Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsman vakillari turmadagi blogerlar bilan uchrashdi

Ombudsman vakillari turmadagi blogerlar bilan uchrashdi

O‘tgan haftada Ombudsman vakillari, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati hamda «Huquqiy tayanch» jamoat birlashmasi vakillari Navoiy viloyatidagi koloniyalarga borib, mahbuslar, xususan, qamoqdagi blogerlar bilan ham uchrashishgan.

«Ezgulik» jamiyati raisi o‘rinbosari Bekzod Nurmatovga ko‘ra, Zarafshondagi koloniya 2200 kishiga mo‘ljallangan. Hozirda bu yerda 684 nafar mahkum jazo muddatlarini o‘tamoqda, ularning 27 tasi diniy radikal oqimlarga mansublikda ayblangan. Mazkur shahardagi 36-sonli manzil koloniya esa 450 kishini sig‘dira oladi. Bu yerda 272 nafar mahkum bor.

Navoiy viloyatining Qiziltepa koloniyasi 2200 kishiga mo‘ljallangan, ayni paytda esa 1123 nafar mahbus bor. Ularning 62 nafari diniy ekstremistik oqimlarga mansub. Qattiq tartibli bu koloniyada taniqli bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev bilan uchrashilgan.

«Qamoqxona sharoitidan shikoyatim yo‘q. Plastik sexida usta bo‘lib ishlayapman. Ammo sud hukmidan noroziman va men qamalishim kerakmasdi», degan Fozilxo‘ja.

Navoiy shahridagi 12-sonli qattiq tartibli koloniya esa 1600 kishilik, bu yerda hozircha 1070 mahkum bor. 48 tasi radikal oqimlar faollari bo‘lishgan. Blogger Akmal Sharopov ham shu yerda bo‘lib, oilasi bilan uzoq muddatli uchrashuvda ekani sababli u bilan uchrashishning imkoni bo‘lmagani aytilgan. Aytilishicha, u yaqin 2 oy ichida ozodlikka chiqarilishi mumkin.

Mazkur shahardagi 4-sonli umumiy tartibli koloniyaga 1800 nafar mahkum sig‘adi. Koloniyada bloger Otabek Sattoriy jazo muddatini o‘tamoqda. U qurilish mollariga naqsh bosuvchi sexda operator. «Ezgulik» faoli bilan uchrashuvda o‘zining nohaq qamalgani, sudlarning adolatsizligini ta’kidlagan bloger oilada yolg‘iz boquvchi ekanini, ozodlikka chiqish uchun kurashayotgani va faqat prezident Mirziyoyevga ishonishini ta’kidlagan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, qamoqxonalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, ularning osh-ovqati sifatini yaxshilishga urinilmoqda. Shikoyatlarning asosiy qismi sud hukmlarining adolatsizligidan. Eng yomon ko‘rsatkich — mahkumlarning katta qismini yoshlar tashkil qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring