Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘sha mashhur deputat bu gal soliqchilarni talonchilikda aybladi

O‘sha mashhur deputat bu gal soliqchilarni talonchilikda aybladi

Yil boshida «Toshkent propiskasi ochilsa, poytaxtda jinoyatchilik ko‘payib ketadi» mazmunidagi bayonoti bilan tilga tushgan deputat Akmal Umirzoqov keyinroq deputatlikka nomzodini qo‘yish istagini bildirgan qator faollarni tanqid qilgan edi.

Bu safar esa u yangi bayonot bilan chiqdi va soliqchilarni «nishonga oldi». Uning fikricha, soliq organlari xodimlari tadbirkorlarni talash bilan band.

«Yaqinda parlamentda Davlat soliq qo‘mitasi rahbarini eshitdik. Vaqt chegaralanganligi sababli ko‘pgina mulohazalarimizni bildirishga ulgurmadik. Fikrimni ijtimoiy tarmoqda bayon qilishni ma’qul deb topdim», deb yozgan Umirzoqov.

Deputatga ko‘ra, O‘zbekistonda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida katta miqdorda kreditlar berilayotganiga qaramay, ayrim holatlarda korxonalarning o‘z mablag‘lari — moliyaviy resurslari soliq organlari tomonidan kelasi davr uchun soliq va majburiy to‘lovlar sifatida olib qo‘yilmoqda.

O‘z gapining isboti uchun deputat ayrim dalillarni keltirgan. Masalan, 2019-yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, soliq organlari tomonidan ortiqcha undirilgan mablag‘lar 775,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan! Birgina Toshkent shahrining o‘zida bu summa 279 mlrd. so‘mni yoki respublika bo‘yicha jami ortiqcha undirilgan mablag‘larning 36 foizini tashkil qilgan. Hisobot davrida yil boshiga nisbatan ortiqcha to‘lovlar Jizzax viloyatida 4,5 mlrd. so‘m (30 foiz)ga oshgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida 19,6 mlrd. so‘mga (51 foiz)ga ko‘paygan.

«Xo‘sh, soliq organlari qachon tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi organga aylanadi? Axir bu xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni moliyaviy jihatdan ochiqchasiga talash bilan barobar-ku. Axir bu mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni barbod qilish emasmi? Nahotki, buni Davlat soliq qo‘mitasining mutasaddilari bilmaydi? Bilishsa kerak, albatta. Unda nega masalaga ko‘z yumishyapti? Yoki buning ortida qandaydir bir sinoat bormikan...», deb yozg‘iradi deputat.

Akmal Umirzoqov kelgusida parlamentdagi biror tadbir chog‘ida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyatining bu savollarga javob berishiga umid bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring