Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchining maoshi oshgani yaxshi, biroq...

O‘qituvchining maoshi oshgani yaxshi, biroq...

Bir sinfda 40 nafar o‘quvchi bo‘lsa, hech bir muallim ularni savodli qilib tarbiyalay olmaydi.

Foto: «uza.uz»

Keyingi paytda «o‘qituvchilarning maoshi osharmish» degan mish-mishlar ko‘paymoqda. Bunday reja bo‘lsa va amalga oshsa, ustoz va murabbiylar uchun yaxshi albatta, ammo boshqa bir mulohaza ham bor.

O‘tgan yili Prezidentimiz turli soha vakillarining muammolarini eshitib, ularni tez va soz bartaraf etish yo‘llarini ham taklif va mulohazalar asosida jamiyatga tatbiq etgani keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Xalq ta’limida sifatga erishmoq uchun soha mutasaddilariga maktablarda 10- va 11-sinflarni qayta tiklash, yangi darsliklarni nashr etish, o‘qituvchilarni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirish, o‘z ustida ko‘proq ishlashga imkoniyat yaratish, ularni uncha zarur bo‘lmagan hujjatlardan ozod qilish va boshqa shu kabi muammolarni bartaraf etishning maqbul yo‘lini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Menimcha, radio, televideniye va matbuotdagi chiqishlarda ushbu mavzuga daxldor murakkab masalalar orasida asosiy bir muammo nazardan chetda qolib keladi. Ta’limda sifatga erishmoq uchun birinchi navbatda sinfda o‘quvchilar sonini ancha kamaytirish lozim. Hozir har bir sinfda 35-40 nafargacha o‘quvchi ta’lim oladi. Bu raqam kollej va litsey guruhlarida sal kamayishi mumkin. Biroq ularda ham bir guruhda 28-30 o‘quvchi bo‘ladi.

Modomiki, biz rivojlangan davlatlar safidan o‘rin olishga intilayotgan ekanmiz, yoshlarga bilim berishda o‘sha davlatlardan o‘rnak olishimiz kerak. Yaponiyada bir sinfda 12 ta bola, ixtisoslashgan maktablarda esa 9 ta bola tahsil olar ekan.

Ehtimol, u yerda xususiy maktablar ko‘pligi uchun o‘quvchilar soni kamdir. Har holda bir sinfda o‘quvchi soni qancha kam bo‘lsa, ta’limda shuncha yuqori sifatga erishish mumkinligi pedagogika tarixidan yaxshi ma’lum. Demoqchimanki, bizning sharoitimizda boshlang‘ich sinflarda 20 nafar, yuqori sinflarda esa 25 nafar o‘quvchi bo‘lishi lozim. Biz shu tizimga o‘tsak, hech shubhasiz ta’limda ma’lum yutuqlarga erishamiz.

Bir sinfda 40 nafar o‘quvchi bo‘lsa, hech bir muallim ularni savodli qilib tarbiyalay olmaydi. Bolalarimizning hozirgi bilimi talab darajasidan ancha past. O‘quvchilar oliy o‘quv yurtiga maktabdan olgan bilimi evaziga emas, ota-onasi repetitor yollagani evaziga o‘qishga kirmoqda. Ishonchim komilki, sinfda bola soni oz bo‘lsa, o‘qishga kiruvchilar soni keskin ko‘tariladi. Qo‘shimcha darsga, yollanma muallimga ehtiyoj qolmaydi.

Abdurahmon Pirimqulov, Angren shahridagi 33-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi.

 

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring