Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston harbiy razvedkachilari yana bir xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lishdi

O‘zbekiston harbiy razvedkachilari yana bir xalqaro musobaqada g‘olib bo‘lishdi

Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilarini aynan bugungi harbiy razvedkachilarimiz timsolida ko‘rishimiz mumkin. Shu kungacha harbiy razvedkachilarimiz xalqaro harbiy musobaqalarda o‘zlarining kuch-qudrati, mahorati bilan faxrli o‘rinlarni qo‘ldan bermay kelishmoqda.

Jumladan, ular Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan «Kembrij patruli» musobaqasida 120 ta davlat ichida 2018-yilda ikkinchi va 2019-yilda birinchi, Qozog‘iston Respublikasida harbiy razvedkachilar o‘rtasida o‘tkazilgan «Altin uki» xalqaro musobaqasida mezbon jamoadan keyingi faxrli ikkinchi, 2020-yilda esa Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan Xalqaro armiya o‘yinlarida mezbon jamoadan keyingi ikkinchi o‘rinni egallab, o‘zining har tomonlama ustunligini ko‘rsatib kelishgan.

2021-yilning 24-fevral kunidan 3-mart kuniga qadar Pokiston Islom Respublikasida «4-Pokiston armiyasining jamoaviy ruhi xalqaro musobaqasi» (4-th International PATS Competition) 5 ta davlat o‘rtasida o‘tkazildi. Musobaqani Qozog‘iston, Hindiston, Marokko, Indoneziya, Tojikiston davlatlari vakillari kuzatib borishdi.

Ushbu musobaqaga Shri-Lanka, Turkiya, Iordaniya va xalqaro maydonda kuchli sanalgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy razvedkachilari ham taklif etildi.

O‘zbek harbiy razvedkachilari Pokistonning issiq va qiyin sharoitlarida o‘z kuch-qudratini namoyon etish maqsadida, o‘tgan yillar mobaynida o‘tkazilgan armiya o‘yinlari natijalari, ulardagi yutuq va kamchiliklardan olingan yuqori tajribalariga tayanib, aloqa tayyorgarligi, harbiy topografiya, otish va tibbiy tayyorgarlik, maxsus signallar berish va optik vositalarni qo‘llash, notanish hududlarni rekognossirovka qilish bo‘yicha nazorat mashg‘ulotlarini bajarishga kirishdi.

Hattoki, xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan razvedkachi bo‘linmalar ham o‘zbek razvedkachilarining xatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib, kerak bo‘lsa ulardan maslahatlar oldilar.

Avvalo, yurt ishonchi, musobaqaning har bir bosqichida ketma-ket erishilayotgan muvaffaqiyatlar kundan-kunga razvedkachilarimizga yanada kuch-quvvat va g‘ayrat-shijoat bag‘ishlab, Vatanimiz bayrog‘ini Pokiston o‘lkasida baland ko‘tarishga undadi.

Mana, o‘sha kun ham keldi. Kechayu kunduz ustozu rahbarlari bilan qilgan mashaqqatli mehnatlarining hosili o‘z mevasini berdi. O‘zbekiston harbiy razvedkachilari shohsupaning birinchi o‘rinida!

O‘zbek harbiy razvedkachilari o‘zlariga bildirilgan ishonchini to‘liq oqladilar. G‘alaba muborak, o‘zbek o‘g‘lonlari!

Mayor Kenjaboy MUSANOV

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring