

Barakalla, OKMK!» — deyiladi hokimlik xabarida.

Bu jiddiy yozilgan matnmidi yoki kinoyami bir narsa deyish qiyin, ammo u ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati «xavotirga o‘rin yo‘q» deb izoh bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, kombinat rahbariyati hamda kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi taklifiga ko‘ra, kombinat ishchi-xodimlariga tirik vaznda bittadan tovuq berilgan. Ushbu tovuqlarning har bir donasi 8200 so‘mdan(QQSsiz) baholanib, bu mablag‘ ishchilardan ushlab qolinmagan. Faqat ushbu mablag‘dan, o‘rnatilgan tartibda ishchilarning oylik maoshidan daromad solig‘i (1020 so‘m) ushlab qolingan.

Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasining Parrandachilik fermasi veterinari Anvar Haydarovning ma’lum qilishicha, fermada boqilgan «Lomann sendi» zotli tovuqlari faqat tuxum qo‘yishga mo‘ljallangan bo‘lib, jo‘ja paytidan 120 kunlik bo‘lganidan so‘ng, tuxumga kiradi va to‘xtovsiz 580 kun davomida tuxum qo‘yishadi. Germaniyaning mashhur tuxum qo‘yishga mo‘ljallangan bu tovuq zoti mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Parrandachilik fermasidagi tovuqlarning tuxum qo‘yish muddati o‘tab bo‘linganligi sababli hamda iqtisodiy samaradorligi kamayganligi bois, ushbu tovuqlarni sotish kerak bo‘lgan. Bu masalada tadbirkorlar kombinat rahbariyatiga tovuqlarni sotib olish taklifi bilan chiqqan. Ammo, tovuqlar kombinat ishchilariga ijtimoiy himoya yordami sifatida, beg‘araz tarqatilishga qaror qilingan.

«Ayni paytda bu parrandalarning tullash mavsumi bo‘lganligi sababli tovuqlarning patlari to‘kilgan. Ammo, go‘shti iste’molga yaroqli va hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q», deyiladi OKMK axborot xizmati xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring