Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘roqchitepa voqeasi»: hammasi «Tico» raqamini «Captiva»ga ilishdan boshlangan...

«O‘roqchitepa voqeasi»: hammasi «Tico» raqamini «Captiva»ga ilishdan boshlangan...

Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ijtimoiy tarmoqlarda «Andijonda haydovchi xodimni o‘ldirish bilan qo‘rqitdi» izohi ostida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 2022-yil 15-may kuni Andijon viloyatining Jalaquduq tumani, «O‘roqchitepa» MFY hududida xizmat olib borgan YPX xodimi U.Muxtorov tomonidan «Captiva» rusumli avtomobil to‘xtatilgan. Haydovchi — 1979-yilda tug‘ilgan Sh.X. «Tico» avtomobiliga tegishli davlat raqam belgisini «Captiva» avtomobilga o‘rnatib, boshqarib yurganligi aniqlangan. Qoidabuzarlik holati bo‘yicha bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, oradan vaqt o‘tib, haydovchi Sh.X. tanishlari I.T. hamda Sh.Sh.lar bilan YPX xodimi U.Muxtorovning yoniga qaytib kelgan. YPX xodimi qonuniy chora ko‘rilganligini tushuntirgan vaqtda ular xodim bilan janjallashib ziddiyatli vaziyatni yuzaga keltirgan. Mazkur vaziyatda fuqarolar xodimga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan aloqa vositasi, ko‘krak nishon belgisi hamda planshet moslamasini olib voqea joyidan yashiringan.

Xodimning bildirgisi asosida, tezkor xodimlarning aralashuvi bilan uchala fuqaro tuman IIBga olib kelingan. Ular tomonidan olib ketilgan vositalar qaytarib olingan, deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan 2022-yil 16-may kuni Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan fuqarolar Sh.X., I.T. va Sh.Sh.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning uchalasi ham Jinoyat Protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring