Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekenergo» qishloqlarda nega chiroq o‘chirilishiga rasman javob berdi. Javob qoniqarlimi?

«O‘zbekenergo» qishloqlarda nega chiroq o‘chirilishiga rasman javob berdi. Javob qoniqarlimi?

Foto: «Kashmir Observer»

Avval xabar berganimizdek, 2017-yil 20-dekabr kuni Qirg‘izistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi olib kelinishi yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan qishloqlardagi chiroq muammosi hal etilishi kerak edi. «O‘zbekenergo» bilan o‘tkazgan kechagi suhbatimizning davomi aynan qishloqlardagi chiroq o‘chirilishiga bag‘ishlanadi. Xo‘sh, «O‘zbekenergo» rahbariyati bunga qanday izoh berdi?

— Viloyatlardagi tuman, shahar va qishloqlarda kimlarningdir qarzdorligi uchun butun boshli aholi punktini elektrdan ommaviy uzub qo‘yish holatlari bor. O‘zgalarning qarzini deb boshqalar aziyat chekishi kerakmas-ku! Qarzdorlarniki o‘chirilsin, lekin qarzi yo‘qlar o‘z-o‘zidan elektr energiyasi bilan ta’minlanishi kerak emasmi? Bu holatlarga qachon chek qo‘yiladi?

— Qarzdor iste’molchilarni tarmoqdan uzayotganda elektr montyorlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektr energiyasi asosiy tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yiladi. Hozirgi kunda qarzdorlarlarni tarmoqdan uzish va qayta ulash masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari shug‘ullanadi.

— Umuman qanday asos bilan sovuq kunlarda chiroq o‘chiriladi? Ushbu holat odatda kuz-qish mavsumiga to‘g‘ri keladi.

— Elektr energiyasini cheklash va uzib qo‘yish tartibi, shartlari hamda cheklash va uzib qo‘yish jadvallari, kiritish tartibi O‘zbekiston Respublikasining «Elektr energetika to‘g‘risidagi» qonuni, Vazirlar Mahkamasining 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari»ga ko‘ra amalga oshiriladi.

Elektr energiyasini cheklash va uzib qo‘yish jadvallari yagona elektr energetika tizimida elektr energiyasi va quvvat tanqisligi hollarida elektr stansiyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan sharoitlarda ishlashining oldini olish, yagona elektr energetikasi tizimining barqaror parallel ishlashini ta’minlash, avariyalar yuzaga kelishining oldini olish hamda iste’molchilarni tartibsiz o‘chirilishlarini bartaraf etish uchun tuziladi.

Jadvallar har yili iste’molchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan birgalikda ishlab chiqiladi, mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan kelishiladi, «O‘zbekenergo» AJ tomonidan tasdiqlanadi va yagona elektr energetika tizimida elektr quvvati energiya tanqisligi paydo bo‘lganda «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisining farmoyishi bilan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, energetik tizimda og‘ir avariyaviy holatlarning oldini olish maqsadida avariyaga qarshi yuklamani o‘chirishning maxsus avtomatikasi qo‘llaniladi (SAON). Bu avtomatika energetik tizimda katta kuchlanishli (500 kVli) havo liniyalarining avariyaviy o‘chishi, elektr uzatish liniyalarini, transformatorlarning me’yordan ortiq yuklanishi, elektr stansiyalaridagi katta quvatli generatorlarning avariyaviy o‘chib qolishi tufayli ishga tushadi va ishda qolgan uskunalari shikastlanishining oldini olish uchun avtomatikaga ulangan iste’molchilarni o‘chiradi.

— Viloyatlardagi tuman, shahar va qishloqlarda elektr energiyasini vaqti-vaqti bilan berish, ikki soat berib, besh olti soat o‘chirib qo‘yilishiga qachon chek qo‘yiladi?

— Bunday cheklanishlarning oldini olish va kelgusida itse’molchilarga uzluksiz energiya yetkazib berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilda 18320,4 km. 0,4-110 kV havo elektr uzatish tarmog‘i hamda 6272 dona transformator punkti mukammal ta’mirlanib, 70222,5 havo elektr uzatish tarmog‘i va 21734 transformator punkti joriy ta’mirlangan. 399 ta o‘rta yuklanish bilan ishlayotgan transformator katta quvvatlisiga almashtirildi. 

Shuningdek, 3781,0 km. 0,4-110 kV hamda 1253 dona transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan. Bunday tizimli ishlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring