Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi JSST sessiyasida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston delegatsiyasi JSST sessiyasida ishtirok etmoqda

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Daniyaning Kopengagen shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 69-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Unda JSSTning Yevropa mintaqasidagi 53 ta a’zo davlatdan 500 dan ziyod nufuzli vakillar va sog‘liqni saqlash vazirlari ishtirok etishmoqda. Sessiyada Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiyot sohasidagi keng qamrovli masalalarni, shu jumladan, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni muhokama qilishdir. So‘nggi o‘n yil ichida dunyoda sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlar tahlil qilinib, mintaqada aholi salomatligini yanada yaxshilash borasida yangi strategiyalar ishlab chiqish tadbir ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ladi.

Sessiya davomida «Salomatlik – 2020» dasturi doirasida ko‘plab ijobiy ko‘rsatkichlarga e’tibor qaratilib, shundan kelib chiqqan holda 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar: salomatlik borasidagi huquqlar, umumiy sog‘liqni saqlash qamrovi, tenglik, aholiga yo‘naltirilgan tibbiyot tizimlari, farovonlik yo‘lida salbiy ta’sirlarga qarshi kurashish kabi istiqboldagi qator muhim vazifalar belgilab olinishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi. O‘zaro muloqotda O‘zbekistonda sog‘iqni saqlash sohasidagi islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. JSST Bosh direktori O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha tanlangan strategiyasi va tajribasini yuqori baholadi. Jumladan, T. Gebreyesus Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli O‘zbekistonda barcha sohalarni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, shu jumladan, 2019 — 2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi tibbiyot tizimini tubdan isloh qilishning yangi bosqichini boshlab berganini e’tirof etdi.

Sessiya doirasida mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanovning O‘zbekistonda «Salomatlik – 2020» dasturini amalga oshirishda to‘plangan tajribalarga bag‘ishlangan muhokamalarda ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbir doirasida Yevropa mintaqasiga a’zo davlatlar vakillarining yashirin ovoz berish yo‘li bilan JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosining yangi direktori saylanishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Yevropa mintaqaviy byurosi direktori a’zo davlatlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlar orasidan besh yil muddatga saylanadi.

Sessiya 19 sentyabrga qadar davom etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring