Ota-ona faryodi: «Navoiyda adolat yo‘q. Sudga bosim bo‘layapti! Chempion o‘g‘limning umri xazon bo‘lmoqda!»

Ota-ona faryodi: «Navoiyda adolat yo‘q. Sudga bosim bo‘layapti! Chempion o‘g‘limning umri xazon bo‘lmoqda!»

Sudlanuvchilar Mehriddin Allayorov hamda Suhrobmirzo Miro‘ktamovlarning yaqinlari.

Foto: «Xabar.uz»

«Asosiy vazifa va burchi oqni oqqa, qorani qoraga ajratish, adolatni himoya qilishdan iborat bo‘lgan sudya qonunga, o‘z kasbiga xiyonat qilsa, odamlar dodini kimga aytadi? Adolat izlab qayerga boradi...», — degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 13-iyun kuni sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘zlagan ma’ruzasida.

2017-yilning 22-dekabrida O‘zbekiston rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga murojaatnomasini o‘qib eshittirar ekan: «Sudning ostonasidan qadam qo‘ygan xalqimiz davlatga do‘st bo‘lib chiqishi kerak. Qabul qilingan hukmning adolatli ekaniga ishonishi kerak» — deya ta’qidlagandi.

Yurtdoshlarimiz davlat rahbarining ushbu nutqlarini jon qulog‘i bilan tinglagan, yillar davomida tizimda to‘planib qolgan muammolar hal etilishiga, sud tom ma’noda adolatni tiklaydigan, qog‘ozda emas, amalda mustaqil hokimiyatga aylanishiga ishonishga bo‘lsa ne ajab?! Albatta, davlat miqyosida mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar boshlangani aniq, biroq joylarda ushbu o‘zgarishlar ahamiyatini anglab yetmayotgan, hanuz eskicha qolipda ishlayotgan adolat posbonlaridan odamlar norozi bo‘lmoqda, aziyat chekmoqda. Ana shunday odamlardan bir guruhi tahririyatimizga bosh urib kelishdi.

O‘ttizga ham kirmagan ikki yigit ayni paytda qamoqda. Biri uch yarim yil, ikkinchisi ikki yarim yilga «kesilgan». Birinchi instansiya sudi sudlanuvchilarni olti va besh yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Apelyatsiya sudi bu muddatni har bir sudlanuvchiga ikki yilga qisqartirgan, biroq sudlanuvchilar yaqinlarining aytishicha, birinchi instansiya sudida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga shunchaki ko‘z yumib qo‘ya qolgan.

Xo‘sh, apelyasiya instansiyasigacha nimalar ro‘y bergan edi? Bu ikki yigit nima qilgan ediki, o‘n gulidan bir guli ochilmay panjara ortiga ravona bo‘lishdi?

Sudlanuvchi Mehriddin Allayorovning ota-onasi Muzaffar va Dilorom Allayorovlar farzandlarining nohaq qamalganini aytadi. Ularning aytishicha, jinoyat ishi «yasalgan», bu ishlarning ortida MXX Navoiy viloyati boshqarmasi mulozimining shaxsiy adovati turibdi. Muzaffar Allayorov aynan o‘sha mulozimning bosimi ostida o‘g‘li 2016-yilgi universiadaga olib ketilmaganini ta’kidlaydi. «Bu da’voingizni tasdiqlovchi dalillaringiz bormi?» deb so‘radik ulardan. Aytishlaricha, ta’qib va tazyiq bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgani bois Mehriddin va uning ota-onasi telefon so‘zlashuvlarni yozib olib kelar ekan. «Faqatgina shu emas, bundan boshqa dalillarimiz ham bor», — deyishdi.

«Bu haqda, oilamizga bo‘layotgan tazyiqlar haqida yuqori turuvchi idoralarga yozgan arizalarimda ham yozganman, tergov va sudga ham taqdim etganman. Prezidentning Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovning qabuliga kirganimda boshimdan o‘tganlarini so‘zlab berdim, o‘sha paytda o‘g‘lim va uning do‘sti Suhrobmirzo qamoqda edi. Tergov va vaqtincha saqlash hibsxonalarida ular qiynoqqa solingani, ayblov quruq tuhmatdan asoslangani, farzandim va uning do‘sti avval qo‘lga olinib, keyin jinoyat ishi «taxlangani», bolalarimning aybini tasdiqlovchi dalil yo‘qligini aytganimdan so‘ng u kishi meni o‘sha paytdagi respublika Bosh prokurori, yaqinda MXX raisi etib tayinlangan Ixtiyor Abdullayevning huzuriga yubordilar. Ushbu ishni Ixtiyor Abdullayevning shaxsan nazoratga olganidan so‘ng o‘g‘limni garov evaziga ozodlikka chiqarishdi. Sud adolatli bo‘lishi, hamma ko‘rguliklarimiz tez orada tugashiga ishongandik, ammo bunday bo‘lib chiqmadi», — deb yozg‘iradi Dilorom Allayorova.

Mehriddin Allayorov (suratda qizil kiyimda) musobaqa paytida.
Foto: Allayorovlarning oilaviy arxividan.

Shu o‘rinda o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tsak. Mehriddin 1991-yilda Navoiy viloyati Navbahor tumanida tavallud topgan. Navoiy davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya va madaniyat fakulteti 4-kurs talabasi. Sport ustasi. Jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, qator xalqaro musobaqalar sovrindori. Jangovar sambodan oldin erkin kurash bilan shug‘ullangan, o‘zbekiston va xalqaro darajadagi ko‘plab turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan.

Birinchi instansiya sudida Mehriddin yashaydigan mahalla, o‘qiydigan oliy ta’lim muassasasi, shug‘ullanadigan sport seksiyasidagilar unga ijobiy tavsifnoma berishgan.

Suratda: 1995—2000-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan O‘ktam Ro‘ziqulov (o‘ngdan birinchi). U sudlanuvchi Suhrobmirzo Miro‘ktamovning otasi. 2004-yili vafot etgan.
Foto: Miro‘ktamovlarning oilaviy arxividan.

Suhrobmirzoga keladigan bo‘lsak, u hamma qatori oddiy bir yigit. 1992-yilda Navoiy viloyatining Navbahor tumanida tug‘ilgan. Oiladagi besh o‘g‘ilning kenjasi. Mehriddin Allayorov bilan bolalikdan yaqin do‘st bo‘lishgan. Jinoyatda ayblanib qo‘lga olinganida ham birga bo‘lishgan.

U Navoiy pedagogika instituini 2016-yili tamomlagan edi. Akasi Behzodmirzo Miro‘ktamovning aytishicha, institutni bitirib, o‘ziga munosib ish qidirib yurgan, kelajakdan umidlari, rejalari ko‘p bo‘lgan.

Sudlanuvchilar Mehriddin Allayorov hamda Suhrobmirzo Miro‘ktamovlarning advokati O‘ktam Toshtemirovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, u jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi apelyasiya instansiyasi guvohlarning ko‘rsatmalari, tergov-surishtiruv jarayonida yo‘l qo‘yilgan qo‘pol qonunbuzilish holatlari, sud ishi materiallaridagi kamchiliklar, xususan, ayblovning asosiy dalili hisoblangan ming AQSh dollari ishda yo‘qligi haqidagi e’tirozlariga e’tibor qaratmagan.

Bundan tashqari, sud advokatning Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-noyabrdagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq jinoiy ishlarni oshkora ko‘rib chiqilishi uchun sud jarayonida videokuzatuvdan foydalanish haqidagi iltimosi rad etadi.

Advokat ta’kidlashicha, apelyasiya instansiyasi sudida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Navoiy viloyati kengashi raisi ham qatnashgan. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida tuzilgan memorandumga asosan o‘ttiz yoshga to‘lmagan, ko‘pchilik tomonidan ijobiy tavsiflangan har ikki sudlanuvchi Yoshlar ittifoqi tomonidan kafillikka olingani haqidagi kafolat xatini sudga taqdim etadi va sudlanuvchilarga nisbatan ozodlikdan mahrum etishdan boshqa jazo chorasini qo‘llashni iltimos qiladi. Eng qizig‘i, sud hujjatlarida, xususan, ajrimda Yoshlar ittifoqi vakilining suddagi ishtiroki va kafolat xati qaysi asoslarga ko‘ra rad etilgani haqida lom-mim deyilmaydi.

Ayblanuvchilarning yaqinlari va advokati taqdim etgan sud ishi materiallari bilan tanishar ekanmiz, bu ishda chindan ham bahsli va shubhali holatlar ko‘pliga amin bo‘ldik. Ammo biz bu holatga baho berishdan yiroqmiz va bu ishni mutasaddi idoralarga havola qilamiz. 

Adolat istab, tahririyatimizga bosh urib kelgan ushbu insonlarning murojaatlari bee’tibor qolib ketmasligiga va videointervyularda ular aytib o‘tgan holatlar xolisona o‘rganilib, masalaga qonuniy yechim topilishiga umid qilib qolamiz.

«Xabar.uz» voqealar rivojini kuzatib boradi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring