Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda deputat, senator, hokim va vazirlarning oyligi bunchalik kam emas

O‘zbekistonda deputat, senator, hokim va vazirlarning oyligi bunchalik kam emas

Фото: «Xabar.uz»

Kecha Moliya vazirligining «Gazeta.uz» nashriga davlat amaldorlarining ish haqi okladi haqida bergan ma’lumoti keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb yozmoqda huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Juda ko‘pchilik bunaqa kam oylikka amaldorlar qanday kun kechiradi, oilasini qanday boqadi, degan savol va shubhalarni bildirdi.

Ha, to‘g‘ri, amaldorlarning oyligi kam, lekin kecha e’lon qilinganichalik 2 mln so‘m atrofida emas.

Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, alohida ta’kidlangan ediki, kechagi raqamlar bu faqat lavozim okladi xolos. Ya’ni, bu aynan shuncha oylik oladi, degani emas. Bu raqamlarga qo‘shimcha ravishda budjetdan va budjetdan tashqari mablag‘lardan ustamalar beriladi.

Budjetdan ustama nimaligini yaxshi tushunsangiz kerak, ya’ni davlat o‘z budjetidan (bunda sizu biz to‘lagan soliqlar ham bor) amaldorlarga 115 foizgacha qo‘shimcha haq berishi mumkin.

Budjetdan tashqari mablag‘lar nima degani? Bu davlat bojlari, yig‘imlari va soliq bo‘lmagan to‘lovlar, ma’muriy jarimalar va moliyaviy sanksiyalardan ajratmalar hisobiga shakllanadigan mablag‘lardir.

Masalan, notarial harakatlarni amalga oshirganda to‘laydigan davlat bojlari, yo‘l qoidasini buzgani uchun to‘laydigan jarimalar, davlat xizmatlaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan xizmat haqlari va h.k. to‘lovlar hisobidan davlat amaldorlarining ish haqiga qo‘shimcha ustamalar beriladi.

Telegramdagi guruhlardan birida hokimiyat vakili kechagi ma’lumot bo‘yicha quyidagi izohni yozib qoldirdi:

«Hozir viloyat hokimlari 10 mln, tuman hokimlari 8 mln, hokim o‘rinbosarlari 7 mln so‘m maosh olayapti. Yuqoridagi raqamlar faqat razryadi va okladi. Bu yerda Prezident fondi ko‘rsatilmagan».

Xullas, davlat amaldorlarining oyligi bunchalik kam emas ekan. Lekin 10 mln so‘m ham viloyat hokimi uchun kam. Agar, masalan, viloyat hokimining birorta boshqa daromad manbai bo‘lmasa (boshqa daromad manbai bo‘lishi qay darajada qonuniy?), unda farzandiga, aytaylik, «Gentra» mashinasini olib berish uchun 1 yil yemay-ichmay pul yig‘ishi kerak. Kattaroq hovli qurishi uchun bilmadim qancha yil kerak bo‘ladi.

Va yana bir gap. O‘zi nimaga bunaqa tushuntirishlarni OAV yoki blogerlar berishi kerak?

Marhamat, Vazirlar Mahkamasi yoki Moliya vazirligi batafsil, rasmiy tushuntirish bersin. Aslida kim qancha maosh oladiyu (ya’ni aniq qo‘liga qancha tegadi), ularning qanchasi budjet, qanchasi budjetdan tashqari manbalardan shakllanadi, budjetdan tashqari manbalarga nimalar kiradi, hammasini xalqqa tushuntirishsin. Davlat siri emasku bu. Shu xalqning puli haqida gap ketyaptiku.

Ana shunda balki xalq orasidagi turli savol va tushunmovchiliklarning oldini olgan bo‘lisharmidi, deb yozadi bloger.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring